Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:29

“Legitimlikka loyiq bo‘lish kerak”. G‘arb davlatlari Tolibon hukumatini tan olishga shoshilmayapti


Tolibon so‘zchisi Zabihulla Mujohid Kobuldagi matbuot anjumanida. 7 - sentabr, 2021
Tolibon so‘zchisi Zabihulla Mujohid Kobuldagi matbuot anjumanida. 7 - sentabr, 2021

Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonda Tolibon boshchiligida tuzilgan hukumatni muvaqqat yoki o‘tish davri hukumat hay’ati, deb atadi.

“Ma’muriyatda hech kim, na prezident, na milliy xavfsizlik xizmatidan biror kishi toliblar jahon hamjamiyati a’zolariga quloq solishyapti va ularni hurmat qilishyapti, deya olmagan bo‘lur edi. Toliblar hali bunga hech kimni ishontira olishgani yo‘q”, deya bayonot berdi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining Tolibon tuzgan yangi hukumatga munosabati haqida gapirar ekan.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Germaniyada dunyoning 20 ga yaqin mamlakatlari vakillari bilan virtual uchrashuvdan so‘ng Tolibon hukumatiga uning amaliy ishlariga ko‘ra baho berilishini, legitim bo‘lish uchun “shunga munosib ish ko‘rsatish kerak”ligini aytdi.

Blinken Amerikaning Germaniyadagi Ramshtayn aviabazasiga kelganidan so‘ng GFR tashqi ishlar vaziri Xayko Maas bilan uchrashdi. Ushbu baza Afg‘onistondan odamlarni ko‘chirish amaliyoti chog‘ida transport uchoqlarini qabul qilish maskani sifatida qo‘llangan.

“Toliblar ularni xalqaro maydonda tan olishlarini kutishyapti, ammo har qanday e’tirofga, har qanday dastakka avvalo munosib bo‘lish kerak”, deya urg‘ulagan AQSh davlat kotibi.

Yevropa Ittifoqi esa, Tolibon hukumatini “noinklyuziv” va tor doiradagi odamlar manfaatlarini ifodalovchi hukumat, deb atadi. YeI toliblar avval bergan va’dalariga vafo qilmadi, deb hisoblamoqda.

“Yangi hukumat Afg‘onistonning boy etnik va diniy xilma-xilligi nuqtai nazaridan, biz ko‘rishga umid qilgan va birmuncha vaqt oldin Tolibon va’da qilgan inklyuziv va reprezentativ tuzilma emasligini payqash uchun ro‘yxatga bir bor ko‘z yugurtirish kifoya qiladi”, degan YeI vakili.

Afg‘onistonning jahondagi 67 elchixonasining barchasi Tolibon harakati rejimini va ular tuzgan hukumatning legitimligini tan olmadi. Bu haqda Dushanbeda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Akbar ma’lum qildi.

Diplomat Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulloh Solihning Tojikistondagi vakili ekanini urg‘ulagan. Uning aytishicha, prezident Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketganidan so‘ng, Konstitutsiyaga muvofiq, davlat rahbari vazifasini Solih bajarmoqda. Ayni vaqtda u Panjshir viloyatida. Tolibon boshqa viloyatlardan qo‘shin to‘plab borib, qolaversa Pokistonning ko‘magi bilan mintaqani bosib oldi, dedi elchi.

Akbarga ko‘ra, Milliy qarshilik jabhasi yetakchisi Ahmad Ma’sud va Amrulloh Solih Afg‘onistonni tark etishmagan va Panjshirda Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumatini tuzish bilan shug‘ullanishmoqda.

Afg‘onistonni bosib olgan Tolibon harakati 7 - sentabr kuni o‘z hukumati tarkibini e’lon qildi. Harakat yetakchisi – 60 yoshli Haybatulloh Oxundzoda davlatning oliy rahbari bo‘ldi. Hukumat boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib mulla Muhammad Hasan Oxund tayinlandi.

12 yil Amerikaning Guantanamodagi qamoqxonasida saqlangan Abdul Haq Vosiq yangi hukumatda razvedka vaziri lavozimini egalladi.

XS
SM
MD
LG