Линклар

Шошилинч хабар
25 сентябр 2021, Тошкент вақти: 01:41

Jo Bayden: Prezident Putinning “real muammosi” bor


Vladimir Putin va Jo Bayden Shveysariyadagi sammitda - 16 - iyun, 2021

AQSh prezidenti Jo Baydenga ko‘ra, Rossiya 2022 - yilga belgilangan AQSh Kongressi sayloviga aralashish uchun yolg‘on axborot tarqatish usullaridan foydalanishga urinmoqda. Bu haqda u 27 - iyul, seshanba kuni Amerika razvedka xizmatlari xodimlari oldidagi chiqishida aytgan, deb xabar beradi Bloomberg.

Oq uy rahbari o‘z bayonotiga maxsus xizmatlar ma’lumotini, xususan, seshanba kuni razvedka idoralari vakillari bilan o‘tkazilgan brifing chog‘ida taqdim etilgan ma’lumotlarni dalil sifatida keltirgan. “Rossiya o‘z xatti-harakatlari bilan suverenitetimizga ochiqcha daxl qilmoqda”, degan AQSh prezidenti.

“Amerika ovozi”ning qayd etishicha, razvedka idoralari tomonidan AQSh prezidenti va uning yaqin maslahatchilari uchun tashkil etiladigan kunlik brifinglar mazmuni juda kam hollarda jamoatchilikka yetib boradi.

Baydenning bu so‘zlari o‘tgan oy u Rossiya yetakchisi bilan Shveysariyada uchrashganidan so‘ng yangramoqda. O‘shanda Bayden ham, Putin ham bo‘lib o‘tgan muzokaralarni yuqori baholab, ularni Amerika-Rossiya munosabatlaridagi taranglikni yumshatish uchun foydali va zarur, deb atagan edilar.

Seshanba kungi chiqishida Bayden Jenevada Putin bilan kechgan uchrashuvini ham esga olgan. Uning fikricha, Putinning “real muammosi” bor — bu Rossiya iqtisodiyotining zaifligidir. AQSh prezidentiga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti faqat yadroviy qurol va neft resurslariga tayanib qolgan, Rossiyaning “boshqa hech vaqosi yo‘q”.

Ayni chog‘da Bayden ushbu muammoni anglashi Putinni yanada xavfli odamga aylantirishini urg‘ulagan.

Bayden shunday mazmundagi tezis bilan chiqqan amerikalik birinchi yuqori martabali siyosatchi emas. Hozirda marhum senator Jon Makkeynning Rossiya haqidagi “benzokolonka mamlakat” degan ta’rifi mashhur bo‘lib ketgandi. Bir paytlar Baydenni o‘ziga vitse-prezident qilib olgan prezident Barak Obama esa Amerika sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotini “parcha-parcha qilgan”ini aytgan.

Razvedka hamjamiyati qarshisida so‘zlagan nutqida Jo Bayden yirik davlat bilan haqiqiy “qaynoq” urush, agar shunaqa urush chiqsa, bu katta ehtimol bilan “og‘ir oqibatlarga olib kelgan kiberhujumlar natijasi” bo‘lishini taxmin qilgan. AQSh prezidenti o‘z izohida Amerika davlat muassasalari va xususiy shirkatlariga qarshi qaratilgan kiberhujumlarning aksariyati Rossiya va Xitoy tarafidan bo‘layotganini urg‘ulagan.

Bayden kiberurushlar haqiqiy urushga aylanib ketishi mumkinligidan ogohlantirgan birinchi AQSh prezidenti emas. O‘z vaqtida Barak Obama hamda Donald Tramp ham AQSh o‘ta xavfli kiberhujumlarga javoban harbiy amaliyot o‘tkazishi mumkinligini aytishgan.

Jo Baydenning mazkur bayonoti, ekspertlar fikricha, Oq uyning kiberhujumlarga keskin javob berishga tayyorligidan dalolat beradi. Jenevada o‘tkazilgan AQSh-Rossiya sammitida Jo Bayden Vladimir Putindan Rossiya hududidan bo‘layotgan kiberhujumlarga chek qo‘yishni talab qilganidan so‘ng bunday hamlalar, aksincha, ko‘paygani aytilmoqda.

Rasmiy Moskva boshqa mamlakatlarning saylovlariga aralashish va kiberhujumlar uyushtirishga doir ayblovlarni hamisha rad qilib keladi.

AQSh Kongressining quyi palatasi bo‘lmish Vakillar palatasiga saylov 2022 yilning noyabr oyiga belgilangan. Unda 435 nafar kongressmen hamda Kolumbiya okrugi va orol hududlardan 9 nafar vakil saylanadi.

XS
SM
MD
LG