Линклар

Шошилинч хабар
16 май 2021, Тошкент вақти: 21:40

Kiyev: Rossiyaning Azov dengizi tagidan chuchuk suv qazib chiqarish rejasi "ahmoqona g‘oya" (VIDEO)


Ishg‘ol qilingan Qrimda suv ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat 2020 - yilda juda og‘irlashdi. Havo quruq kelishi va qishda qor kam yog‘ishi qurg‘oqchilikka olib keldi, yarimorolning asosiy chuchuk suv manbai bo‘lmish Shimoliy Qrim kanali esa, mana yetti yildirki, to‘sib qo‘yilgan.

Bosib olingan Qrimdagi Rossiya ma’muriyati Azov dengizi tagida chuchuk suv zaxiralari bo‘lishi mumkinligini va tez orada yarimorolni suv bilan ta’minlash maqsadida qazib olinishini ma’lum qildi.

Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarni qayta integratsiya qilish masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Igor Yaremenko “Nastoyashchee Vremya” telekanaliga bergan intervyusida Kiyevning mazkur tashabbusga munosabati hamda Ukraina qanday shartlarda yarimorolning chuchuk suv ta’minotini tiklashi haqida so‘zlab berdi.

Vazir o‘rinbosarining fikricha, bosib olingan Qrim hukumati rahbari Sergey Aksyonovning Azov dengizi tagidan chuchuk suv qazib chiqarish rejasi “xayolotdan boshqa narsa emas” va ishg‘ol qilingan hududlar aholisini ovuntirish uchun “shunaqa cho‘pchaklarni o‘ylab topishyapti”.

“2014 - yilda ham ishg‘olchi hukumat qop-qop va’dalar bergan, jumladan, suv muammosini ham yaqin bir-ikki yil ichida hal qilmoqchi edi – qani natija? Ahmoqona g‘oyalarni jiddiy yuz bilan muhokama qilishyapti xolos. Ha, mutlaqo puch g‘oya bu”, deydi Yaremenko.

Uning aytishicha, ayni vaziyatda Ukraina tomonining Shimoliy Qrim kanaliga suv haydashni qayta boshlashi to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Yarimorolning chuchuk suv ta’minoti masalasi Ukraina Xavfsizlik kengashi qarori va prezident farmoni bilan tasdiqlangan Qrimni ishg‘oldan ozod qilish strategiyasida ham aniq-tiniq ko‘rsatilgan.

Chunonchi, hujjatning 66-bandida kanal orqali yarimorolga suv yuborish Qrim ishg‘oldan ozod bo‘lganidan keyingina tiklanishi ochiq-oydin ko‘rsatilgan.

Yaremenkoga ko‘ra, Ukrainani Qrimning suv ta’minotiga ko‘maklashishga ko‘ndirishning yo‘li bor, ammo buni Rossiya Federatsiyasi hukumati qabul qila oladimi, yo‘qmi, noma’lum. Gap – Qrimda gumanitar halokat yuzaga kelganini tan olish haqida bormoqda.

“Agarda Rossiya yarimorol aholisining ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq gumanitar halokatni tan olsa va bunga ishonch hosil qilish uchun xalqaro tashkilotlarning monitoring o‘tkazishiga ruxsat bersa, Ukraina Qrimga chuchuk suv yetkazib berishda xalqaro gumanitar tashkilotlarga ko‘maklashish imkoniyatini albatta ko‘rib chiqadi”, deydi ukrainalik mulozim.

XS
SM
MD
LG