Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:34

Maktab direktorlari zimmasiga bitiruvchilarni xorijiy oliygohga joylash yuklanmoqda


Bu yil O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga 948 ming abiturient hujjat topshirdi.
Bu yil O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga 948 ming abiturient hujjat topshirdi.

Navoiy viloyatidagi maktab direktorlari zimmasiga bu yil o‘qishga kirolmagan bitiruvchilarni xorijiy oliygohlarga o‘qishga joylash majburiyati yuklangan.

Bu haqda Ozodlikka xabar yo‘llagan maktab direktorlari iddaosicha, ularga bu topshiriqni bajarish uchun bosim qilinib, ishdan haydash bilan tahdid qilinmoqda.

Navoiy viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mas’uli maktab direktorlarining bu iddaolarini inkor qildi.

Navoiy viloyati Nurota tumanidagi bir guruh maktab direktorlari Ozodlikka murojaat qilib, ularga tuman Xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati tomonidan bosim bo‘layotganidan shikoyat qilishdi.

Maktab direktorlari iddaosicha, XTB ular zimmasiga bu yil o‘qishga kirolmagan bitiruvchilarni xorijiy oliygohlarga joylash majburiyatini yuklagan.

Kecha XTBda navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazildi. Unda tumandagi barcha maktab rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasasiga kirolmagan 11-sinf o‘quvchilari masalasi ko‘rildi. Direktorlar O‘zbekiston oliygohlariga o‘qishga kirolmagan o‘quvchilarni xorijiy davlatlarga o‘qishga kirgizishi kerak ekan. Direktorlardan bu narsani talab qilish qanchalik qonuniy?”,- deydi Nurotadagi maktablardan birining direktori ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Ishdan xaydalish xavfi sabab anonim qolishni istagan maktab direktorlari iddaosiga ko‘ra, ularga 3 kun muddat berilib, talabni bajarmaganlarga ishdan haydash bilan tahdid qilingan:

“Bitiruvchilarning ota-onasi bolasini xorijda kontrakt puli to‘lab o‘qitishga sharoiti bo‘lmasa, nima qilsin? XTB rahbariyati bizga hatto bitiruvchilarni xorijiy oliygohlarga o‘qishga joylash harajatlarini o‘z kissamizdan to‘lashni talab qildi. Bo‘lmasa, ishdan bo‘shatishni aytishdi”.

Ozodlik 9 - sentabr kuni Nurota tuman XTB mudir o‘rinbosari Muhiddin Jumaniyozov bilan telefon orqali bog‘langanida u maktab direktorlari iddaolarini rad etdi:

“Biz hech kimdan buni talab qilmaganmiz, qilmaymiz ham”, -dedi mulozim.

Ayni paytda Muhiddin Jumaniyozov o‘quvchilari oliygohga kam kirgan maktablar direktorlari ishdan olinishini inkor qilmadi:

“Maktab reytingiga maktab direktori javob beradi. O‘tgan yili bitiruvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha tumandagi 53 ta maktabdan 9 tasi yashil hududga tushdi. Shu maktablar direktorlarining har biriga viloyat hokimligi tomonidan 10 million so‘mdan mukofot puli berildi. Ko‘rsatkichi yomon 10 ta maktab qizil hududga tushgani sabab direktorlari ishdan ketdi”.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, o‘qishga kirolmagan bitiruvchilarni xorijiy oliygohlarga joylash harakatlari Navoiyning boshqa hududlarida ham kuzatilmoqda.

Kun.uz nashri Navoiyning Zarafshon shahridagi 5-umumta’lim maktabining o‘qishga kirolmagan bitiruvchilarini qo‘shni davlatlar oliygohlariga hujjat topshirishga majburlash holati bo‘lgani haqida xabar qildi.

Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mas’uli maktab direktori yoki bitiruvchini majburlash holati yo‘qligini iddao qildi.

“Bitiruvchilarning oliygohlarga kirishi bo‘yicha reytinglar endi chiqyapti. O‘zbekistonning o‘zida talaba bo‘lganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Davlat test markazining bazasiga avtomatik kiritiladi. Lekin xorijiy oliygohlarga kirgan talabalarni 3 kun ichida bazaga direktorlar kiritishi kerak. Endi bitiruvchilarni xorijiy oliygohlarga kirishi borasida siz aytgan gaplarning barchasi bo‘lmagan gap. Bunaqa majburlash holatlari viloyatimizda umuman yo‘q”,- dedi o‘zini tanishtirmagan mas’ul.

Ayni paytda u xorijiy oliygohlarga o‘qishga kirgan bitiruvchilarning shartnoma pulini maktab direktorlari to‘lab bergan holatlar borligini inkor qilmadi.

Navoiydagi kabi holat boshqa viloyatlarda ham bor yoki yo‘qligi hozircha Ozodlikka ma’lum emas.

Ayni paytda Andijonda o‘qishga kirolmagan bitiruvchilarni ishga joylash majburiyati maktab rahbariyati zimmasiga yuklatilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar yo‘llagan andijonlik direktorlar o‘z bitiruvchilarini ishga joylash talabini bajarish borasida ularga bosim o‘tkazilayotganidan shikoyat qilishdi.

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘qishdan yiqilgan abiturientlarni xorijga o‘qishga taklif qilish bo‘yicha konsalting markazlarining reklamalari ko‘paygan.

Konsalting markazlari hech qanday imtihonsiz xorijiy oliygohlarga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilmoqda. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bu markazlar o‘rtacha 20 million so‘m xizmat haqi oladi. Ayrim xorijiy oliygohlar, jumladan, Turkiyaning chekka hududlaridagi ayrim institutlarning bir yillik shartnoma puli atigi 150 AQSh dollarini tashkil qiladi.

Joriy yilda O‘zbekistonda 438 ming chog‘li o‘quvchi maktabni bitirdi.

Bu yil O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun 948 ming abituriyent hujjat topshirdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan yarim milliondan ziyodroqqa kam.

O‘tgan yili O‘zbekistonda abiturientlar soni 1,484 mln tashkil etgan edi. Ma’lumot uchun- 2019 - yilda 1 million 66 ming 925 nafar abituriyent OTMlarga hujjat topshirgan edi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda 64ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazilgan, qabul kvotasi 3 barobar oshirilgan.

Avvalroq prezident Mirziyoyev bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olishni 50 foizga yetkazish haqida gapirgandi.

2016 - yil dekabrida Mirziyoev Karimov davrida qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olgan. 2017 - yildan boshlab 11 yillik ta’lim qayta tiklangandi.

XS
SM
MD
LG