Линклар

Шошилинч хабар
11 декабр 2023, Тошкент вақти: 21:16

Kimga bayram – kimga motam


Shu yil 9 sentabrigacha Dushanbe shahar bog‘larida shaharliklar va poytaxt mehmonlari uchun har kuni tekin konsert beriladi.

Dushanbe shahar hokimi imzolagan yangi qarorga muvofiq, kechki soat oltidan so‘ng san‘at ustalari shaharliklar va mehmonlarga pulsiz xizmat qiladi.

Och bo‘ling - madaniyatli bo‘ling!

Ortda qolayotgan haftada Dushanbe shahar meri Mahmadsaid Ubaydulloyev Tojikiston mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan ana shunday qarorga kelgani ma‘lum qilindi.

- Bu tadbirdan ko‘zlangan maqsadimiz bir tomondan respublika mustaqilligining 20 yilligini oliy darajada nishonlash, ikkinchi tomondan esa fuqarolar madaniyatini yuksaltirishdan iboratdir, - deydi Ubaydulloyev janoblari muxbiringiz bilan xos suhbatda.

Endilikda shahar meri qaroriga muvofiq, poytaxt markazidagi parklarda kechki soat oltidan keyin tojikistonlik qo‘shiqchilar charchagunlarigacha kuylayapti. O‘sha parklardan biri “Xalqlar do‘stligi” parkidir.

Bu maskanga kirib, bepul tomosha ko‘rish uchun “Xalqlar do‘stligi”ga tutash “Sahovat” bozori bekatiga tushib, ikki tomoni attorlar, gul sotayotgan nafaqaxo‘rlar, tilanchilik qilayotgan ayollar va bolalar bilan to‘lgan yo‘lakchadan yurdik.

“Sahovat” bozori bilan “Xalqlar do‘stligi” orasida taxminan yuz ellikcha qadam keladi. Shu bosib o‘tgan yo‘lda 18 nafar tilanchini uchratdik.

Qariyb o‘ttiz yildan buyon urush davom etayotgan Afg‘onistonga yon qo‘shni Tojikiston mintaqadagi eng qashshoq davlatlar sirasiga kiritilgan.

Yetti million aholisining, norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, taxminan bir yarim millioni Rossiyada tirikchilik qilmoqda.

Bugun tojik rasmiylarining o‘zi ham aholining asosiy daromad manbai Rossiyadan yuborilayotgan mablag‘ ekanini e‘tirof etmoqda.

Mamlakatdagi ishsizlik ustiga so‘nggi ikki hafta mobaynida bozorlarda narx-navo ham ikki baravarga oshdi. Olti oy elektrsiz kun kechirgan tojikistonliklar bugungi kunda qimmatchilikdan qiynalishmoqda.

Ana shunday nochorlikning qoq o‘rtasida bugun tekin konsert zarurmidi?

Kimga tomoshayu kimga non qayg‘u

- Shu kungacha svyetimiz yo‘q edi, rosa qiynalib yashadik. Endi svyet bergandan buyon hammayoq qimmatchilik. Bir kilo yog‘ o‘n somoniy (2.2 AQSh dollari - tahr.) - qanday konsertga borgingiz keladi? “Kechgacha shu yerda o‘tiray, bir kilo yog‘ uchun pul topay”, deysiz. Ochlikdan hamma narsa bo‘ladi, maktabga sharoit, kiyim bo‘lmagandan keyin urush ham bo‘ladi. Endi bu, menimcha, bir o‘zlarini ko‘rsatish, bizni chalg‘itishda, - deydi “Saxovat” bozorida guruch sotib o‘tirgan hisorlik Shamsiya opa.

Shamsiya opa besh bolaning onasi ekanini, bozordan topgani bolalarining qornidan ortmayotganini qo‘shimcha qilar ekan, tekin bo‘lgan taqdirda ham konsertga bormasligini,chunki bugun uning katta eng katta qayg‘usi otasiz bolalarining qornini to‘yg‘azish ekanini aytdi.

Boshqa bir suhbatdoshimiz - 52 yoshli Xadicha aya ro‘zg‘or tashvishlarini unutish uchun ham konsertga borishini aytdi.

- Yaxshi-ku, parklarga borib, konsert eshitib, rohatlanib o‘tirsak, uyda bo‘lgan problemalarni unutamiz, - deydi Xadicha aya.

Dushanbelik suhbatdoshimiz Dilmurod esa hukumat rasmiylari xalq qornini to‘yg‘iza olmasa ham, hech bo‘lmaganda, madaniy hordiq uchun sharoit yaratib berayotganidan xursand.

- Hech bo‘lmasa, pulsiz konsert qo‘yishayapti ekanu. Yaxshi-da. Tomoshadan odamlar xursand bo‘lishadi. Men ham bola-chaqam bilan bormoqchiman. Oz bo‘lsa ham kayfiyatimiz ko‘tariladi, - deydi 34 yoshli attor yigit Dilmurod.

"Xalqning sabr kosasi to‘lgan"

Asnoda mustaqil tahlilchilar qashshoqlik domida qolgan tojik jamiyatida bunday madaniy dasturlar ozchilik tomonidan quvvatlanishini ta‘kidlaydi.

- Mamlakatimizdagi faqat 10 foiz aholiga shunday programmalar kerak. Ular dam olishlari uchun shunday tadbirlarni quvvatlaydi. Lekin aksariyat oddiy xalqning ko‘ngliga konsert ham sig‘maydi. Chunki ular tirikchilik bilan band. Ob-havoni ko‘rayapsiz, bu yil qirg‘oqchilik kelayapti. Ekinlar bo‘lmayapti, chorvaning, dehqonning ahvoli og‘ir. Hukumat hisobotlarida “Hamma narsa yaxshi, hamma narsa 100 foiz”, deb ko‘rsatiladi. Aslida-chi? Mana, bozorlardagi hamma mahsulotlar tashqaridan - Pokistondan, Xitoydan, O‘zbekistondan olib kelinayapti, - der ekan mustaqil kuzatuvchi Sardor Ochilov ochlikka yuz tutayotgan tojikistonliklarning sabr kosasi to‘lganini ta‘kidlaydi.

Shu o‘rinda aytib o‘tsak, Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida so‘nggi besh yil ichida ko‘plab mehmonxonalar va restoranlar qurildi. Markazdagi paxsa devorli uylar hashamatli saroylarga aylantirildi. Shahar ko‘chalarida xorijiy avtomobillarning eng so‘nggi modellar ham uchratish mumkin.

“Afsuski, - deydi mustaqil tahlilchi Ochilov janoblari, - buning bari sabri to‘lgan xalq ko‘ziga suqilayotgan tikondir”.

Mustaqil tahlilchi mulohazasicha, bir kun kelib, sabr-toqat tugasa, olomonni to‘xtatish uchun hech qanday madaniy dastur yordam berolmaydi.
XS
SM
MD
LG