Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:56

Lukashenko rejimi ta’qibidan qochib, Shvetsiya elchixonasida jon saqlayotgan ota-o‘g‘il hikoyasi (VIDEO)


Vitaliy va Vladislav Kuznechik
Vitaliy va Vladislav Kuznechik

2020 - yilning 11 - sentabr kuni, saylov natijalari soxtalashtirilishiga qarshi ommaviy norozilikning avj pallasida ikki nafar belaruslik Shvetsiyaning Minskdagi elchixonasiga keladi. Ota-o‘g‘il – Vitaliy va Vladislav Kuznechik qo‘ng‘iroq tugmasini bosib, ularni militsiya qidirayotganini va hayotlari xavfda ekanini aytishadi va boshpana so‘rashadi. Iltimoslari rad etilgach esa, devordan oshib o‘tib, elchixona hududida qoladilar.

Shundan bir necha kun oldin 47 yashar Vitaliy Kuznechik va uning o‘g‘li, 27 yoshli Vladislav Vitebsk shahrida birdamlik marshida ishtirok etgandi: kuchishlatar xodimlar katta Kuznechikni yerga bosib ura boshlaydilar, yuziga gaz purkaydilar. Vladislav esa otasini qutqarish uchun “silovik”larga tashlanadi, ularni itarib tashlaydi va pirovardida ikkovlon ham qochib ketishga muvaffaq bo‘ladilar.

“Otamni kuch ishlatar idoralar jallodlari qo‘lidan tortib olganimga hech qachon pushaymon qilmayman”, deydi Vladislav Kuznechik.

“O‘g‘limning ishidan faxrlanaman, men ham xuddi shunday qilgan bo‘lardim. Faqat men emas, ko‘pchilik bunga jur’at qilgan bo‘lardi”, deydi 2020 - yil sentabrda militsiya tomonidan kaltaklanayotgani chog‘ida videotasvirga tushgan Vitaliy Kuznechik.

Ikkala erkakka qarshi darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ularga olti yilgacha qamoq jazosi xavf solmoqda. Norozilik namoyishidan so‘ng ota-o‘g‘il bir necha kun yashirinib yurishdi, qavm-qarindoshlari kuzatuvda ekanidan voqif bo‘lishgach esa, Shvetsiya elchixonasi eshigini qoqishdi.

“Bizni o‘ldirishadi axir!”

“Bizni darrov kiritishgani yo‘q. Ehtimol, ishonishmagandir. Elchixonaga kelganimizda bizga domofondan: “Sizlarni kiritmaymiz”, deb aytishgandi. Biz esa: Nima qilaylik? O‘ldirishadi-ku axir, dedik”, o‘sha kunni xotirladi Vladislav.

Shunday qilib, Kuznechiklar devordan oshib o‘tib, zinapoya tagiga berkinib olishadi. O‘sha yerda videomurojaat yozadilar. Bu mahal bino oldiga OMON va jurnalistlar yetib kelishgandi.

“Odamlarni boshlari majaqlangan, osilgan holatda topishyapti. OMON elchixonani o‘rab olib, shved elchiligi bizni ularga topshirishini kutmoqda. Umid qilamizki, bunday bo‘lmaydi”, degan videoda Vvladislav Kuznechik.

O‘sha paytda Belarusda kamida uch kishi norozilikni kuch bilan bostirish oqibatida o‘lgan, deb hisoblanardi. Namoyishchilardan biri – Nikita Krivsov Minsk chekkasidagi o‘rmonda osilgan holda topildi. Yana bir necha kishining o‘limi ham namoyishchilarga qarshi qatag‘on siyosati qo‘llanilishi bilan bog‘lanar edi.

Kuznechiklar zina tagida kechurun soat 10 gacha qolib ketishadi, so‘ng ularga elchixona binosiga kirishga izn beriladi va ketidan bu yerda uzoq qola olmasliklarini aytib, ogohlantiradilar – Shvetsiya qonunchiligida elchixonada siyosiy boshpana olish tartib-taomillari nazarda tutilmagandi.

Ertasi kuni Belarusda tug‘ilib, hozirda Yevropada yashayotgan yurist Vadim Drozdov ota-bolaga huquqiy yordam taklif qilib qoladi. U Vitaliy va Vladislavni himoya qilib dastlab Yevropa inson huquqlari bo‘yicha sudiga, keyin esa BMTning Qiynoqlarga qarshi kurash qo‘mitasiga xat yozadi.

2020 - yil birinchi oktabr kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Kotibiyati yuristga Qiynoqlarga qarshi qo‘mitaning maktubini jo‘natadi. Vadim Drozdov bu maktub amalda elchixona mutasaddilariga Kuznechiklarni elchixona hududidan tashqariga chiqarmaslik majburiyatini yuklaydi, deb hisoblaydi.

“Biz bo‘layotgan voqealardan bexabarmiz”

Ammo Vadim Drozdov shved hukumati mazkur vaziyatda biror yechim topa olishiga unchalik ishonmaydi.

“Elchixona shunchaki payt poylayotgan, ya’ni Kuznechiklarning toqatlari toq bo‘lib, o‘z ixtiyorlari bilan chiqishlarini kutayotgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayman. O‘shanda Shvetsiya hukumati “Ana, biz ularni haydamadik, o‘zlari chiqishdi”, deb o‘zini oqlay oladi. Keyin ularga nima bo‘lishi esa butunlay boshqa masala”, tushuntiradi yurist.

Shvetsiyaning G‘arbiy Yevropada demokratiyani dastaklash tashkiloti rahbari Martin Uggla shved diplomatlari Kuznechiklarni Litva yoki Polshaga chiqarib yuborish uchun kafolat olish maqsadida Belarus hukumati bilan yashirincha muzokara olib borishayotgandir, deya umidlanadi.

“Ammo biz bo‘layotgan voqealardan bexabarmiz, chunki shved hukumati bu haqda lom-mim demaydi. Muammoni hal qilish ustida ishlayapmiz, deyishadi, vassalom. Lekin qanaqa yechim haqida gap borayotganini biz bilmaymiz”, deydi shvetsiyalik huquqbon.

Janob Ugglaga ko‘ra, Belarusni unutmaslik, Yevroittifoq hamda Shvetsiya demokratiya va ozodlik uchun kurashayotgan odamlarga ko‘maklashishda davom etishi, dastaklar so‘zda qolib ketmasligi va amaliy harakatlarga ko‘chishi uchun ayni damda bu ishlar juda muhim.

“Nastoyashcheye vremya” Shvetsiya TIVga so‘rov yo‘llab, undan quyidagicha javob oldi:

“Ikki erkak taklif va ruxsatsiz Shvetsiyaning Minskdagi elchixonasi hududiga kirishgan. Bu ikki kishi Shvetsiya ularga boshpana berishini so‘rab, ariza bermoqchi ekanini aytgan. Biroq siyosiy boshpana so‘rab Shvetsiya elchixonasiga taqdim etilgan arizalar qanoatlantirilmasligi mumkin. Biz ushbu masala ustida ish olib boryapmiz, mazkur ikki kishi bilan muloqot qilyapmiz. Ammo mazkur ishlar tafsilotlarini bayon qila olmaymiz”.

2014 - yilda shunga o‘xshash voqea Ozarbayjonda ham sodir bo‘lgandi. Prezident Ilhom Aliyevning munaqqidi, jurnalist va huquqbon Emin Huseynovni tadbirkorlik faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanganlikda va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblashgan. Huseynov esa uni siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilishayotganini aytib, Shveysariyaning Bokudagi elchixonasiga yashiringan.

Shveysariya bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi muzokaralar salkam bir yilga cho‘zilgan, alal-oqibat huquqbon Shveysariya vazirining uchog‘ida Bokuni tark etgan.

“Mening saraton kasalim bor”

Elchixonada Kuznechiklar o‘zlarini xavfsiz his qilishmoqda. Ularga yotoq-joy, hammom, hojatxona va boshqa maishiy qulayliklarga ega xona ajratilgan. Sport bilan shug‘ullanish uchun ham sharoit mavjud. “Ovqatimizni o‘zimiz qilamiz, hatto pirog pishiryapmiz”, deydi Vladislav Kuznechik. Televizor bilan kompyuter taqiqlangan, ota va o‘g‘il yangiliklardan mobil telefon orqali xabardor bo‘lishadi.

“Eng katta muammomiz shuki, men ham, otam ham tibbiy tekshiruvga muhtojmiz. Men onkologik xastalik bilan og‘riganman”, urg‘ulaydi Vladislav.

2019 - yilda shifokorlar uning ko‘richagida zararli o‘simta paydo bo‘lganini aniqlashgan ekan.

“Har olti oyda ko‘rikdan o‘tishim zarur. Boshqa kasalligim ham bor. Ko‘z nervlarim qisman atrofiyaga uchragan (qurigan). O‘smir yoshimda olgan jarohat oqibati. Ko‘rish qobiliyatim pasayib ketmasligi uchun bir yilda ikki marta kasalxonaga yotib, davolanaman. Bu ketishda bir ko‘zim butkul ishdan chiqishi hech gap emas”, davom etadi kichik Kuznechik.

Aytishicha, otasining ham sog‘lig‘ida muammo bor: qorni og‘rib qolib, orada bir hafta hech vaqo yemagan, isitmalab yotgan. Bu haqda elchixona xodimlariga aytilgan, ular esa Shvetsiya hukumatiga bildirganlar. Ammo Shvetsiya hukumati “Hech qanday yordam bera olmaymiz”, deb javob qilibdi.

“Biz esa bu yerdan hech qayoqqa ketmasligimizni, oxirigacha shu erda qolishimizni aytyapmiz”, deydi Vladislav.

Advokat Vadim Drozdov Shvetsiya hukumatidan Kuznechiklar huzuriga shifokorlarni kiritishni iltimos qildi. Bunga javoban “Shvetsiya sizning mijozlaringizga nisbatan yurisdiksiyaga ega emas, so‘ralgan tibbiy xizmat esa Qiynoqlarga qarshi qo‘mita tomonidan ko‘rsatilgan muvaqqat chora-tadbirlar doirasiga kirmaydi. Shvetsiyaning Minskdagi elchixonasi mijozlaringizga zarur tibbiy yordam ko‘rsata olmaydi”, degan mazmunda xat oldi.

Vladislav ularning siyosiy boshpana olish maqsadi yo‘qligini aytadi.

“Rejim shunchaga tob beradi deb o‘ylamagandik. Yangi yilgacha, uzog‘i bilan (2021 - yil) bahorgacha tuzum ag‘dariladi va biz bu yerdan chiqib, o‘z mamlakatimizda o‘z oilamiz bilan qolamiz, deb umid qiluvdik. Lekin hammasi cho‘zilib ketganga o‘xshaydi, bu yana qancha davom etishini hech kim bilmaydi”, deydi u ma’yuslanib.

Kichik Kuznechikning Belarusda xotini va ikki farzandi bor. Norozilik namoyishlari boshlanguncha otasi ikkovi mayda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishgan ekan.

“Orzumiz shuki, tuzum tezroq qulasin”

“Men bu hukumatni legitim emas, deb hisoblayman, chunki ular 2020 - yilda saylovlarni soxtalashtirishdi, Lukashenko aql bovar qilmas natija – 80 foizdan ortiq ovoz to‘plaganini e’lon qilishdi”, deydi Vitaliy Kuznechik.

Vladislavga ko‘ra, u o‘z farzandlari kelajagini o‘ylab namoyishga chiqqan. Ularning saylash huquqisiz yashashini xohlamagani uchun.

“Sendan bu huquqni tortib olishsa, qulga aylantirmoqchi bo‘lishsa – bu hayot emas. Hozirda otam ikkimiz faqat bir narsani orzu qilamiz: bu tuzum tezroq yiqilsin-u, qiynoqlarga solingan, qatag‘onlarga duchor qilingan barcha siyosiy mahbuslar ozodlikka qovushsinlar. Aybdorlar qilmishlari uchun javob bersin”, deydi Vladislav.

XS
SM
MD
LG