Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:56

Jinoyat sahnasidagi bolalar. Ular himoyasi na qonun, na amalda bor


Toshkentda IIV xodimi huquqbuzar onani, bolasiga qo‘shib sudramoqda, 16 - iyun, 2021
Toshkentda IIV xodimi huquqbuzar onani, bolasiga qo‘shib sudramoqda, 16 - iyun, 2021

Toshkentning Yunusobod tumanida qo‘lida go‘dagi bo‘lgan ayolning IIV xodimlari tomonidan sudralayotgani aks etgan video tarmoqlarda keskin norozilik uyg‘otdi.

IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovga ko‘ra, huquqbuzarlik bo‘lgan joydagi yosh bolalar uchun maxsus chaqiriladigan profilaktika inspektorlari bor, ammo aynan Yunusobodda bunday inspektorlar ishga jalb qilinmagan.

So‘nggi paytlarda turli huquqbuzarliklar jarayonida himoyasiz qolgan yoki ota-onasi ajralgach, bolalarni MIB xodimlari majburan olib ketayotgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez tarqalmoqda.

Uzoq yillar tergovchilik qilgan sobiq IIV xodimiga ko‘ra, huquqbuzarlik bo‘lgan yoki bo‘layotgan paytda, voqea joyida bo‘lgan bolalar bilan ishlashga oid qonunchilikda belgilangan aniq huquqiy norma yo‘q, mavjud himoya tizimi esa, odatan ichki ishlar idorasida protokol imzolanganidan so‘ng ishga tushadi.

Huquqbuzar onasiga qo‘shib xo‘rlanayotgan bolalar

Toshkentning Yunusobod tumanida shahar IIB xodimlari bir ayolni qo‘lida yosh bolasi bilan sudrab, mashinaga o‘tqazishga uringani aks etgan video 16 - iyunьkuni Ozodlikka kelib tushdi.

Videoda IIBning ikki xodimi va qo‘lida, ko‘rinishidan 3 yoshdan kichik bolasi bo‘lgan bir ayol aks etgan. Organ xodimi ayolni, aftidan, mashinaga o‘tkazishga urinarkan, uni kuch bilan sudraydi va bu orada, ayolning qo‘lidagi bola ham zo‘ravonlikka nishon bo‘ladi.


Bu video e’lon qilingach, Ozodlik o‘quvchilari hamda tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Norozilar, qonunni buzgan bo‘lsa-da, onasiga qo‘shib yosh bolaga kuch qo‘llayotgan IIV xodimlariga chora ko‘rilishini talab qildi.

Toshkent IIBB blogerlarni aybladi

17 - iyun kuni Toshkent shahar IIBB, aynan Yunusoboddagi voqea videosini tarqatgan axborot vositalari va blogerlarni “voqeani bir taraflama yortitganlik”da aybladi.

Rasmiy bayonotda, bu ayolning qonunga zid ravishda tilanchilik qilayotgani, bir necha bor ogohlantirilgani, shunga qaramay “fuqarolarning rahmini keltirish maqsadida” go‘dagidan foydalanib, qonunni buzib kelgani aytilgan.

“Fuqaro ilgari ham tilanchilik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilganligi haqida ogohlantirilgan. Suhbatlar davomida unga bir necha bor ishga joylashishda yordam taklif qilingan, ammo u halol mehnat qilishning o‘rniga jazirama issiqda farzandini qiynab tilanchilik qilish yo‘lini tanladi. Hurmatli blogerlar! Balandparvoz sarlavhalar yozishdan oldin, go‘daklarning hayoti haqida o‘ylab ko‘ring: bunday holatlarda qonunbuzarlarga qarshi qonuniy choralar qo‘llanilishiga qarshi bo‘lish to‘g‘rimi?” deb e’tiroz bildirdi Toshkent shahar IIBB.

Ammo, bu bayonotda IIB xodimi tomonidan nega qonunbuzar onaga qo‘shib, yosh bolasiga ham kuch qo‘llanganiga aniq izoh berilmadi.

IIV matbuot xizmati izohi

IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovning Ozodlikka aytishicha, aslida bunaqa holatlarda voyaga yetmagan bolalarni himoya qilish mexanizmi bor va bu ish uchun maxsus kadr ajratilgan:

“Ayollar va bolalar bilan ishlaydigan maxsus profilaktika inspektori, psixologlar bor. Hodisa sodir bo‘lgan joyda yosh bolalar bo‘lsa, xodimlar ularni chaqiradi va tartibbuzar shaxsni tinchlantirish, bolasini himoya qilish uchun o‘sha yerdayoq suhbatlashiladi”.

G‘iyosov aynan Yunusobodda bu tartib ishga tushmaganini e’tirof etdi va bunda qo‘pollikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishini aytdi.

Ayni paytda, IIV matbuot kotibi ham Yunusoboddagi voqea tarmoqda tarqalgan videoda to‘liq aks etmagani, Toshkent IIBB xodimlari aynan videodagi yosh bolaning himoyasi uchun tezkor chora ko‘rishga majbur bo‘lganini urg‘uladi.

Sobiq tergovchi: jinoyat sahnasidagi bolalarga oid huquqiy norma yo‘q

Uzoq yillar Toshkent shahridagi IIBlardan birida tergovchi bo‘lgan sobiq ichki ishlar xodimiga ko‘ra, vazirlik matbuot kotibi tilga olgan bolalarni himoya qilish mexanizmi qonunbuzarlik sodir bo‘lgan yoki bo‘layotgan joyda ishga tushmaydi:

“Ayollar va bolalar bilan ishlaydigan profilaktika inspektorlari, psixologlar bor. Lekin, ular jinoyatchi yoki ma’muriy huquqbuzar ushlanib, odatda IIB binosiga olib kelinib, protokol imzolanganidan keyin jalb qilinadi. Odatda, IIB xodimlari chaqiriq bo‘lgan joyga boradi va huquq buzayotgan shaxsni o‘zini ushlab, IIBga olib keladi. Uning atrofida yoki qo‘lida bolasi bormi-yo‘qmi, bu ularni qiziqtirmaydi. Bilasizmi, hatto agar qo‘lida bolasi bo‘lsayam, uni otdelga olib kelgan tezkor guruh bolani hujjatlarga kiritmaydiyam. Masalan, mashinasi yoki telefonigacha yoziladi, lekin bola yozilmaydi. Prosto bunaqa tartib yo‘q”.

Ayni paytda advokatlik qilayotgan sobiq organ xodimi Ozodlik so‘rovidan so‘ng, jinoyatchilarni hibsga olish yoki ma’muriy huquqbuzarlarga nisbatan holatni hujjatlashtirish jarayoniga tushib qolgan bolalar bilan ishlashga oid ichki me’yoriy hujjatlarni yana bir bor maxsus ko‘zdan kechirganini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, bunday vaziyatda voqea joyidagi bolalar bilan ishlashning alohida tartibi hatto huquqiy norma sifatida ham mavjud emas:

“Men shuncha yil ishladim, jinoyat joyidagi bolalar masalasiga avval e’tibor qilmagan ekanman, to‘g‘risi. Hozir IIVdagi ichki hujjatlarga bir-bir qaradim: bunaqa alohida instruksiya yo‘q ekan. Keyin qonun hujjatlari va qarorlarga qaradim. Voyatga yetmagan bolalar bilan ishlash, qonunbuzar ayollar va ularning bolalari bilan ishlashga oid normalar bor. Hatto, voyaga yetmagan bolalar oldida sodir etilgan jinoyat uchun jazoni og‘irlashtiruvchi normalar bor. Jinoyatchilardan bolalarni Vasiiylik organi orqali himoyaga olish tartibi bor. Ammo, aynan jinoyat joyida otasi yoki onasiga qo‘shilib qolgan, ularni qo‘lida sudra-sudra bo‘layotgan bolalarni voqea joyining o‘zida ham ruhiy, ham jismoniy himoya qilish haqida alohida huquqiy norma yo‘q ekan, o‘zim ham hayron qoldim”.

Sobiq tergovchi IIV strukturasida voyaga yetmagan bolalar bilan ishlash tartibiga oid huquqiy me’yorlar belgilangan ayrim hujjatlarni sanadi:

  • “Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari to‘g‘risidagi” nizom,
  • “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun,
  • “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori,
  • O‘zbekiston Jinoyat kodeksi.

Sobiq tergovchiga ko‘ra, bu hujjatlarning barchasida ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir bo‘lgani protokol bilan tasdiqlanganidan keyin ishga tushadigan huquqiy normalar belgilangan.

"Huquqbuzarning shaxsi, manzili va oilaviy ahvoli aniqlanganidan keyingina, hujjatlarga voyaga yetmagan bolalar kiritiladi. Ungacha, ular yo‘q, deb hisoblayverishingiz mumkin. Bu jarayonda bolaga biror zarar yetib qolsa, IIV xodimi turtib yuborsayu bola jarohatlansa yoki boshqa og‘irroq oqibatlar bo‘lsa, qonunan ota-onasi javobgar bo‘ladi. Bolaga yetgan ma’naviy zarar haqidaku umuman gap-so‘z yo‘q, afsuski”, deb ta’kidladi sobiq tergovchi.

Xalqaro qonunchilik

"Bola huquqlari to‘g‘risida"gi konvensiyaning 9-moddasida, bolaning ota-onasidan turli sabablarga ko‘ra ajratilishiga oid normalar belgilangan va unda bu jarayonda bola manfaatlari va huquqlari to‘liq inobatga olinishi shartligi ta’kidlangan.

Ushbu moddaning 4-bandida, konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlatlar zimmasiga, jumladan ota-onadan birining yoki bolaning o‘zi biror sabab bilan hibsga olinishi asnosida uning umumiy ahvoliga zarar yetmasligini ta’minlash majburiyati yuklangan:

"... jumladan, ota-ona yoki ulardan biri yoxud bolaning hibsga olinishi, qamoqqa tashlanishi, mamlakatdan badarg‘a qilinishi, deportatsiyasi yoki o‘limi yuz bergan taqdirda, konvensiyaga a’zo davlatlar ota-ona, bola yoki zarur bo‘lgan taqdirda, oilaning boshqa a’zosiga zarur axborotni bolaning umumiy ahvoliga zarar yetkazmagan holda taqdim qilishi kerak".

O‘zbekiston bu konvensiyani ratifikatsiya qilgan va bu hujjat 1994 - yilning 29 - iyulidan kuchga kirgan.

XS
SM
MD
LG