Asosan musulmonlar yashaydigan Shimoliy Kavkazda ro‘y bergan zo‘ravon antisemit namoyishlar avtoritar prezident Vladimir Putinning Isroil va ekstremistik Hamas o‘rtasidagi urushdan foydalanib qolishga urinishidan kelib chiqqan ichki xatarni ko‘rsatdi.
29-oktabr kuni 1000 dan ortiq odam Dog‘iston markazi Mahachqal’a aeroportiga bostirib kirib, yahudiylarga qarshi shiorlar aytib, Isroildan kelayotgan yo‘lovchilarni shaharga kiritmaslikka uringan. Tartibsizliklar vaqtida 20 dan ortiq kishi jarohatlangan, o‘nlab odam hibsga olingan, aeroport esa yopilgan.
Mahalliy hokimiyat "respublika aholisini buzg‘unchi guruhlar fitnalariga uchmaslikka va jamiyatda vahima qo‘zg‘amaslikka" chaqirdi.
Aeroportdagi voqealar so‘nggi kunlarda beqaror Shimoliy Kavkazda ro‘y bergan bir qator antisemit hodisalar orasida eng kattasi bo‘ldi. Unga mintaqaga yahudiy qochqinlar qabul qilinayotgani haqidagi mish-mishlar sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Turli Telegram kanallar “qiyofasi Isroil fuqarosiga o‘xshagan” shaxs yashayotgani haqida xabar tarqatganidan so‘ng 28-oktabr kuni Dog‘istonning Xasavyurt shahridagi mehmonxona oldiga olomon to‘plangandi. Politsiya ularning ayrimlariga mehmonxonaga kirishga ruxsat berib, Isroil fuqarolari yo‘qligiga ishonch hosil qilib, keskinlikni yumshatgan. Keyinroq mehmonxonada “Isroil fuqarolari va yahudiylar kirishi yoki qolishi taqiqlanadi” degan yozuv o‘rnatildi.
Ertasi kuni vandallar Qabardin-Bolqor poytaxti Nalchik shahridagi yahudiy madaniyat markazi qurilish maydoniga o‘t qo‘ydi. Hujum natijasida hech kim jabrlanmagan bo‘lsa ham, ular bino devoriga “Yahudiylarga o‘lim” shiorini yozishgan. Yahudiy markazi qurilishiga qarshi onlayn petitsiyaga deyarli 20 000 odam imzo chekdi.
Mahachqal’a aeroportidagi tartibsizliklarga javoban Putinning matbuot kotibi Moskvada hukumat, qonunchilik va xavfsizlik idoralari vakillaridan iborat katta guruh uchrashuvi o‘tkazilishini e’lon qildi. Muhokama mavzusi: "G‘arb Yaqin Sharqdagi voqealardan Rossiya jamiyatini parchalash uchun foydalanmoqda".
7-oktabr kuni Hamas Isroilga hujum qilganidan beri, Moskva dunyo e’tibori Ukraina bosqinidan chalg‘ishidan foydalanmoqda, Isroil va Eron bilan munosabatlarga putur yetkazmagan holda arab davlatlariga ko‘proq yoqishga urinmoqda, deydi tahlilchilar.
Rossiya Hamasning Isroil janubidagi hunrezligini qoralagani yo‘q, aksincha, o‘tgan hafta Moskvada Hamas delegatsiyasi qabul qilindi va mojaroda bir necha bor AQSH va G‘arb ayblandi. Davlat televideniyesi va ijtimoiy tarmoqlardagi kremlparast targ‘ibotchilar esa Hamas G‘arb Ukrainaga bergan qurollardan foydalanganini hech bir isbotsiz da’vo qilmoqda.
Ukrainalik siyosiy sharhlovchi Vitaliy Portnikov Ozodlik radiosi Rus xizmatiga yozishicha, “Rossiya rahbarlari [Hamas] dan minnatdor bo‘lishi kerak. E’tibor Ukrainadagi urushdan chalg‘itildi, AQSH kongressmenlari hujumga uchragan ikki davlatga yordamni bir paketga birlashtirish yoki yo‘qligini muhokama qilmoqda. Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasidagi tinchlik jarayoni to‘xtab qoldi. Jahonda neft narxi ko‘tarildi. G‘arb va global janub o‘rtasidagi tafovut kengaydi va G‘azodagi mojaro davom etar ekan, kengayishda davom etadi. Bularning barchasi Moskvaning Ukrainadagi bosqinini osonlashtiradi”.
Qamoqdagi muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning Moskvadagi sobiq koordinatori Oleg Stepanovning aytishicha, Putin “o‘zining shaxsiy siyosiy manfaatlarini insoniylik va axloqiylikdan ustun qo‘ymoqda”, Isroil va Hamas o‘rtasidagi urushda “o‘z manfaatini ko‘zlamoqda”.
“Ammo aeroportdagi hujum Kremlning Isroil-Hamas urushiga yondashuvi Rossiya uchun ham xorijda, ham mamlakat ichida “xavf va zaifliklar” borligini ko‘rsatdi, deb yozdi 30-oktabr kuni X’da Jeyms Martin nomidagi Yadro qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha tadqiqot markazining Berlindagi tahlilchisi Hanna Notte.
"Rossiya so‘nggi ikki hafta ichida Falastin tomonga qattiq yon bosib yuborganidan keyin Putin endi ekkanini o‘radi, – deb yozgan Notte. – Rossiya davlati G‘arb bilan urushda ("mustamlakachilikka qarshi" kurash) falastinparastlik kayfiyatini qo‘llab-quvvatlab, endi muammo tug‘diradigan ichki kuchlarni zo‘raytirmoqda."
"Kreml uchun qo‘rqinchli tush"
Rasmiy Rossiya diplomatiyasi G‘azo urushida o‘ziga xos neytral tinchlikparvar rolini saqlab qolishga intilayotgan bo‘lsa ham, Rossiya davlat televideniyesi va kremlparast ijtimoiy tarmoqlar asosan Isroilga qarshi mavqeda turadi. Bu esa Rossiyaning qashshoq mintaqasi Shimoliy Kavkazda xavfli bosimni paydo qiladi, deydi Kiyevdagi Ukraina Yaqin Sharq tadqiqotlari uyushmasi direktor o‘rinbosari Sergey Danilov.
“Davlat propagandasi Isroil va isroilliklarga nisbatan nafratni kuchaytirmoqda”, dedi Danilov “Nastoyashcheye Vremya”ga bergan intervyusida. “Buning bir qismi umuman yahudiylarga, shu jumladan, Rossiyada yashovchilarga yahudiylarga qarshi qaratilgan. Propagandachilar falastinliklar tomonida ekanliklarini ochiq-oydin ko‘rsatishadi. Nafaqat falastinliklar, balki Hamas tomonda. Bu esa nafaqat Dog‘iston, balki butun Shimoliy Kavkazni qizdirib yuboradi."
Danilovning aytishicha, Putin hukumati va Kreml tayinlagan rahbarlar mintaqadagi "ijtimoiy taranglik" kuchayib, g‘azabnoklikni zo‘raytirayotganiga e’tibor qaratmayapti. “Shimoliy Kavkazda ijtimoiy keskinlik Rossiyaning boshqa mintaqalariga qaraganda yuqoriroq, – deydi u. – Shimoliy Kavkazda klanlar va etnik guruhlar o‘rtasidagi raqobat ancha yuqori. Bu Islom masalasi emas. Gap Shimoliy Kavkazga xos keskinlik va muammolar haqida ketmoqda”, deydi u.
Rossiyalik siyosatshunos Mark Galeotti 30-oktabr kuni The Spectator nashrida chop etilgan maqolasida Shimoliy Kavkazdagi mahalliy rahbarlar “mahalliy musulmon kayfiyatini begonalashtirish”dan qochib, “nozik chiziqdan yurishga” harakat qilishayotganini yozgan edi.
Hozir Kreml aeroportdagi tartibsizliklarni davlat televideniyesi orqali keng yoritib, Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin ishni shaxsan nazoratga olganini, bu voqealarga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatishga urinmoqda. Musulmonlar Rossiya aholisining qariyb 10 foizini tashkil qilgani va Ukrainada jang qilayotgan rus qo‘shinlari orasida ular nomutanosib ravishda ko‘p bo‘lgani sababli, Moskvaning xavotirlari bejiz emas.
“Rossiya Ukrainada urush olib borayotgan va Ramzan Qodirovning sog‘lig‘i yomonligi haqidagi mish-mishlar manzarasida Chechenistonning kelajakdagi barqarorligi shubha ostida turgan bir paytda, mintaqada yanada beqarorlik kelib chiqishi Kreml uchun dahshatli tush bo‘ladi”, deb yozdi Galiotti. “Qodirov Kreml tomonidan tayinlangan Checheniston rahbari. Putin 15 yil davomida bu bo‘lginchilik urushi bo‘lgan mintaqa ustidan nazoratni ushlab turish uchun unga suyanib kelgan.”
Politsiya mintaqaning asosiy shaharlaridagi sinagogalar atrofida xavfsizlikni ta’minlamoqda, deb xabar bermoqda TASS davlat axborot agentligi.
Rossiyalik siyosiy sharhlovchi Andrey Gusyaning aytishicha, "Dog‘istondagi vaziyat bir kechada yuzaga kelgani yo‘q" va "bug‘ning chiqib ketishiga ruxsat berish kerak edi".
"Ular hokimiyat tomonidan ruxsat etilgan miting o‘tkazishlari mumkin edi", dedi Gusya Ozodlik radiosining Kavkaz.Realii muxbiriga. “Endi bunday tinch variant imkonsiz. Yagona yechim kuch bilan bostirish”.