Линклар

Шошилинч хабар
13 август 2022, Тошкент вақти: 21:30

Kovid O‘zbekistonga qaytyaptimi?


Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi kovidga qarshi qurilgan maxsus kasalxona. 2021-yilgi rasm.

23-iyun kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirus omikron-shtammining eng yuqumli deb aytilayotgan Stealth-Omicron BA.2 varianti aniqlangani haqida bayonot berdi.

Bayonot aholi o‘rtasida koronavirusga chalingan bemorlar soni yana ko‘payishni boshlagani manzarasida yangradi.

SSV mulozimlari bu ko‘payishni “sezilarli bo‘lmagan ko‘payish” deya baholamoqda.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda poliklinikalarda shifokorga navbatlar ko‘paygani, ayniqsa yosh bolalarning bu kasallikka ko‘p chalinayotgani haqida yozilyapti.

Kanadada yashayotgan o‘zbekistonlik mikrobiolog virusning mutatsiyalashgan bu turi juda kamdan-kam holatda o‘limga olib kelishi mumkinligini ta’kidlar ekan, vahimaga o‘rin yo‘qligini aytadi.

Rasmiy statistika

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 23-iyunda koronavirus infeksiyasi bilan O‘zbekistonda 94 nafar kishi kasallangan.

Eng ko‘p kasallanish Toshkent shahrida, 41 holat, qayd etilgan. Mamlakat bo‘yicha esa 24-iyungacha 240 ming nafardan ortiq odam kovid bilan og‘rigan.

Ammo ijtimoiy tarmoqlarda, aholi orasida kovid bilan kasallanganlar bundan ancha ko‘pligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev Ozodlik bilan suhbatda kovid bilan bog‘liq vaziyat nazoratda ekanligini aytdi:

“Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus haqida tarqalayotgan xabarlar yolg‘on. Biz har kunlik ma’lumotni berib boryapmiz. Kovidni davolash uchun qo‘shimcha kasalxonalar ochishga hech qanday ehtiyoj yo‘q. Vazirlik bu haqdagi ma’lumotni yashirishdan yoki oshirib ko‘rsatishdan manfaatdor emas. Biz bor narsani berib boryapmiz”.

"Kasallik sal ko‘paydi"

Toshkent viloyatidagi Zangiota-2 yuqumli kasalliklar shifoxonasining ismi sir qolishini so‘ragan shifokoriga ko‘ra yoz faslida kovid bilan kasallanish holati oshishi kutilgan holat:

“Hozir sal ko‘paydi bu kasallik. Yana Stel-Omikron degan yangi shtammi chiqdi. Lekin vahima qiladigan darajada emas. Besh-olti kun davolanib chiqib ketishyapti. Odatda yoz faslida bu kasallik avj olishi mumkin. Chunki, odamlar gavjum bo‘ladi, to‘y-maraka, tadbirlar ko‘payadi. Vaksina olganlar ham, olmaganlar ham kasal bo‘lyapti. Lekin vaksina olganlarda yengilroq kechyapti. O‘lim holati yo‘q”.

Andijondagi kasalxonalardan birida ishlaydigan, matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan vrachning aytishicha, rasmiy matbuotda bu haqda xabar kamligi yana kovidning pandemiyaga aylanishiga sabab bo‘lishi mumkin:

“Bizdagi vaziyat jiddiylashish chegarasida. Bir-ikkita joylarda o‘chog‘lari paydo bo‘lyapti. Lekin bu holatlar rasmiy xabar qilib berilmayapti. Faqatgina ichki majlislarda muhokama qilinyapti, xolos. To‘g‘ri, vazirlik o‘zining Telegram-kanalida raqamlarni beryapti, ammo aholini ehtiyot bo‘lishga chaqiriqlar yo‘q. Aholini oddiygina, qo‘llaringni sovun bilan yuvib yuringlar, odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga bormanglar kabi profilaktik tadbirlar e’lon qilinmayapti. Bizda qachonki kasalxonalar kasalga to‘lib ketsa, keyin boshlashadi”.

"Virus tanada qolsa u mutatsiyaga uchraydi"

Kanadada yashayotgan o‘zbekistonlik mikrobiolog Obidxon Mamadaliyev o‘zi “Omicron” va uning shtammining yangi mutatsiyadagi “Stealth-Omicron” BA.2 varianti bilan og‘rib chiqqani aytar ekan, bu vahima qiladigan darajadagi kasallik emasligini aytadi:

“Omikron” bilan “Stels”ning farqi nimada? Men o‘zim Omikron bo‘ldim, oradan 45 kun o‘tganidan so‘ng Stels bo‘ldim. Bu qayerdan keldi? Omikron besh kunda sog‘ayadi, to‘liq emasu xavfsiz holatga keladi. Ammo asorati qoladi. Albatta, odam besh kundan keyin davolanishni davom ettirishi kerak. Agar davolanmasa virus tanada qolib ketsa, u mutatsiyaga uchraydi va “Stels-Omikron 2 BA”ni paydo qiladi. Xuddi shu holat menda takrorlangan. Bu og‘irroq kasal, lekin o‘lim holati qayd etilmaydi. Yoshi katta, surunkali kasali bor odamlarda reanimatsiyaga tushish holati bor, ammo judayam kam. Bu surunkali epidemiya bo‘lib ketgani yo‘q va bo‘lmaydi ham. Albatta, bu insonlarning o‘ziga bog‘liq, profilaktik tadbirlar, izolyatsiya va boshqalarga yuqtirmaslik”.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyevning aytishicha, o‘tgan ikki yil davomida ham aynan iyul-avgust oylarida kasallanish ko‘tarilganligi qayd etilgan.

“Shuning uchun koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash va buster dozasi bilan qayta emlash ishlarini jadallashtirish katta ahamiyatga ega”.

Озодлик суриштируви: Миллиардлаб долларлик COVID бизнеси ҳам Мирзиëев учун Шоввозсойни қурган олигархларга тегди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:04 0:00

O‘tgan yil 24-oktabridagi prezident saylovi arafasida O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashgan Shavkat Mirziyoyev koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash uchun 80 trln so‘m mablag‘ sarflanganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev tilga olgan va hozircha hukumat hisobotlarida yaxlit holida keltirilmagan 80 trillion so‘mlik sarf-xarajat, Ozodlikning koronavirus davri statistikasiga oid surishtiruvida o‘rtaga chiqdi.

Surishtiruvda aniqlanishicha, pandemiyaga qarshi kurash uchun ajratilgan 80 trillion so‘mlik mablag‘, hokimiyatga yaqin oligarxlar va amaldorlar tomonidan turli sxemalar vositasida o‘zlashtirilgan.

XS
SM
MD
LG