Линклар

Шошилинч хабар
20 январ 2022, Тошкент вақти: 23:13

Korrupsiya uchun jazo kuchaymoqda- korrupsionerlar muddatidan avval qamoqdan chiqdi


O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidagi matbuot anjumani.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritgan.

Bu haqda 2 - dekabr kuni agentlik rahbari Akmal Burxanov ma’lum qildi.

Loyihaga ko‘ra, Jinoyat Kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasi dispozitsiyasiga aniq ta’rif beriladi va 15 turdagi jinoyatlar korrupsion jinoyat sifatida tasniflanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov.

Korrupsioner 20 yilgacha qamalishi mumkin

“Muhim o‘zgarish sifatida korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo choralari keskin kuchaytirilmoqda” deydi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxanov.

Burxanovga ko‘ra, endilikda o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish yoki firibgarlik jinoyatlarini mansab mavqeini suiiste’mol qilish uchun 10 yilgacha (ilgari 5 yilgacha edi — Ozodlik) ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilmoqda.

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

“Eng asosiysi, poraxo‘rlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinmasligi va jazo yengilrog‘i bilan almashtirilmasligi va boshqa qator dolzarb o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda”, degan agentlik rahbari.

Yirik korrupsionerlar muddatidan avval qamoqdan chiqarilmoqda

Qonun loyihasi parlament muhokamasiga qo‘yilgan shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish Departamentiga qarashli 22-sonli koloniyadan yirik korruptsion sxemalarda aybdor deb topilgan Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatovning muddatidan avval ozodlikka chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, mazkur koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan sobiq Milliy xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari Shuhrat Toshpo‘latov Toshkent viloyatining G‘allaquduq posyolkasidagi manzil koloniyaga chiqarilgan.

Shuningdek, qamoqdan ozod qilinganlar orasida Toshkent shahar prokuraturasi tergov boshqarmasining sobiq rahbari Ulug‘bek Nuriddinov ham borligi aytiladi.

Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi tomonidan 2019 - yilning 26 - iyunida 19 yilga, Toshpo‘latov esa Oliy Harbiy sudning 2019 - yil martidagi hukmi bilan 12 yilga qamalgandi.

O‘zbekiston Oliy sudi 2019 - yil 26 - iyunida tarqatgan xabarda Sunnatov sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov va yana 12 kishi bilan birga, "o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish", "jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish" va boshqa qator "og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilgani" aytilgan.

Manbaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish Departamentiga qarashli 22-sonli koloniyada korrupsiya va boshqa jinoyatlarda ayblangan Karimov davri mulozimlaridan O‘zbekistonning ikki sobiq Bosh prokurorlari — Rashitjon Qodirov hamda Ixtiyor Abdullayevlar qolmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi sobiq rahbari Ulug‘bek Xurramov hamda prokuratura tizimining boshqa mulozimlari, DXX sobiq rahbari Ixtiyor Abdullayev bilan birgalikda qamalgan maxsus xizmat vakillari jazo muddatlarini o‘tamoqda.

Korrupsiyaga yetaklovchi omil

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan parlament muhokamasiga kiritilgan qonun loyihasida talablar krimogen va korrupsiyaga yetaklovchi omillarni bartaraf etishni ko‘zda tutilgani aytiladi.

Avvalroq mahalliy nashrlar Toshkent shahar hokimligi fuqarodan qimmatbaho avtomobil hadyasini qabul qilib olgani haqida yozgan edi.

Daryo. uz nashriga ko‘ra, mamlakat poytaxtida yashovchi Ziyoda Latipova ismli shaxs o‘z shaxsiy Mercedes-Benz mashinasini shahar hokimligiga hadya qildi.

Shahar hokimining tegishli qaroriga ko‘ra, hokimlikning ishlar boshqarmasi va fuqaro Z. B. Latipovaga tegishli qora rangli Mercedes-Benz S500 Hybrid (davlat raqami 01M798HB) foydalanishga olgan.

Saytning «OLX.uz» internet savdo tarmog‘iga tayanib xabar berishicha, ushbu modeldagi avtomobil (2021 - yilda ishlab chiqarilgan, 1000 kilometr yurgan) 275 000 AQSh dollarida baholangan.

Toshkent shahar hokimligi mahalliy blogerlarning qimmatbaho mashina korrupsion sxema vositasida hadya qilingan bo‘lishi mumkinligi haqidagi sharhlariga munosabat bildirganicha yo‘q.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi esa, ayni holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazish chaqiriqlarini javobsiz qoldirdi.

Agentlik rahbari Akmal Burxanov yangi qonun loyihasida aksilkorrupsiya qonunchiligining muhim qismlaridan hisoblangan siyosiy pora, nepotizm va manfaatlar to‘qnashuviga doir aniqlamalar kiritilgan yoki yo‘qligi borasida hech narsa demagan.

O‘zbekiston rasmiylari bundan avval Ozodlikning hokimiyat yuqori doiralaridagi korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga doir surishtiruvlari hamda murojaatlarini javobsiz qoldirgandi.

XS
SM
MD
LG