Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:18

Klaster: O‘rtachirchiqda ikki oylik maoshini ololmagan paxta tozalash zavodi ishchilari ish tashladi


Ishchilar noroziligiga maoshlari vaqtida berilmagani sabab bo‘lgan
Ishchilar noroziligiga maoshlari vaqtida berilmagani sabab bo‘lgan

Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida klasterga aylantirilgan sobiq “Qorasuv paxta tozalash” zavodining maoshlari vaqtida berilmaganidan norozi 200dan ortiq ishchisi 16 - fevral kuni ish tashladi.

Ikki kundan beri ishga chiqmayotgan ishchilarning Ozodlikka aytishicha, ular ikki oydan buyon maosh olishmagan. Ishchilar norozilik aksiyasini ish haqlari to‘lab berilgunicha davom ettirishlarini aytishmoqda.

Zavodning hozirgi egasi Real Tex Tashkent klaster korxonasi mulozimlari ishchilar oyligini berish uchun bankdan kreditga pul olish harakatlari bo‘layotganini ta’kidlashdi.

Klasterga aylangan paxta tozalash zavodi ishchilari ish tashlagani haqida Ozodlikka ishchilarning o‘zlari xabar qildi.

“Noyabr oyligini dekabrda ikki marta bo‘lib berishdi. Shundan beri oylik yo‘q. Ishchilar norozilik bildirgandik, rahbarlar avvaliga 5 - fevral kuni maoshlar berilishiga va’da berishdi. Keyin “15 - fevral tungi soat 00:00gacha oyliklar plastik kartaga tushirib beriladi”, deb va’da berishdi. Rahbarlarning bu va’dasi ham bajarilmagach, 16 - fevral kuni ertalabdan ish tashladik”,- deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan ishchi.

Boshqa bir ishchining aytishicha, dekabr oyida ham maoshlar o‘z vaqtida berilmagani sabab ishchilar ish tashlagan va keyin oyliklarini olishga muvaffaq bo‘lishgan:

“Dekabrda ham ish tashlash qilganimizdan so‘ng oyliklarimizni plastik kartamizga tushirib berishgandi. Hozir pandemiya sharoitida ko‘pchilikning uyidagilari ishsiz qolgan. Biznikida ham faqat men ishlayapman. Bir tiyin pulsiz qoldik”.

Boshqa bir ishchi oylik berilmagani sabab pulsiz qolganini ko‘rsatish uchun plastik kartasi hisobida qancha pul borligini suratga olib Ozodlikka yo‘lladi.

Suratda karta hisobida 284,69 so‘m pul borligi ko‘rsatilgan.

“Bor pulimiz shu. Zavodga borish uchun yo‘lkiraga ham pul yo‘q. Yeb-ichishni zo‘rg‘a eplayapmiz”, deyi plastik karta egasi ekanini aytgan ishchi.

Ishchilar hisob-kitobicha, zavodda 240 nafar ishchi bo‘lib, ularning barchasi ish tashlagan.

Ozodlik suhbatlashgan ishchilarga ko‘ra, ular norozilik aksiyasini ish haqi berilmaguncha davom ettirishni rejalaganlar.

“Zavod klasterga o‘tganidan beri shu ahvol. Rahbarlar “xohlamasang ishlama” deb do‘q qilyapti. Mana endi ish tashlaganimizdan keyin zavod ikki kundan beri to‘xtab yotibdi”, - deydi zavod ishchilaridan yana biri.

“Qorasuv paxta tozalash” zavodining hozirgi egasi Real Tex Tashkent MChJ mulozimlari klaster hisobida ishchilarga pul to‘lash uchun yetarli mablag‘ yo‘qligini aytib, bankdan kredit olish harakatlari bo‘layotganini aytdi.

Ayni paytda mulozim bankning qachon klasterga kredit berishi noma’lumligi va shu bois ishchilarga oylik beriladigan kunning aniq sanasini ayta olmasligini bildirdi.

Vazirlar mahkamasining 2019 - yil 18 - martdagi qarori bilan klasterlarga aylantirilgan 50dan ziyod paxta tozalash zavodi ro‘yxatida “Qorasuv paxta tozalash” zavodi ham bor.

Ozodlik klasterlashtirishga zo‘r berish harakatlari ortidan yuzaga kelayotgan muammolar haqida shu paytgacha o‘nlab maqola e’lon qilgan.

Aynan paxta zavodlari klasterga aylantirgach maoshlari vaqtida berilmaganiga norozilik bildirgan holatlari ham ko‘p bo‘lgan.

Jumladan, “Shahrisabz-tekstil” MChJ tasarrufiga o‘tkazilgan Yakkabog‘ paxta tozalash zavodining 39 ishchisiga 8 oylik ish haqini ololmayotganiga norozilik bildirib, video chiqish qilgandi.

Ишчилар мурожаати
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:27 0:00

Toshkent viloyati Pskent tumanidagi paxta tozalash zavodi ishchilari ham zavodning klasterga aylantirilganidan va maoshlari vaqtida berilmayotganiga norozilik bildirib, video murojaat bilan chiqqandi.

Vazirlar mahkamasi paxta zavodlarining klasterlarga aylantirishga oid qarorini sohadagi “islohotlarni chuqurlashtirish va bozor munosabatlarini joriy qilish, paxta xomashyosini qayta ishlash hamda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish tarmoqlarining integratsiyalashuvini yanada kengaytirish” maqsadi bilan izohlagan.

"Taqiqlangan ish tashlash"

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 33-moddasi fuqarolarning "o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqi"ni kafolatlaydi. Unda "hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlashi" mumkinligi aytilgan.

Amaldagi qonunchilikda "taqiqlangan ish tashlash" tushunchasi mavjud, ammo "qonuniy ish tashlash" tartibi belgilanmagan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 218-moddasi "taqiqlangan ish tashlashga rahbarlik qilish yoki favqulodda holat sharoitida korxona, muassasa yoxud tashkilotlar ishiga to‘sqinlik qilganlik uchun" eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Mamlakatda ishchi-xodimlar manfaatini himoya qiladigan yoki ularning ish tashlashlarini muvofiqlashtiradigan mustaqil kasaba uyushmalari mavjud emas.

XS
SM
MD
LG