Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2021, Тошкент вақти: 20:49

JSST rahbari: Koronavirus laboratoriyadan tarqalgani ehtimolini istisno qilishga erta


Uxandagi P4 laboratoriyasi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adanom Gebreisus koronavirus laboratoriyadan tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi nazariya muddatidan ilgari istisno qilinganini tan oldi. Rasmiy olimlar koronavirus kelib chiqishini aniqlashga urinar ekan, Xitoyni ochiq-oydin ma’lumot berishga chaqirdi.

JSSTning qudratli a’zolarini kamdan-kam tanqid qiladigan Gebreisus COVID-19 manbasini aniqlash uchun joriy yil boshida Xitoyga tashrif buyurgan xalqaro olimlar guruhi uchun ma’lumot to‘plash mushkul bo‘lganini aytdi. COVID-19 virusini yuqtirish holatlari ilk marotaba Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgan edi.

Tedros jurnalistlarga JSST «Xitoydan shaffoflik, ochiqlik va hamkorlikni so‘ramoqda, ayniqsa pandemiyaning dastlabki kunlarida biz so‘ragan ma’lumotlar bo‘yicha», dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, virus Uxandagi hukumat laboratoriyasidan tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi nazariya muddatidan oldin chetga surilgan. Bu qarash JSSTning mart oyida e’lon qilingan hisobotiga ziddir: tashkilot o‘shanda virus laboratoriyadan tarqalgani ehtimoldan uzoq, degan xulosaga kelgandi.

«Men o‘zim laboratoriya mutaxassisi bo‘lib ishlaganman. Immunologman va laboratoriyada ishlaganman, laboratoriyada baxtsiz hodisalar ro‘y berib turadi. Bu keng tarqalgan narsa», - dedi Tedros.

So‘nggi oylarda pandemiya qandaydir yo‘l bilan laboratoriyadan boshlangani va ehtimol, sun’iy yaratilgan virus bilan bog‘liq ekani to‘g‘risidagi qarashga tobora ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.

Xitoy COVID-19 pandemiyasini laboratoriya bilan bog‘lashga qaratilgan urinishlar siyosiy asosga ega ekanini ta’kidlab, zo‘r berib bu nazariyani rad etib keladi. Pekin hatto pandemiya boshqa mamlakatda boshlangan bo‘lishi mumkinligini iddao qilmoqda. JSSTga a’zo mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlari uchun bahorda uyushtirgan yillik anjumanda Xitoy kelajakda COVID-19 virusining kelib chiqishini bo‘yicha tadqiqotlar boshqa mamlakatlarda davom ettirilishi kerakligini ta’kidladi.

Aksariyat olimlar koronavirus ko‘rshapalaklardan yuqqan, deb gumon qilmoqda. Ammo virus aynan qaysi yo‘l bilan ilk bor odamlarga yuqqani (vositachi hayvon orqalimi, yoki boshqa yo‘l bilanmi) aniqlanmagan. Odatda, Ebola yoki SARS kabi hayvon viruslarining tabiiy manbasini aniqlash uchun o‘nlab yil ketadi.

«Bizga ushbu laboratoriya holati pandemiyadan oldin va boshlanishidan keyin qanday bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumot, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot kerak», - dedi JSST rahbari.

Tedros Xitoy ushbu masala bo‘yicha to‘liq hamkorlik qilishi juda muhim ekanini ta’kidladi.

«Agar bizga to‘liq ma’lumot berilsa, [laboratoriya nazariyasini] istisno qilishimiz mumkin bo‘ladi».

Pandemiya davomida Tedros Xitoy tezkorlik bilan va yetarlicha ma’lumot berganini olqishlab keladi. Ammo JSSTning yuqori lavozimli mulozimlari xitoylik hamkasblari to‘liq ma’lumot bermayotganini aytib, xavotir izhor qilgan.

Shuningdek, ko‘plab sog‘liqni saqlash bo‘yicha mutaxassislar JSST sud-tibbiyot tahlilini tegishli tarzda o‘tkazish uchun siyosiy ta’sirga ega emasligini va BMT agentligi bir yildan oshiq vaqt davomida Xitoydan muhim tafsilotlarni ololmaganini aytib, COVID-19ning kelib chiqishini mustaqil ravishda tekshirishga chorlamoqda.

Jorjtaun universiteti professori, sog‘liqni saqlash sohasidagi huquqshunos mutaxassis Lourens Gostin Tedros Xitoyni hamkorlik qilishga chorlayotgani JSST qanchalik zaif ekanini ko‘rsatishini aytdi.

«Jahon sog‘lig‘i uchun muhim bo‘lgan ma’lumotni qo‘lga kiritish uchun JSSTning na vakolati, na siyosiy qudrati bor», - dedi Gostin.

«Tedrosning qo‘lidan minbarda turib so‘zlash keladi xolos. Ammo uning gaplariga hech kim quloq solmaydi», - dedi u.

XS
SM
MD
LG