Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:13

Kattaqo‘rg‘onda soliq rahbarini o‘ldirib qo‘yganlikda gumon qilinayotgan YPX xodimlari ustidan jinoyat ishi ochildi (VIDEO)


Aziz Ahmedov, 2021 -yil, 10 - iyunga o‘tar tunda o‘ldirilgan Kattaqo‘rg‘on tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari.
Aziz Ahmedov, 2021 -yil, 10 - iyunga o‘tar tunda o‘ldirilgan Kattaqo‘rg‘on tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari.

11 - iyun kuni Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi shu tuman Yo‘l-patrul xizmatining 4 xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (Mansab vakolatidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘ab, tergov harakatlarini boshladi.

To‘rt xodim ustidan jinoyat ishi ochilishi Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedovning o‘limi bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, Aziz Ahmedov 10 - iyun, yarim tun, soat 00.20 larda Kattaqo‘rg‘on-Payshanba yo‘lida shaxsiy avtomobilida ketayotganida YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan va ularning qo‘pol harakatlari oqibatida vafot etgan.

Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan qo‘zg‘atilgan 180012/2021-sonli jinoyat ishi materiallarida quyidagi ma’lumotlar mavjud:

10 - iyun, tungi soat 00.20 larda 1979 - yilda tug‘ilgan, Kattaqo‘rg‘on tuman DSI boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedov Kattaqo‘rg‘on-Payshanba yo‘lida o‘zining Cobalt avtomobilida (davlat raqami 30 B 572 PA) ketayotgan paytda YPXining to‘rt inspektori tomonidan to‘xtatiladi.

Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasining Samarqand viloyat prpokuraturasiga yo‘llagan operativ ma’lumoti.
Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasining Samarqand viloyat prpokuraturasiga yo‘llagan operativ ma’lumoti.

180012/2021-sonli jinoyat ishi materiallarida YPX inspektorlari: Q-ov, I-ov, R-yev va X-ovlar tergovga bergan ko‘rsatmalar qayd etilgan.

Inspektorlarga ko‘ra, soliq inspeksiyasi xodimi yo‘l qoidasini buzgan, inspektorlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan, inspektorlar u spirtli ichimlik iste’mol qilgan, degan gumonga borgan va kuch ishlatgan.

Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasining Samarqand viloyat prokuraturasiga yo‘llagan operativ ma’lumotiga ko‘ra, YPX inspektorlari o‘z tasarrufidagi avtomobilning (Spark, davlat raqami 30 X 577 SA) orqa o‘rindig‘iga soliq xizmatchisini yuztuban bosib qiynagan va natijada Aziz Ahmedov o‘lib qolgan.

Hujjatda aytilishicha, inspektorlar Aziz Ahmedovning azob bermasliklarini so‘rab baqirganiga e’tibor bermagan.

Samarqand viloyat sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, soliq xizmatchisining o‘limiga yurak o‘lchami va massasining oshishi natijasida nafas qaytishi sabab bo‘lgan.

O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi davomida soliq inspeksiyasi rahbarining yuzi va bo‘yni, tirsak va qo‘llarida jarohatdan olingan shilinmalar borligi aniqlangan.

Kattaqo‘rg‘on tuman Davlat soliq inspeksiyasining ismi sir qolishini istagan xodimlariga ko‘ra, 9 - iyun kuni Samarqand viloyat davlat soliq inspeksiyasi rahbarlari Kattaqo‘rg‘onga xizmat safari bilan kelgan.

Og‘ir ish kuni oxirida uyushtirilgan ziyofatdan so‘ng Aziz Ahmedov rahbarlarni Buxoro – Toshkent trassasiga kuzatish uchun chiqqan va qaytayotib YPX xodimlariga duch kelgan.

42 yashar Aziz Ahmedov 10 - iyun kuni asr namozidan so‘ng o‘zi yashagan Qo‘shhovuz mahallasi qabristoniga dafn etildi. Yaqinlarining aytishicha, marhumning ortida turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan bir o‘g‘li va bir qizi qoldi.

11 - iyun kuni Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan voqea aks etgan 5 daqiqa, 9 soniyali videotasvirini e’lon qildi. Videoni ko‘rgan mutaxassis unda tasvir uzluksiz emasligini, montaj alomatlari borligini Ozodlikka bildirdi.

XS
SM
MD
LG