Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:43

Kilyunen Qirg‘izistonda nomaqbul shaxsga (persona non grata) aylandi


Qirg‘iziston parlamenti qaroriga ko‘ra, O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kilyunenning bundan buyon Qirg‘izistonga kelishi, yashashi va faoliyat yuritishini ta‘qiqlanadi.
Qirg‘iziston parlamenti qaroriga ko‘ra, O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kilyunenning bundan buyon Qirg‘izistonga kelishi, yashashi va faoliyat yuritishini ta‘qiqlanadi.
Qirg‘iz deputatlari O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya raisi Kimmo Kilyunenni Qirg‘izistonga kirishini ma‘n qiluvchi qaror qabul qildilar.

26 may kuni qabul qilingan parlament qarorida aytilishicha, “Kimmo Kilyunen rahbarligidagi komissiya hisoboti Qirg‘iziston hududida va xalqaro qonunchilikda yuridik kuchga ega emas hamda Qirg‘iziston milliy xavfsizligi uchun tahdid tug‘diradi”.

Mazkur qaror parlament yig‘inida qatnashgan 96 deputatdan 95 nafari tomonidan qo‘llandi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 3 may kuni Bishkekdagi “Kabar” axborot agentligida matbuot anjumani o‘tkazgan O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya raisi Kimmo Kilyunen o‘zi rahbarlik qilgan komissiya xulosasini e‘lon qilgandi.

Mazkur anjumanda O‘sh va Jalolobod fojeasining eng asosiy sababi “etnomillatchilikka asoslangan siyosiy fanatizm” ekanini ta‘kidlagan Kimmo Kilyunen xalqaro komissiya bu xulosaga minglab hujjatlarni o‘rganganidan va 700 dan ortiq guvoh bilan suhbatlashganidan keyin kelganini bildirgandi.

Xalqaro komissiya rahbari o‘shanda O‘sh voqeasi chog‘ida halok bo‘lganlarning 74 foizi o‘zbek, 25 foizi qirg‘iz, 1 foizi esa boshqa millat vakillari ekanini, O‘sh qirg‘inini genotsid sifatida baholab bo‘lmasa-da, “xalqaro gumanitar huquq nuqtai nazaridan qaralganda, o‘zbek mahallalariga uyushtirilgan hujumlar insoniyatga qarshi jinoyat” ekanini ta‘kidlagandi hamda qirg‘iz hukumatiga vaziyatni izga solish bo‘yicha qator tavsiyalarni bergandi.

Tarkibiga turli mamlakatlardan 7 olim kirgan xalqaro komissiya iyun voqealari sabablarini o‘rganishni oktabrda boshlagan va yanvar oxirida tadqiqot uchun zarur materiallarni yig‘ib bo‘lgani to‘g‘risida e‘lon qilgan edi.

YeXHT parlament assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili, finlyandiyalik diplomat Kimmo Kilyunen yetakchiligidagi mazkur komissiya BMT, YeI va YeXHT bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish jarayonida tuzilgan. Lekin tilga olingan uch tashkilotdan birontasi ham mazkur komissiyaga o‘z mandatini bergan emas.

Komissiya faoliyatini Skandinaviya davlatlari, Yevropa Ittifoqi, AQSh va boshqa ayrim davlatlar moliyalashtirgan.

Xalqaro komissiya hisoboti huquqni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi aksar xalqaro tashkilotlar va diplomatik missiyalar vakillari tomonidan eng ob‘ektiv tadqiqot o‘laroq e‘tirof etilgandi.

Jumladan, 24 may kuni AQShning Qirg‘izistondagi elchisi Pamella Spratlen o‘z mamlakati O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya hisobotini adolatli va xolis, deb bilishi haqida bayonot bergan edi.

Biroq xalqaro komissiya hisoboti qirg‘iz jamiyatida, ayniqsa titul millat vakillari orasida yaxshi qabul qilindi, deb bo‘lmaydi. Ular mazkur hisobotga qarshi mitinglar va boshqa norozilik tadbirlari o‘tkazishda davom etmoqdalar. Ana shunday norozilik tadbirlaridan biri 26 may kuni Bishkekdagi BMT binosi oldida o‘tkazildi. Mazkur tadbirda “7 aprel” harakati rahbari va huquq himoyachisi O‘ndurush To‘qto‘nasirov O‘sh qirg‘ini bo‘yicha xalqaro komissiya hisobotini namoyishkorona yoqib yubordi.

Xalqaro komissiya xulosasini “buyurtma asosida qilingan va biryoqlama” deb baholagan To‘qto‘nasirov o‘z harakati bilan mazkur hujjatga nisbatan “butun qirg‘izistonliklarning munosabatini bildirdim”, deb hisoblaydi.
XS
SM
MD
LG