Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2020, Тошкент вақти: 07:14

Kuniga 5600 so‘m topgan odam kambag‘al emas, degan prezident iqtisodchisi tarmoqda hajv qilinmoqda


Prezident administratsiyasining bosh iqtisodchisi Obid Hakimov 4 -noyabr kuni tarmoqlarda e’tiroz va hajv nishoniga aylandi

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov Kun.uz nashriga bergan videointervyusida "2020 yilda O‘zbekistonda kuniga 5,600 so‘m ishlab topgan odam kambag‘al emas”¸ deya bayonot qildi.

Bu gap ijtimoiy tarmoqda memga aylandi va o‘zbekistonliklar prezident maslahatchisi o‘rinbosari darajasidagi amaldorni “reallikdan uzilganlik”da ayblashdi.

Hakimov boshqaradigan markaz ilmiy xodimi Ozodlik bilan suhbatda hajv qilinayotgan jumlaning "konteksdan uzib olingani"¸ asli bu raqam kambag‘allikni o‘lchashning ilmiy metodlaridan biriga misol qilib keltirilganini bildirdi.

Markaz vakili Obid Hakimovning 5 - noyabr kuniga belgilangan maxsus matbuot anjumanida bu kutilmagan ajiotajga munosabat bildirishini qo‘shimcha qildi.

Prezident iqtisodchisining kambag‘allikka bergan ta’riflari

“Kambag‘allik nima?” degan savoldan boshlangan Kun.uzdagi suhbatda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov kambag‘allikni belgilashning ayrim absolyut va nisbiy o‘lchovlari borligini bildirdi.

Masalan¸bitta odam ma’lum miqdordan kam daromad yoki kam iste’mol qilayotgan bo‘lsa, shu odam kambag‘al hisoblanadi”¸ deb gap boshlagan Hakimov “BMT 1800 kkaldan past oziq-ovqat iste’mol qilayotgan odamlar haqiqiy kambag‘al hisoblanishini ta’kidlaydi”¸ deya davom etadi.

Kambag‘allikni o‘lchashning boshqa parametrlariga to‘xtalgan o‘zbekistonlik iqtisodchi¸ faqat oziq-ovqat emas, xizmatlar, nooziq-ovqat mahsulotlar, minimal xizmatlar ham qo‘shiladigan minimal iste’mol savatchasi ham shunday o‘lchamlardan biri ekanini ham tilga oladi.

O‘zbekistonda kambag‘allikni o‘lchash usullaridan aynan qaysi biri qo‘llanilayotgani haqidagi savolga Hakimov Jahon banki metodologiyasini tushuntirish orqali javob berdi.

Odamlarning kunlik minimal xarajatlari bor. O‘rta past daromadli mamlakatlar uchun ushbu mezon 3,2 AQSh dollarini tashkil etadi. Bunda 3,2 dollar aynan emas, shu qiymatda turli davlatlarda to‘lov qobiliyati mahalliy valyutadagi raqamga o‘zgartiriladi. Ya’ni xarid qilish qobiliyati paritetining konvertatsiya koeffitsienti (PPP conversion factor) har yili Jahon banki tomonidan e’lon qilinadi. Masalan, 2018 - yil O‘zbekiston uchun 1 AQSh dollarining PPP qiymati 1784 so‘m etib belgilangandi. 2020 yilda bajarilgan hisob-kitobga ko‘ra, kishi boshiga 3,2 AQSh dollari, ya’ni 5,600 so‘m to‘g‘ri kelib, O‘zbekistonda shuncha mablag‘ ishlab topgan odam kambag‘al emas. Shu o‘lcham asosida, O‘zbekistonda kambag‘allik ko‘rsatkichi 9-10 foiz atrofida etib belgilangan”.

O‘zbekistonliklar daromadini keskin kamaytirgan pandemiyaga qadar prezident Mirziyoyev aholining 15 foizga yaqini kambag‘allikda yashayotganini e’tirof etgan edi.

Prezidentning o‘zi pandemiya tufayli aholining kambag‘allashuvi kuchayganini aytib kelayotgan vaziyatda Obid Hakimovning bu javobi 4 - noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklarni junbushga soldi.

Biz Ulug‘bek Inoyatovdan bekorga xafa bo‘lib yurgan ekanmiz. Undan battarlari bor ekan, qoyil! Bir oyda bir yuz oltmish sakkiz ming so‘mning nari-berisida topsak, qariyb boy hisoblanarkanmiz...XDP rahbarida sal insof bo‘lgan ekan, bu akada esa oddiy uyat ham yo‘q ekan»¸ deb yozdi Telegramdagi platforma.uz kanali.

Kanal sharhlovchilaridan biri “Bir oyga 168000 so‘m topsa kambag‘al bo‘lmas ekanmi. Xa unda eng kam ish haqi, mehnatga haq to‘lash nimaga baland 168 mingdan?” deb yozgan bo‘lsa¸ boshqasi “Shu odamning o‘zini oyligini uyidagi jon boshiga 168 minga to‘g‘rilab qo‘yishni tavsiya qilaman”¸ deb yozdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Amerikada o‘qib, doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan iqtisodchining bunday bayonoti nafaqat e’tiroz¸ balki qattiq hajv qilina boshladi.

Ayrim o‘zbekistonlik blogerlar YouTube portalida Obid Hakimov bayonotiga videomurojaat bilan munosabat bildirib¸ "kishi boshiga 5600 so‘m topayotgan odamning O‘zbekistonda o‘lishini" ta’kidladi.

Kunning ikkinchi yarmida bu bahsga qo‘shilgan Amerikadagi iqtisodchi Behzod Hoshimov Twitter sahifasida PPP qiymati bo‘yicha 5600 so‘mga tenglashtirilgan 3.2 AQSh dollariga nima sotib olish mumkinligini sanab o‘tdi.

"AQShda 3,2 dollarga yarim kilo mol go‘shti qiymasini olsa bo‘ladi. Yoki 1,5 kilo tovuq go‘shti. Yoki 36ta tuxum. 5,5 litr sut olsa bo‘ladi. 3,5 kilogram banan. 6,3 litr 89- benzin.

O‘zbekistonda 5600 so‘mga nima olsa bo‘ladi? Yozib ko‘ringlarchi?" deb ëzdi Hoshimov.

Markaz xodimi: Hakimov gaplari kontekstdan uzib olingan

4 - noyabr kuni Ozodlik Obid Hakimovning ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbekistonliklar orasida o‘ziga xos “kun mavzusi”ga aylangan bayonotiga oydinlik kiritishni so‘rab¸ u boshqarayotgan markaz bilan bog‘landi.

O‘zini Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ilmiy xodimi deb tanishtirgan olim¸ Hakimov intervyusida aytilgan fikrlarning bu qadar “ajiotaj” tug‘dirgani kutilmagan hodisa bo‘lganini aytdi.

Markaz tadqiqotchisi¸ o‘z rahbarini hajv qilayotganlar yoki unga e’tiroz bildirayotganlarning aksariyatini suhbatni to‘liq o‘qimaganlik¸ kontekstdan yulib olingan gapga shoshma-shosharlik bilan munosabat bildirayotganlikda aybladi.

Gap odamlarning iqtisodiy bilimi darajasiga borib taqaladi. Hakimov kambag‘allikni o‘lchash bo‘yicha jahonda mavjud metodologiyalar haqida gapira turib¸ Jahon banki tomonidan ishlatiladigan xarid qilish qobiliyati paritetining konvertatsiya koeffitsienti (PPP conversion factor)ga to‘xtaldi. Bir dollarga Amerikada nima xarid qilish mumkinu¸ O‘zbekistonda nima olasiz¸ bu farqli narsa. Masalan¸ Amerikada soch oldirish 50 dollar bo‘lsa¸ bizda 2 dollar bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqilsa¸ 3.2 dollarning 2020 - yilgi xarid quvvati 5600 so‘mga teng va kuniga shuncha pul topgan odam kambg‘al bo‘lmaydi¸ deyildi. Lekin bu Jahon banki metodini tushuntirish uchun aytildi”¸ dedi markaz ilmiy xodimi.

"O‘zbekistonda kuniga 5600 so‘m pul topgan odam kambag‘al bo‘lmaydi”¸ degan gap kontekst qo‘shilganda o‘z mohiyatini o‘zgartiradimi¸ bugun bu pulga bir odam tirikchilik qila oladimi?”¸ degan savollarga javob berishni istamagan tadqiqotchi bu va boshqa savollarga 5 - noyabr kuni Obid Hakimovning o‘zi matbuot anjumanida javob berishini aytdi.

Hakimov tilga olgan metodologiya kambag‘allikni qog‘ozda kamaytirishga xizmat qiladi

Joriy yilning 24 - yanvaridagi hukumat yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat aholisining 12-15 foizi yoki 4-5 million aholining kambag‘allikda yashayotganini e’tirof etgan edi.

Bu bayonotdan uch oy o‘tib¸ o‘zbek iqtisodining pandemiya oqibatida nochorlashuvi ortidan mamlakatda davlatning moddiy yordamiga qaram bo‘lgan kambag‘allar soni keskin oshgani taxmin qilinmoqda.

Yil boshidagi majlisda prezident Jahon banki, BMT Rivojlanish Dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqishni taklif qilgan va kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash uslublarini qamrab olgan yangi metodologiya yaratishni topshirgan edi.

Bu topshiriqni bajarishga ma’sul idoralardan biri Obid Hakimov rahbarlik qiladigan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazidir.

Obid Hakimovning 4 - noyabr kungi suhbatda aytganlaridan kelib chiqilsa¸ O‘zbekiston hukumati kambag‘allikni o‘lchashning Jahon banki metodologiyasiga asoslanayotgani anglashiladi.

Bu esa¸ ayrim iqtisodchilar ta’kidicha¸ kuniga jon boshiga 5600 so‘mdan ko‘proq topayotgan o‘zbekistonliklar davlat tomonidan kambag‘al, deb tan olinmasligi va ularga davlat tarafidan ijtimoiy-iqtisodiy yordam berilmasligiga asos bo‘lishi mumkin.

BMT tasnifiga ko‘ra¸ “kambag‘allik insonni tanlov va imkonlardan mahrum qilish¸ uning insoniy qadrini kamsitish”dir.

2015 - yilda Jahon banki joriy qilgan so‘nggi hisob-kitobga ko‘ra¸ kuniga 1.9 AQSh dollaridan kam daromad qilgan inson kambag‘al hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG