Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:57

Jahon moliya bozorlarida optimizm: Birja ko‘rsatkichlari rekord darajada o‘sdi


Bitcoin valyutasi birinchi marta 50 ming dollardan yuqori qiymatni qayd etdi
Bitcoin valyutasi birinchi marta 50 ming dollardan yuqori qiymatni qayd etdi

Investorlar bir yilga cho‘zilgan karantin cheklovlari ortidan COVID-19 vaksinasi barqaror iqtisodiy tiklanishga olib kelishiga umid qilar ekan, seshanba kuni global miqyosda birja ko‘rsatkichlari rekord darajada ko‘tarildi, deb yozmoqda Reyter agentligi.

Bitcoin valyutasi ham o‘sdi va uning qiymati birinchi marta 50 ming dollardan yuqori qiymatni qayd etdi.

MSCI moliya shirkatining global indeksi 0,18% ga ko‘tarilib, 686,3 ga yetdi. Seshanba kuni bozorlar ijobiy o‘sish bilan yopilsa, MSCI indeksi 2004 - yildan beri ilk marotaba 12 kun ketma-ket o‘sgan bo‘ladi.

Sarmoyadorlar banklar, energetika kompaniyalari hamda iqtisodiy tiklanishdan foyda ko‘radigan boshqa tarmoqlarga investitsiya kiritarkan, AQShda fyucherslar bozori rekord darajaga ko‘tarildi. S&P 500 fyucherslari 0,5 foizga o‘sdi.

Kuchli iqtisodiy tiklanishga bo‘lgan ishonch hamda AQShda moliya va pul-kredit siyosatining yumshatilishi ortidan AQSh, Germaniya va Buyuk Britaniya davlat obligatsiyalari ko‘tarildi. Oltin narxi ham oshdi.

AQSh G‘aznachilik departamentining 10 yillik obligatsiyalari rentabelligi 11 oy ichida birinchi marta 1.25% dan ko‘tarildi.

AQSh prezidenti Jo Bayden qo‘shimcha 1,9 trillion dollarlik iqtisodiy rag‘batlantirish dasturini joriy qilish rejasini ilgari surmoqda.

Yevropa va Osiyo bozorlari ham ko‘tarildi. Umumyevropa STOXX 600 indeksi 2020 - yil fevral oyining oxiridan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.

2020 - yilning so‘nggi choragida yevrozona yalpi ichki mahsuloti taxmin qilinganidan ozroq miqdorga qisqardi, ishsizlik darajasi esa oldingi uch oyga nisbatan pastroq bo‘ldi.

Qayta tiklanish istiqboli tufayli mahsulotlar narxlari ham ko‘tarildi. Xususan, Yevropa konchilik indeksi 2011 - yilning iyulidan beri qayd etilgan eng yuqori darajaga ko‘tarildi.

Britaniyadagi tiklanish umidlari tufayli funt-sterling so‘nggi 2,5 yil mobaynida kuzatilgan eng yuqori darajaga ko‘tarildi, yevro esa 0.3% ga o‘sdi.

Qayta tiklanishga bo‘lgan umidlar tufayli investorlar yevro va britan funti kabi xavfliroq valyutalarga o‘tar ekan, AQSh dollar pastladi.

Yevropa bozorlaridagi ijobiy o‘zgarishlarga Osiyo bozorlaridagi o‘zgarishlar ham turki bo‘ldi. Yaponiyaning Nikei indeksi 1,28% ga ko‘tarilib, so‘nggi 30 yil davomida kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.

Neft narxlari ham o‘tgan yildan beri kuzatilmagan darajaga ko‘tarildi. Bunga AQShda havo keskin sovishi ortidan energiyaga bo‘lgan talab oshgani qisman turtki bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG