Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:09

JSST: COVID-19 Xitoydagi laboratoriyadan tarqaganini istisno qilish uchun qo‘shimcha tadqiqot zarur


Xitoy virus Uxandagi laboratoriyadan tarqagan bo‘lishi ehtimolini avval boshdan rad etib keladi
Xitoy virus Uxandagi laboratoriyadan tarqagan bo‘lishi ehtimolini avval boshdan rad etib keladi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) COVID-19 Xitoydagi laboratoriyadan tarqaganini butunlay istisno qilish uchun qo‘shimcha tadqiqotlarga ehtiyoj borligini aytmoqda.

Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus 31 - mart kuni qilgan bayonotida bu ehtimol juda ham kamligi, ammo uni butkul istisno qilish uchun ma’lumotlar hali yetarli emasligini aytdi.

Rasmiy Pekin bu nazariyani boshidan rad etib keladi. Ammo JSST rahbariga ko‘ra, tashkilot "barcha nazariyalarni ko‘rib chiqmoqda".

Xitoylik hamkasblar bilan COVID-19 kelib chiqishini o‘rgangan xalqaro olimlar guruhi qo‘shma tadqiqot asosida yozilgan hisobotni «birinchi qadam» deb atadi. Xitoy hisobotni olqishladi, AQSh va uning ittifoqchilari esa olimlar xulosalari yuzasidan xavotir izhor qildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassisi Piter Ben Embarek yetakchiligida koronavirus ilk marotaba keng tarqala boshlagan Uxan shahrida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari seshanba kuni e’lon qilindi. Dushanba kuni Associated Press agentligi o‘z diplomatik manbasidan hisobot nusxasini olib, uning xulosalari haqida xabar bergan edi.

JSST mutaxassislari virus ko‘rshapalaklardan boshqa hayvon orqali odamlarga yuqqani ehtimoli yuqori ekanini xulosa qilgan. Virus laboratoriyadan tarqalib ketgani ehtimoli esa juda oz, degan xulosaga kelingan.

Hisobot nashr etilgandan keyin AQSh va o‘ndan ortiq boshqa mamlakat hisobotni e’lon qilishdagi kechikishlar hamda olimlarga namunalar va ma’lumotlarda erkin foydalanish imkoniyati berilmagani aytib, tadqiqot haqida xavotir izhor qildilar. Ammo ularning birortasi ham Pekinni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblamadi. Xitoy bu tanqidlarga javoban tadqiqotni «siyosiylashtirmaslikka» chaqirdi.

"Xitoy JSSTga to‘liq ma’lumot bermagan"

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki Bayden ma’muriyati JSST hisobotini hali ham ko‘rib chiqayotganini aytdi. Shunday bo‘lsa-da, kotib hisobot haqida unda «hal qiluvchi ma’lumotlar yo‘q ... Shaffoflik yo‘q», dedi.

«[Hisobot] [virus] kelib chiqishi haqida olti – to‘qqiz oy oldin bizda bo‘lgan ma’lumot yoki tushunchamizga solishtirganda bizga ko‘proq ma’lumot bermadi», - dedi u jurnalistlar bilan o‘tkazilgan brifingda.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki
Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki

Bu orada AQSh Davlat departamenti 14 ta davlat imzolagani aytilayotgan bayonotni e’lon qilib, virusning kelib chiqishini aniqlash uchun ikkinchi bosqich tadqiqotni o‘tkazishga chorladi. Bayonotda koronavirus «odamlarga qanday vositalar bilan yuqqanini aniqlash uchun» hayvonlar orasida ko‘proq tadqiqot o‘tkazilishi kerakligi e’tirof etildi.

Bayonotni imzolagan mamlakatlar JSST mutaxassislari va xodimlarini pandemiyani tugatish va uning kelib chiqishini aniqlashga qaratilgan «tinimsiz» ishlari uchun olqishladi. Ammo tadqiqot mualliflari «sezilarli darajada kechiktirilgani va to‘liq, original ma’lumotlar va namunalardan foydalana olmagani» tanqidga uchradi.

Psaki Xitoy JSSTga to‘liq ma’lumot bermaganini aytdi.

Vashington va uning ittifoqchilari Xitoy hukumatini ilmiy jamoa a’zolariga ruxsat berishni juda uzoq kechiktirishda aybladi: olimlar Xitoyda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan bir yil o‘tib mamlakatga kiritildi va Uxanda atigi to‘rt hafta bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqi ham alohida bayonot e’lon qilib, tadqiqot kech boshlangani, olimlar kech Xitoyga yuborilgani hamda namunalar va ma’lumotlardan foydalanishga cheklov qo‘yilgani haqidagi xavotirlarni takrorlardi. Bunga qaramasdan, blok hisobotni «foydali birinchi qadam» deb atadi.

Hisobot e’lon qilinishi ortidan Xitoy Tashqi ishlar Pekin JSST bilan hamkorlik qilganiga urg‘u berdi.

Ben Embarekning aytishicha, ilmiy jamoa a’zolari «har tomondan» siyosiy bosimga duch kelishgan. Ammo u:

«Biz hech qachon o‘z hisobotimizdagi tanqidiy elementlarni olib tashlash uchun bosimga uchramadik», - deya qo‘shimcha qildi.

Ben Embarek bir necha hamkasbi ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida:

«Biz o‘zimiz xohlagan barcha dastlabki ma’lumotlardan to‘liq foydalana olmadik. Bu kelajakda olib boriladigan tadqiqotlar uchun tavsiya o‘laroq ko‘rsatildi», - dedi.

XS
SM
MD
LG