Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:53

2020-2021: Koronavirus cheklovlari va pandemiyadan keyingi dunyo


Yil so‘ngida koronavirus vaksinasining ma’qullanishi 2021 - yilda pandemiyadan keyingi davr boshlanishi borasida umidlarni uyg‘otdi
Yil so‘ngida koronavirus vaksinasining ma’qullanishi 2021 - yilda pandemiyadan keyingi davr boshlanishi borasida umidlarni uyg‘otdi

Qattiq koronavirus cheklovlari ba’zi davlatlarda hukumatlarga o‘z qudratlarini yanada kuchaytirish imkonini berdi. Ozarbayjon, Belarus, Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston shular jumlasidan. Huquq faollariga ko‘ra, pandemiyadan keyingi davrda suiiste’mol qilingan choralarni bekor qilish kerak bo‘ladi.

Koronavirusga qarshi vaksinaning ma’qullanishi 2021 - yilda pandemiyadan keyingi davr boshlanishi borasida umidlarni uyg‘otdi.

Ammo xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, hukumatlar qudrati haddan tashqari kuchayib ketmasligi uchun fuqaro jamiyati o‘zining pandemiyadan oldingi roliga qaytishi kerak bo‘ladi.

Erkin matbuot va mustaqil sudlov cheklangan payt korrupsiya gullab-yashnaydi

2020 - yilda joriy etilgan va ko‘pincha suiiste’mol qilingan jamoatchilik salomatligi bilan bog‘liq vaqtinchalik favqulodda choralarning bekor qilinishi uchun tiyib turish mexanizmi ishga tushirilishi lozim.

Jahonda korrupsiya darajasini kuzatib boruvchi Transparency International tashkiloti pandemiya yakkahokimlikning kuchayishi va qonun ustuvorligining zaiflashishiga olib kelishidan ogohlantirib keladi.

“COVID-19 inqirozi korrupsiyalashgan va yakkahokim rahbarlarga jamoatchilikni chalg‘itish va nazoratni kamaytirish uchun mislsiz imkoniyatlar berdi”, deyiladi aksilkorrupsiya tashkiloti hisobotida.

Qozog‘iston politsiyasi namoyishchini hibsga olmoqda - Olmaota, 6 - iyun, 2020
Qozog‘iston politsiyasi namoyishchini hibsga olmoqda - Olmaota, 6 - iyun, 2020

Transparency Internationalning aytishicha, “erkin matbuot va mustaqil sudlov kabi demokratik institutlar, fuqarolarning norozilik bildirish, hukumat xarajatlarini nazorat qilish haqlari cheklangan payt korrupsiya gullab-yashnaydi”.

Vashingtondagi Brukings instituti Yaqin Sharq bo‘yicha eksperti Shodi Hamidning aytishicha, avtoritarizm, nazariya va amaliyotda, hali pandemiyadan avval kuchayib borayotgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiyadan keyingi davrning ayrim jihatlari, jumladan, kovidni aniqlash tizimi va kuchaygan kuzatuv hukumatlar tepasidagi shaxslarning “avtoritarizmga moyilligini kuchaytirishi” mumkin.

“Pandemiya davrida va undan keyin hukumatlar inqirozdan ichki muxolifatni bostirish va fuqaro erkinliklarini cheklash yo‘lida foydalanish ehtimollari katta”, deya xulosa qiladi ekspert Brukings institutining “Dunyoni qayta ochish” deb nomlangan hisobotida.

Ammo bu tahdidlarga qaramay, Shodi Hamid pandemiyadan keyingi davrda siyosiy erkinliklarning qayta tiklanishi borasida umidbaxsh.

Ayni paytda, uning aytishicha, cheklovlarning bekor qilinishi siyosiy partiyalar, norozilar va xalq harakatlariga o‘z platformalari va manifestatsiyalarini kengroq ommaga yetkazish imkonini beradi.

“Demokratik hukumatlar esa, xuddi Tramp ma’muriyati kabi, erkin axborotni cheklash va inqirozlarni kichraytirib ko‘rsatishga harakat qilishlari mumkin, ammo javobgarlikdan qutulib qololmaydilar”.

Ekspertning fikricha, “hukumatlarning erkin axborotni bostirish harakati o‘z navbatida, matbuot, qonun chiqaruvchilar hamda fuqaro jamiyatini ularning xatolarini yanada ko‘proq fosh etishga undashi mumkin”.

Rossiya va Turkmaniston singari davlatlarda pandemiya cheklovlari bahonasida kiritilgan avtoritar choralar siyosiy raqiblarni ta’qib qilish va matbuot erkinligini cheklash yo‘lida ham ishga solindi.

Rasmiylar bu choralardan fuqaro jamiyatining ijro hokimiyatini nazorat qilish imkonlarini cheklashda foydalandilar.

Bokudagi ta’qiblar

Prezident Ilhom Aliyev hukumati ko‘rgan choralar uning yaqqol o‘rnagi bo‘la oladi.

2020 - yil martida hukumat “epidemiyaga qarshi, sanitariya-gigiyena hamda karantin qoidalarini buzganlik uchun” yangi jazo choralarini joriy qildi.Yangi jinoiy qonunchilik, jumladan, tibbiy niqob taqmaganlik uchun 3000 dollargacha jarima yoki uch yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi.

Virus tarqatganlikda aybdor deb topilganlar esa 5 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etiladi. Hyuman Rayts Uotch (HRW) tashkiloti rasmiy Bokuning kovid tarqatganlik uchun belgilagan choralari “legitim yoki virus tahdidiga mutanosib emasligi” haqida ogohlantirdi.

AQShda joylashgan inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, bu kabi qonunlarni “ozchiliklar yoki o‘zgacha fikrlovchilarga” qarshi ishlatish qulay.

Bokuda politsiya zo‘ravonligiga qarshi namoyish -- 16 - iyun, 2020
Bokuda politsiya zo‘ravonligiga qarshi namoyish -- 16 - iyun, 2020

Yoz oylarida qo‘shni Armaniston bilan o‘rtadagi Tog‘li Qorabog‘ muammosiga yechim topolmaganidan norozilik bilan birga, prezident Aliyev yuqori darajadagi korrupsiya, iqtisodiy muammolar hamda koronavirus inqiroziga qarshi yetarli chora ko‘rmagani yuzasidan bosimlar ostida qoldi.

Iyul oyida Aliyev hukumati bu tanqidlarga o‘zining siyosiy raqiblari va demokratiya tarafdorlariga qarshi ta’qiblarni kuchaytirish bilan javob qaytardi.Aliyevning xavfsizlik xizmatlari 120 dan ortiq muxolifat faollari va tarafdorlarini hibsga oldi. Ularning aksariyati Ozarbayjon Xalq Jabhasi partiyasi a’zolari edi.

Hibsga olinganlardan ikki nafari – OXJP raisi o‘rinbosari Mammad Ibrohimning o‘g‘li Mehdi Ibrohimov hamda partiya faoli Muhammad Imonli karantin qoidalarini buzishda ayblandi.HRW ning aytishicha, Imonliga qarshi “kovid tarqatish va tibbiy niqob taqmaslik bilan boshqalarning hayotini xavf ostiga qo‘yish” haqidagi ayblar soxtalashtirilgan.

Ikkinchi faol – Ibrohimov esa politsiya tomonidan koronavirus yuqtirgani holda ruxsat etilmagan ko‘cha namoyishida ishtirok etishda ayblangan.Ammo Ibrohimovning advokatiga ko‘ra, uning iyuldagi namoyishlardan keyin olingan kovid testi salbiy natija ko‘rsatgan.

Amalda, advokatning aytishicha, rasmiylar Ibrohimov muxolifat partiyasi rahbarining o‘g‘li ekanini bilganlaridan keyin unga qarshi ayblov e’lon qilishgan.

Belarus chegaralari

Tanqidchilar Belarusning yakkahokim rahbari Aleksandr Lukashenkoni koronavirus cheklovlaridan o‘z rejimiga qarshi ommaviy namoyishlarni bostirishda ayblashadi.Aslida koronavirus cheklovlari rasmiy Minskning siyosiy ta’qiblarni kuchaytirish yo‘lida qo‘llagan choralaridan faqat bittasi, xolos.

“Vesna” inson huquqlari guruhiga ko‘ra, 2020 - yilda Belarus muxolifatining prezidentlikka nomzodlari, ularning jamoasi hamda namoyishchilarga qarshi siyosiy sabablar bilan 900 dan ortiq jinoyat ishlari ochilgan.

Prezident Lukashenko Belarus IIV maxsus kuchlarini taqdirlamoqda - Minsk, 30 - dekabr, 2020
Prezident Lukashenko Belarus IIV maxsus kuchlarini taqdirlamoqda - Minsk, 30 - dekabr, 2020

Davom etayotgan kundalik namoyishlar Lukashenkoning 26 yillik boshqaruviga eng yirik tahdiddir. Namoyishlar 2020 - yil 9 - avgustdagi prezident saylovlarida Lukashenko oltinchi bor g‘olib deb e’lon qilinishi ortidan boshlanib ketdi.

Bir necha oy davomida koronavirus xavfini mensimay kelgan Lukashenko muxolifat va ko‘chalarga chiqqan yuz minglab namoyishchilarni “xorijdagi kuchlarning qo‘g‘irchoqlari” sifatida aybladi. 1 - noyabrda militsiyaning oylab davom etgan ta’qiblari aksilhukumat namoyishlarini bostirolmagani ortidan Belarus davlat chegaralarini yopib qo‘ydi.

Rossiyadagi kuzatuvlar

Moskvada esa, koronavirus pandemiyasi Rossiyaning o‘z fuqarolarini kuzatuvchi davlat sifatidagi imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

Rossiya rasmiylari tanqiddan kovid pandemiyasidan ham ko‘proq qo‘rqishlarini ko‘rish hayratlanarli

Davlat Dumasi mart oyida Bosh vazir Mixail Mishustinga aholi salomatligini saqlash maqsadida mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etish vakolatini beruvchi qonunni ma’qulladi. Qonun, shuningdek, “tabiiy hamda texnogen vaziyatlar chog‘ida” bilib turib, soxta axborot tarqatganlik uchun" 5 yilgacha qamoq jazosini ko‘zda tutadi.

Koronavirusga qarshi choralarni buzganlar uchun esa 7 yillik qamoq jazosi belgilandi. Aprel oyiga kelib prezident Putin mintaqalar hukumatlariga koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar joriy qilish vakolatini berdi.

Bu vakolatlar, tahlilchilarga ko‘ra, Kremlni pandemiyadan keyingi davrda ham cheklovlar doimiy bo‘lib qolishi borasidagi tanqidlardan o‘zini himoya qilish imkonini bergan. Ayni paytda Moskva o‘zining koronavirusga qarshi choralari borasidagi erkin axborot oqimini cheklash vakolatini qo‘lga kiritdi.

Aprelь oyida koronavirusga qarshi kurashda sog‘liqni saqlash tizimi kamchiliklarini o‘rtaga chiqargan Rossiya Shifokorlar assotsiatsiyasi rahbari Anastasiya Vasilyeva hibsga olindi.

“Rossiya rasmiylari tanqiddan kovid pandemiyasidan ham ko‘proq qo‘rqishlarini ko‘rish hayratlanarli”, - deydi Xalqaro Amnistiyaning Rossiya bo‘yicha direktori Natalya Zvyagina. Uning xulosa qilishicha, Vasilyevani hibsga olish bilan Rossiya rasmiylari “o‘zlarining haqiqiy motivlari”ni fosh qilishgan.

Moskvada matbuot va so‘z erkinligini cheklashga qarshi norozilik namoyishi chog‘ida o‘nlab jurnalistlar hibsga olindi - 7 - iyun, 2020
Moskvada matbuot va so‘z erkinligini cheklashga qarshi norozilik namoyishi chog‘ida o‘nlab jurnalistlar hibsga olindi - 7 - iyun, 2020

Rossiya Davlat Dumasi, shuningdek, hukumat koronavirusga qarshi ko‘rgan choralari borasidagi axborotlari tufayli Ozodlik/Ozod Yevropa radiosi doxil xorijiy ommaviy axborot vositalariga qarshi ta’qiblarni ham kuchaytirdi.

Iyul oyida Moskvada matbuot va so‘z erkinligini cheklashga qarshi norozilik namoyishi chog‘ida o‘nlab jurnalistlar hibsga olindi. Hyuman Rayts Uotchning aytishicha, ko‘pgina hollarda namoyishchilarga kovid bilan bog‘liq qoidalarni buzganlik to‘g‘risidagi soxta ayblar qo‘yilgan. HRW ning Rossiya bo‘yicha tadqiqotchisi Damelya Aitkojinaga ko‘ra, ushbu choralar “repressiyalarni yangi darajaga ko‘targan”.

Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasidagi Xabarovsk shahrida esa koronavirus cheklovlari qotillikda ayblangan xalq gubernatori tarafdorlarining namoyishini bostirish yo‘lida ishlatildi. Namoyishchilarga ko‘ra, gubernatorga qarshi ayblovlar Kremlning yordami bilan uning mahalliy raqiblari tomonidan to‘qib chiqarilgan.

Ammo cheklovlarga qaramasdan namoyishchilar to‘planishda va Putin iqtidori hamda Moskvaning o‘z irodalarini mensimaganiga qarshi norozilik bildirishda davom etdilar.

O‘zbekistondagi axborot nazorati

2016 - yil sentabrida hokimiyatga kelgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov davridagi avtoritar boshqaruv bilan bog‘liq cheklovlarni bir qadar yumshatgani uchun xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan olqishlanadi.

Koronavirus statistikasi va aholining gaz-svet muammosi 2020 - yil noyabrida O‘zbekistonda matbuot regulyatori - AOKA bilan qator mustaqil nashrlar o‘rtasidagi ziddiyatga sabab bo‘ldi
Koronavirus statistikasi va aholining gaz-svet muammosi 2020 - yil noyabrida O‘zbekistonda matbuot regulyatori - AOKA bilan qator mustaqil nashrlar o‘rtasidagi ziddiyatga sabab bo‘ldi

Ammo koronavirus inqirozi mamlakatning endi bo‘y ko‘rsatayotgan mustaqil matbuoti bilan OAVni nazorat qiluvchi davlat idorasi – Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) o‘rtasida tanglikni keltirib chiqardi.

Rasmiylar avvaliga O‘zbekiston koronavirusga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borayotganini iddao qildilar. Ammo yoz oylariga kelib, ayrim mahalliy nashrlar hukumat berayotgan rasmiy raqamlarni savol ostiga ola boshladi. Ular koronavirus tarqalishi va qurbonlar soni borasidagi ma’lumotlarni sinchkovlik bilan tahlil qilishdi.

Noyabr oyi oxiriga kelib AOKA direktori Asadjon Xodjayev bu kabi ma’lumotlarni tarqatgan nashrlarni “jiddiy oqibatlar”dan ogohlantirdi. Bu esa koronavirus inqirozi O‘zbekistonni Islom Karimov davridagi avtoritar boshqaruvga qaytarishi mumkinligidan xavotirlarni paydo qildi.

Qozog‘istonda namoyishlarning cheklanishi

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev may oyida fuqarolarning tinch namoyish o‘tkazish haqlarini cheklovchi qonunni imzoladi. Pandemiyaning birinchi to‘lqini davrida kuchga kirgan yangi qonun namoyishda qancha odam to‘planishi va qayerlarda to‘planish mumkinligini belgilaydi.

Tanqidchilarga ko‘ra, yangi cheklovlar va byurokratik to‘siqlar norozilik namoyishidan avval rasmiylardan ruxsat olishni ham o‘z ichiga oladi. Rasmiylar esa namoyishlarni o‘tkazmaslik uchun ko‘plab sabablarni keltirishlari mumkin.Hukumat koronavirus cheklovlaridan jamoatchilikning yangi tartibga qarshi noroziligini bostirish yo‘lida ham foydalandi.

Qozog‘iston va tashqarisidagi inson huquqlari faollariga ko‘ra, yangi qonun mamlakatning xalqaro majburiyatlariga zid.

Qirg‘izistondagi davlat to‘ntarishi

Pandemiyaga qadar Qirg‘iziston Parijdagi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti tarafidan Markaziy Osiyodagi matbuoti eng erkin davlat sifatida ko‘rilardi. Ammo 22 - martda e’lon qilingan favqulodda vaziyat va karantin tufayli Qirg‘izistonning nisbatan ochiq jamiyatida cheklovlar ko‘paydi.

4 - oktabrdagi parlament saylovlaridan keyin boshlanib ketgan zo‘ravonliklar ortidan Qirg‘iziston hukumati Bishkekda favqulodda holat joriy qildi - Qirg‘iziston, 12 - oktabr,2020
4 - oktabrdagi parlament saylovlaridan keyin boshlanib ketgan zo‘ravonliklar ortidan Qirg‘iziston hukumati Bishkekda favqulodda holat joriy qildi - Qirg‘iziston, 12 - oktabr,2020

Ko‘pgina mustaqil OAVlar favqulodda choralar ostida poytaxt Bishkek va boshqa mintaqalarda erkin harakatlanishga imkon beruvchi akkreditatsiyani qo‘lga kiritishda qiyinchiliklarga duch kela boshladi.

Qirg‘izistonning 4 - oktabrdagi ziddiyatli parlament saylovlari ortidan koronavirus cheklovlariga qaramasdan, zo‘ravon namoyishlar boshlanib ketdi.

Siyosiy qarama-qarshiliklar prezident Sooronbay Jeenbekov hukumatining qulashi va yangi saylovlarni e’lon qilishga olib keldi. Bishkekda namoyishlarni taqiqlovchi favqulodda holat joriy qilindi.

Turkmaniston kulgi qilindi

Dunyoning eng avtoritar davlatlaridan bo‘lgan Turkmanistonda matbuot hech qachon erkin bo‘lgan emas. Shu bois prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatga bironta ham koronavirus infeksiyasini kiritmagani haqidagi iddaosining dunyoda kulgi ostiga olinganidan ajablanmasa ham bo‘ladi.

Turkmanistonliklar Ozodlik bilan suhbatda mamlakat shifoxonalari abgor bo‘lgani uchun kasalxonalarga murojaat qilmaganliklarini aytishgan.
Turkmanistonliklar Ozodlik bilan suhbatda mamlakat shifoxonalari abgor bo‘lgani uchun kasalxonalarga murojaat qilmaganliklarini aytishgan.

Rasmiy Ashxobodning hali-hanuz Turkmanistonda koronavirus yo‘qligi haqidagi iddaosi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimiga ishonchdan ko‘ra ko‘proq Berdimuhamedovning avtoritar boshqaruvi natijasidir.Avgust oyi boshida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Berdimuhamedov o‘z ekspertlariga mamlakatda koronavirus infeksiyasi yo‘qligini tekshirishga izn berganini e’lon qildi.

JSST mintaqaviy direktori prezident Berdimuhamedov tashkilot hay’atiga mustaqil koronavirus testlari o‘tkazish va ularni JSST laboratoriyasida tekshirishga “ruxsat bergani”ni ma’lum qildi.

Ammo oradan to‘rt oydan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Turkmaniston prezidenti hanuz va’dasini bajargani yo‘q. Turkmanistonliklar Ozodlik bilan suhbatda mamlakat shifoxonalari abgor bo‘lgani uchun kasalxonalarga murojaat qilmaganliklarini aytishgan.

Ulardan ayrimlari kasalxonaga o‘zlari bilan birga ko‘rpa-to‘shak, oziq-ovqat va hatto isitish uchun o‘tin ham olib borganliklari haqida aytib berganlar.

XS
SM
MD
LG