Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2021, Тошкент вақти: 02:19

Koronavirusdan o‘lgan amerikaliklar soni 1918 – 19 - yillardagi gripp qurbonlari soniga yetdi


Pandemiya hanuz AQSh va dunyoning boshqa qismlarida jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.

COVID-19 virusi tufayli nobud bo‘lgan amerikaliklar soni 1918 – 19 - yillardagi ispan grippi pandemiyasi qurbonlari soniga yetdi: bugunga qadar koronavirus taxminan 675 000 nafar amerikalik umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda The Associated Press agentligi xabar bermoqda.

Bir asr oldin AQSh aholisi hozirgidan to‘rt baravarga oz bo‘lgan. Boshqacha qilib aytganda, ispan grippi aholining ancha katta qismini qirgan. Ammo COVID-19 inqirozi ham yirik fojiadir, ayniqsa so‘nggi asr davomida erishilgan ilmiy yutuqlar hamda mavjud vaksinalardan maksimal darajada foydalanilmayotgani e’tiborga olinsa.

Ispan grippi singari, koronavirus ham oramizdan butunlay yo‘qolmasligi mumkin. Buning o‘rniga, olimlar emlash va takroriy infeksiya orqali odamlar immuniteti kuchayishiga va koronavirus yengil mavsumiy kasalga aylanishiga umid qilmoqda. Bu esa vaqt talab qilishi mumkin.

«Umid qilamizki, bu shamollash kabi bo‘ladi, lekin bunga hech qanday kafolat yo‘q», dedi Emori universiteti biologi Rustom Antia. Uning so‘zlariga ko‘ra, eng yaxshi holatda bu bir necha yil ichida amalga oshishi mumkin.

Pandemiya hanuz AQSh va dunyoning boshqa qismlarida jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.

Koronavirusning delta shtammi keltirib chiqargan to‘lqin susaya boshlaganiga qaramasdan, AQShda kuniga o‘rtacha 1900 o‘lim qayd etilmoqda. Bu esa mart oyining boshidan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni mamlakatda koronavirusdan nobud bo‘lganlarning umumiy soni 675000 dan oshdi. Aslida bu raqam bundan ham yuqori ekaniga ishoniladi.

Qish kelishi bilan virus yuqtirish holatlari yanada ko‘paya boshlashi mumkin. Vashington universiteti ishlab chiqqan model 1 - yanvargacha yana 100000 amerikalik virusdan nobud bo‘lishini bashorat qilmoqda.

1918 – 19 - yillardagi gripp pandemiyasi 50 million odam umriga zomin bo‘lgan. O‘shanda dunyo aholisi hozirgidan to‘rt baravarga oz bo‘lgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab COVID-19 tufayli o‘lganlar soni 4,6 milliondan oshib ketdi.

Ispan grippidan AQShda nechta odam o‘lgani taxmin xolos, chunki o‘sha paytda kasallik sababi yaxshi tushunilmagan hamda mukammal qaydlar olib borilmagan. 675 000 raqamini AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari hisoblab chiqqan.

Agar virus mutatsiyalar orqali asta-sekin zaiflashsa va inson immuniteti tobora ko‘proq uni nishonga olishni o‘rgansa, COVID-19 pandemiyasi chekina boshlashi mumkin. Inson immunitetini kuchaytirishning asosiy yo‘llari emlash va infektsiyadan omon qolishdir. Emadigan chaqaloqlar onasidan qisman immunitet oladi.

Ushbu optimistik ssenariyga binoan, maktab o‘quvchilari yengil kasallanadi, bu esa ularning immunitet tizimini yangi infeksiyalarga hozirlaydi. Bolalar ulg‘ayar ekan, ularning immuniteti javob reaksiyasini eslab qoladi. Natijada ular keksa yoshga yetganlarida, koronavirus shamollash virusidek bo‘lib qoladi.

Bu emlangan hozirgi o‘smirlarga ham tegishli: ularning immun tizimi vaksinalar va yengil infeksiyalar orqali kuchayib boradi.

«Hammamizga yuqadi», deb bashorat qildi Antia.

«Asosiy masala – infeksiya og‘ir ekani yoki yo‘qligi».

1918 – 19 - yillardagi pandemiya sababchisi H1N1 gripp virusi qismati shunday kechgan. Virus immunitetga ega bo‘lgan odamlarga duch kelgan va mutatsiya natijasida zaiflashgan. H1N1 bugungi kunda ham mavjud, ammo infeksiya va emlash ortidan odamlarda hosil bo‘lgan immunitet tufayli virus jiddiy xavf tug‘dirmaydi.

Hozirgi kunda har yili grippga qarshi emlanib, H1N1 va boshqa gripp shtammlaridan o‘zingizni himoya qilishingiz mumkin. Gripp har yili 12 000 dan 61 000 gacha amerikalik umriga zomin bo‘ladi, lekin, umuman olganda, bu mavsumiy muammo va uni hal qilish mumkin.

COVID-19 boshlanishidan oldin 1918 – 19 - yillar grippi butun insoniyat tarixidagi eng yomon pandemiya hisoblanardi. Koronavirus pirovardida yanada ko‘proq odam umriga zomin bo‘ladimi-yo‘qmi, noma’lum.

Ko‘p jihatdan 1918 – 19 - yillar grippi mudhishroq bo‘lgan. Shu o‘rinda aytish joizki, pandemiyaga ispan grippi nomi berilgani noto‘g‘ri, chunki kasallikni birinchi marta Ispaniya matbuoti keng yoritgani uchungina unga shu nom berilgan.

Birinchi jahon urushi tufayli butun dunyo bo‘ylab tarqalgan virus ko‘plab yosh, sog‘lom odam umriga zomin bo‘lgan. Uni sekinlatish uchun vaksina yo‘q bo‘lgan, ikkilamchi bakterial infeksiyalarni davolash uchun antibiotiklar bo‘lmagan.

Uchoqlar orqali sayohat qilish imkoniyati hamda ommaviy migratsiyalar hozirgi pandemiya oqibatlari yanada ayanchli bo‘lishiga turtki bo‘lishi mumkin. Dunyoning ko‘p qismi hali-hanuz emlangani yo‘q. Qolavera, koronavirus kutilmagan hodisalarga boy bo‘ldi.

Michigan universitetining tibbiy tarixchisi doktor Xovard Markel pandemiya keltirib chiqarayotgan muammolar ko‘lamidan doimo hayratda ekanini aytdi.

«Men [Xitoy hukumati boshida joriy qilgan] karantinlar ko‘lamidan lol qoldim», dedi u.

AQShda emlash jarayoni sekin kechayotgani uni hayratlantirayotgan yana bir narsadir.

AQSh aholisining 64 foizidan kamrog‘i kamida bir doza vaktsina olgan. Vermont va Massachusets shtatlarida bu ko‘rsatkich taxminan 77 foizni, Aydaho, Vayoming, G‘arbiy Virjiniya va Missisipida esa 46 – 49 foizni tashkil qiladi.

Our World in Data nashri ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining qariyb 43 foizi kamida bir doza olgan. Ba’zi Afrika davlatlarida endigina birinchi dozalarni berish boshlangan.

«Biz bilamizki, barcha pandemiyalar tugaydi», dedi Milliy sog‘liqni saqlash institutlarining shoshilinch tibbiy yordam tadqiqotlari direktori doktor Jeremi Braun.

Braunning so‘zlariga ko‘ra, agar ko‘proq odam tezroq emlanganida, AQShda o‘limlar soni ancha ozroq bo‘lgan bo‘lardi.

«Vaziyatni o‘zgartirish uchun bizda hali ham imkoniyat bor», dedi Braun.

Hozirgi kungacha ma’qullangan vaksinalar shu paytgacha yuzaga kelgan virus variantlari og‘ir kasallik keltirib chiqarishi va o‘limga olib kelishi oldini olishda juda samaralidir.

Antia olimlar virusga vaksina ta’sir qilmay qo‘yishi yoki emlanmagan bolalarda og‘ir kasalliklarni keltirib chiqarishi oldini olish uchun kurashishi kerakligini aytdi.

Вакцинофобия. Ишончни йўқотган ҳукуматлар аҳолини қандай ишонтирмоқчи?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:35 0:00

Chorshanba kuni Pfizer kompaniyasi vakili agar virus sezilarli darajada o‘zgarib ketsa, Pfizer va Moderna vaksinalari texnologiyasidan foydalangan holda 110 kun ichida yangi vaksina ishlab chiqarish mumkinligini aytdi. Kompaniya ayni damda immunitetni yuqori darajada ushlab turish uchun har yili emlanish kerak bo‘lishi yoki yo‘qligini o‘rganmoqda.

Vashingtondagi epidemiologiya professori Enn Mari Kimballning aytishicha, koronavirus gripp viruslariga qaraganda sekinroq mutatsiyaga uchraydi.

Xo‘sh, hozirgi pandemiya 1918 – 19 - yillardagi gripp pandemiyasidan ham o‘zib, insoniyat tarixidagi eng dahshatli kasallik o‘laroq tarixga kiradimi?

«Yo‘q, deyishga moyilman. Infektsiyani nazorat qilish va kasal odamlarni qo‘llab-quvvatlash qobiliyatimiz bor. Zamonaviy tibbiyot bor», dedi Kimball.

«Ammo bizda odamlar ko‘p va harakatchanlik ko‘p».

Immunitetni himoya qilish uchun vaksina olgandan ko‘ra virusni yuqtirib, immunitetini kuchaytirishga umid qilayotgan odamlarga qarata Kimball shunday dedi:

«Muammo shundaki, immunitetga ega bo‘lish uchun infektsiyadan omon qolish kerak».

Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli joyga borib, emlanish bundan osonroqdir.

XS
SM
MD
LG