Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:19

Konstitutsiyaviy islohotlar: Oliy Majlis Qoraqalpog‘iston maqomini o‘zgarishsiz qoldirdi


Toshkentdagi parlament binosi
Toshkentdagi parlament binosi

Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi 4-iyul kungi majlisida mamlakat Konstitutsiyasi yangi tahriridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid moddalarni o‘zgarishsiz qoldirish haqida qaror qabul qildi.

Bu bilan parlamentning quyi palatasi 2-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan qarorni rasman taqdiqlagan bo‘ldi.

Qoraqalpog‘istonda Konstitutsiyaning ayni moddalariga qarshi 1-iyul kuni boshlanib ketgan ommaviy norozilik namoyishlari manzarasida Nukusga borgan prezident Mirziyoyev asosiy qonundagi mintaqaning maqomiga doir 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini aytgan edi.

Ommaviy tartibsizliklar bois Mirziyoyev 24 soat ichida Nukusga ikki marta safar qilgan. 3-iyul kungi chiqishida u ommaviy tartibsizlik chog‘ida hukumat kuchlari va tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lganini aytdi, ammo bunga oid hech qanday raqam bermadi.

Mirziyoyev Konstitutsiyaga o‘zgartishlar yuzasidan muhokamalar “qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha davom etishi”ni, O‘zbekiston, jumladan, Qoraqalpog‘iston xalqining roziligi va ma’qullovisiz hach qanday qaror qabul qilinmasligini ta’kidlagan.

U ommaviy tartibsizliklarda xorijiy kuchlarning ishtiroki borligiga ishora qilgan, ammo biron bir davlat nomini atamagan.

2-iyul kuni Qoraqalpog‘istonda 1 oylik favqulodda holat joriy etilgan. Rasmiylar mintaqada osoyishtalik tiklangani, tartibsizliklar tashkilotchilari qo‘lga olingani, vaziyat nazorat ostida ekanini aytmoqda. Qancha odam qo‘lga olingani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

Ayni paytda Oliy Majlis “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasining muddati 2022-yil 15-iyuligacha uzaytirish to‘g‘risida ham qaror qabul qilgan.

Bu haqdagi rasmiy xabarda aytilishicha, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohaza bildirishda fuqarolarning faolligi ortib borayotganligi, kelib tushayotgan takliflar soni tobora oshayotganligi umumxalq muhokamasi muddatini uzaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Konstitutsiyaga o‘zgartishlar yuzasidan umumxalq referendumi sanasi hozirgacha e’lon qilinmagan.

Referendum amaldagi prezident muddatini “nollashtirishi” va yangi prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishi kutiladi.

XS
SM
MD
LG