Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:19

Koronavirus haqida hanuz javobsiz qolayotgan 10 savol


Koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Uxan shahri - 7 - dekabr, 2020
Koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Uxan shahri - 7 - dekabr, 2020

Insoniyat COVID-19 bilan yonma-yon yashay boshlaganiga bir yildan oshgan bo‘lsa-da, bu kasallik haqida hali juda oz narsa bilamiz. Holbuki, jahon siyosatchilari, epidemiologlar, farmatsevtlar hamda jurnalistlar dunyo koronavirus bilan bog‘liq yangi falokatlarga yo‘liqajagini bashorat qilishmoqda.

O‘tgan hafta bir tomondan Yevroittifoq, ikkinchi tomondan esa Buyuk Britaniya hukumati hamda AstraZenesa Britaniya-Shvetsiya shirkati o‘rtasida “vaksinalar urushi” boshlangan edi. Bu YeI aholisining koronavirus qarshisidagi xavfsizligini savol ostida qoldiradi. Ayni paytda 453 million kishi istiqomat qiluvchi Yevropa Ittifoqida sakkiz milliondan kamroq aholi — aksariyati vrachlar, ijtimoiy xizmatchilar hamda qariyalar — vaksinatsiya qilingan, xolos. Birlashgan Yevropada pandemiya boshlanganidan beri koronavirus yuqtirganlar soni 19 millionga yetayozgan, qurbonlar soni esa qariyb 450 mingni tashkil qiladi.

Ushbu manzarada Bill Geytsning yaqinda bergan bayonoti ko‘pchilikni sarosimaga soldi: Microsoft asoschisi jahonda navbatdagi, mutlaqo yangi kasallik pandemiyasi yuz berishi muqarrarligi va u 35 foizlik o‘lim darajasi bilan hozirgisidan o‘n chandon yomonroq bo‘lishini aytdi. Geytsning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus tabiiy ofatlar yoki iqlim o‘zgarishi singari kundalik hayotimizning bir qismiga aylanadi.

Quyida SARS-CoV-2 koronavirusiga oid va hozircha hech kim aniq javob bera olmagan 10 asosiy savolga to‘xtalamiz:

Коронавирус болаларга қандай таъсир кўрсатади ва қандай тарқалади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:04 0:00

1. Virus qanday paydo bo‘ldi?

SARS-CoV-2 bizga Xitoy ko‘rshapalaklaridan yuqqani to‘g‘risidagi asosiy faraz o‘zgargani yo‘q. Koronaviruslar ko‘rshapalaklarning doimiy hamrohi bo‘lib, ulardan ba’zi bir turlari allaqachon epidemiya chiqarib ulgurgan, masalan, 2002 - yilda. Biroq yangi koronavirus insonga yuqishidan burun qaysidir hayvon turini “makon tutgan” bo‘lishi kerak — ana shu oraliq “manzil”ni qidirib topish bo‘yicha ishlardan hanuz natija bo‘lmayapti. 2020 - yil boshlarida virusning odamlarga tarqalish nuqtasi, deb topilgan Uxan bozorida sotiladigan jonivorlar ustida o‘tkazilgan tahlillar ham uni aniqlashga yordam bermadi. Bir qancha olimlar esa “nima bo‘lganda ham virus ushbu shaharda sun’iy yaratilib, tasodifan nazoratdan chiqib ketgan, XXR hukumati virus haqida dunyoga ma’lum qilishdan ancha avval hammasini bilar edi”, deya taxmin qilishadi.

2. Yangi pandemiya kelib chiqqan taqdirda u qanday tugaydi?

Tibbiyotchilarning fikricha, agarda dunyo mamlakatlarining hukumatlari qator majburiyatlar bosimi ostida “koronavirus bilan yonma-yon yashash” strategiyasini tanlashsa, kelgusi yozdayoq deyarli barcha davlatlarda kasallanish darajasi 2020 - yilning mazkur davri ko‘rsatkichidan sezilarlicha oshib ketadi. Eng avvalo, qo‘shimcha xatar omillariga ega bo‘lmagan (va ayni shu vajga ko‘ra emlanmagan) yoshlar xavf ostida qoladi. Bu Yevropani o‘z yondashuvini o‘zgartirishga, 2020 - yil boshlarida koronavirus tarqalishini cheklash uchun nihoyatda qattiq chora-tadbirlarni qo‘llagan, hatto bemorlarni uylariga qamab qo‘ygan va 24 soatlik komendantlik soati joriy etgan Osiyo davlatlaridan o‘rnak olishga majbur etishi mumkin.

3. O‘lim darajasi qanaqa?

COVID-19 dan umumiy o‘lim darajasi hozircha, kasallanganlar umumiy sonining 0,5 dan 1 foizigacha o‘zgarib turadi, ammo o‘lim darajasi kasallanganlarning yoshiga bevosita bog‘liq. 80 yoshdan kattalarda u 25 dan 50 foizgacha; 50 dan 70 yoshgacha kishilar orasida esa 10 foizga yetadi. 50 yoshgacha aholi orasida koronavirusdan o‘lim — mingtadan bitta holatda uchraydi va bu oddiy grippning o‘lim ko‘rsatkichlari bilan qariyb baravardir.

4. Yangi koronavirus qay tariqa tarqaladi?

COVID 19: Пандемиянинг иқтисодий таъсири, бепул вакцина, вирус қачон йўқолиши ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:55 0:00

2020 - yil yozidan beri bu borada bir necha yirik tadqiqot e’lon qilingan bo‘lsa-da, mazkur savolning qat’iy javobi hanuz yo‘q. Bir qator shifokorlar, kasallik yuqishining asosiy yo‘li bu tupuk tomchilari (masalan, o‘pishganda va umumiy idish-tovoqdan foydalanganda) ekaniga, ayni chog‘da aerozolli yo‘l (yoningizda bemor aksirishi yoki yo‘talishi) kamroq xatar tug‘dirishiga ishonadilar. Shuningdek, tibbiyot olami “SARS-CoV-2 kirlangan yuza orqali yuqadimi-yo‘qmi, bunda virus qancha vaqtgacha faol va yashovchan qoladi”, degan savollarga ham yakdil javob bera olmaydi.

5. Kasallikni davolasa bo‘ladimi? Qanday qilib?

O‘tgan bir yil davomida tibbiyot vakillari bemorlarda, ilgari boshqa kasalliklarda qo‘llanilgan chamasi barcha ma’lum va mashhur usullarni sinab ko‘rishdi — aksari hollarda aytarli ijobiy natijaga erishishgani yo‘q. Xloroxin va gidroksixloroxindan deksametazongacha, ivermektindan kolxitsingacha sinab ko‘rildi. Biroq ayrim holatlarda mazkur dorilar og‘ir ahvoldagi bemorlar orasida o‘lim darajasini va o‘pkaga havoni sun’iy yetkazib berishga ehtiyojni kamaytirishi ayon bo‘ldiki, olimlar bu vaziyatni ham ilmiy izohlay olishmayapti.

6. Immunitet qancha vaqtgacha saqlanadi?

Tadqiqotlarda tasdiqlandiki, COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarning qariyb 95 foizida kasallikning og‘irlik darajasiga qarab kamroq yoki ko‘proq miqdorda antijismlar hosil bo‘lar ekan. Antitanachalar virusning eng yengil turini kechirgan odamlar tanasida ham ishlab chiqariladi. Biroq shifokorlar qayta xastalanishdan saqlanish uchun qancha miqdorda antitanachalar zarur bo‘lishini hamon bilishmaydi.

7. Nega kasallik ba’zan jiddiy, ba’zan esa yengil kechadi?

O‘tgan bir yil mobaynida shifokorlar “kasallik kechishining klinik manzarasi yomonlashuvi organizmning immun reaksiyasiga bog‘liq, ammo bu reaksiyani oldindan bilib bo‘lmaydi”, degan xulosaga kelishdi. Birmuncha vaqt muqaddam “tsitokin bo‘roni”, ya’ni yallig‘lanish chog‘ida hujayrada signallarning uzatilishiga javobgar bo‘lgan oqsillarning haddan ortiq faolligi ko‘p bemorlar o‘limining bosh sababchisi deb taxmin qilingan edi. Endilikda esa yangi nazariya paydo bo‘lgan: unga ko‘ra, asosiy “aybdor” — “autoantitanachalar”, ya’ni qanchalik g‘alati bo‘lmasin, o‘zi yashaydigan organizmga qarshi harakat qiluvchi spetsifik antitanachalar ekan.

Жаҳон банки: COVID-19 пандемияси 60 миллион кишини ўта қашшоқ аҳволга тушириб қўйиши мумкин
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:35 0:00

8. Yangi koronavirus xavfli mutatsiya bo‘ladimi?

O‘tgan yilning dekabrida Britaniyada aniqlangan SARS-CoV-2 yangi koronavirusi avvalgisiga nisbatan 70 foizga yuqumliroqdir. Ammo o‘lim darajasi va kasallikning og‘ir yoki yengil kechishi nuqtai nazaridan uning xavfliroqligini ko‘rsatadigan biron-bir ma’lumot yo‘q. JARda o‘tgan yili oktabrda virusning boshqa mutatsiyasi — 501.V2 shtammi paydo bo‘lgandi. Ushbu tur hozirda butun Janubiy Afrika bo‘ylab tarqalgan.

G‘arb mamlakatlarida aholini emlashda qo‘llanayotgan vaksinalarning bir afzalligi mavjud: ular yordamida ishlab chiqarilgan antitanachalar zarur bo‘lganda virusning yangi shtammlariga oson moslasha oladi. Har holda, ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bizni shunga ishontirishmoqda.

9. Kasallik tarqalishida bolalar qanday rol o‘ynaydi?

Chunonchi, Jeneva universitetida 0 dan 18 yoshgacha bo‘lgan 1000 nafar bolalar va o‘smirlar ustida o‘tkazilgan tadqiqotlarda isbotlandiki, 6 yoshdan katta bolalarning kasallik yuqtirish darajasi (23 foiz) aholi o‘rtasidagi umumiy kasallanish darajasi (22 foiz) bilan qariyb bir xil ekan. “Bolalardagi tasdiqlangan holatlar soniga qarab, ular kasallikni yuqtirmasligi to‘g‘risida xulosa qilib bo‘lmaydi. Ular ko‘proq virusning simptomsiz kechadigan turlariga chalinishlari bois kattalarga qaraganda ancha kam testdan o‘tkaziladi. Binobarin, bir savol javobsiz qolayotir: bolalarning jamiyatda kasallik tarqalishidagi haqiqiy ulushi qanday?” — deydi universitetning Populyatsiyalar epidemiologiyasi laboratoriyasi bo‘lim boshlig‘i Silviya Stringini.

10. Uy jonivorlari kasallik tashiydimi?

SARS-CoV-2 bilan kasallangani tasdiqlangan hayvon turlari ro‘yxati kengayishda davom etmoqda — ular orasida kuchuk, mushuk, qoraqo‘zan, shuningdek, hayvonot bog‘ida saqlanadigan sher, yo‘lbars va gorillalar bor. Bu, infeksiya odamdan hayvonga o‘tishi mumkinligi (“ters zoonoz” hodisasi)ni, ayniqsa, yirtqichlar, jumladan suvsarlar oilasi vakillari virusga nisbatan ta’sirchan bo‘lishini tasdiqlaydi. It va mushuklar orasida SARS-CoV-2 tarqalishi ko‘lami ancha tor bo‘lsa, qoraqo‘zan boqiladigan fermalarda virus juda tez tarqalishi kuzatilyapti. Xususan, Daniyada kasallangan bir necha million jonivorni o‘ldirishga to‘g‘ri kelgan edi.

XS
SM
MD
LG