Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2021, Тошкент вақти: 17:48

Maktablardagi zo‘ravonlik: “Eti sizniki, suyagi bizniki”mi?


O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilarning kaltaklanishi tizimli muammo ekani aytiladi. Video skrinshoti.

Samarqandlik uch farzandning onasi maktab o‘qituvchisini 10 yoshli farzandini "ayovsiz kaltaklaganlik"da ayblamoqda.

Ozodlikka kelgan 7 daqiqalik videoda ona maktab muallimi o‘g‘lini tolning shoxchasi bilan savalaganini iddao qiladi.

Hodisa Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi 53- son maktabda 22 - sentabr kuni sodir bo‘lgan.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan ona hodisa tafsilotlarini Ozodlikka so‘zlab berdi.

“Sinfda hammani oldida bolachamni shunaqa urgan, dumbasi ko‘karib, qorayib ketgan. Tolni shochasi bilan urgan. Oxirgi kunlarda bolam maktabga borgisi bo‘lmay yuruvdi, bilsam, urar ekan. Maktab rahbariyatiga bu haqda aytdim, hech kim e’tibor ham bermadi. Urgan sinf rahbari maktab rahbari muovini ham-da. Shunga maktabdagilar gapimga parvo qilishmayapti” , - deydi kaltaklangan bolaning onasi.

Ozodlik o‘quvchilarni kaltaklagani iddao qilinayotgan o‘qituvchining uyali telefoniga bog‘landi.

Suhbat boshida shaxsini tasdiqlagan erkak Ozodlik savolini eshitgach, boshqa joyga qo‘ng‘iroq qildingiz, deb telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Keyin unga qayta bog‘lanib bo‘lmadi.

Ozodlik onaning bu iddaosi yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi Samarqand viloyat Oqdaryo tumani boshqarmasiga ham murojaat qildi.

Boshqarmaning ma’naviyat ishlari bo‘yicha mas’ul xodimi Himmat Bo‘lakov bolalarni kaltaklagan o‘qituvchiga chora ko‘rilganini aytdi.

“Meni o‘zim shug‘ullandim. Chindan ham shunaqa bo‘lgan ekan. Hozir u o‘qituvchi maktabda ishlamaydi”, - deya gapni qisqa qildi Bo‘lakov.

Ozodlik suhbatlashgan 53- son maktab maktab muallimlaridan biri esa, hamkasbini himoya qildi:

“Siz aytayotgan o‘qituvchi juda tarbiyali bola. Ozgina tartibga chaqirgan bo‘lishi mumkin, ataylab qilmaydiku buni?!“, - dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan muallim.

Oqdaryodagi xolat O‘zbekiston maktablarida so‘nggi bir hafta ichida ro‘y bergan Ozodlikka ma’lum ikkinchi zo‘ravonlikdir.

O‘tgan xafta Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi maktablarning birida o‘qituvchi o‘z o‘quvchilarini urayotgani aks etgan video tarmoqlarda tarqalgan edi.

Tizimli muammo

O‘zbekiston maktab va kollej talabalari hamda bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarining o‘qituvchi-muallimlar tomonidan kaltaklanishi noodatiy hodisa emas.

Maktablarda jismoniy zo‘ravonlik, bolalarni urish, tepish, chimchilash yoki boshqa yo‘llar bilan ularni jazolash tizimli muammolardan ekani aytiladi.

Shu yilning may oyida Qashqadaryoning Shahrisabz tumanidagi maktabning 11-sinf o‘quvchisi Elyor Abduraupov maktab direktori va uning o‘rinbosari tomonidan kaltaklanganini aytib, Ozodlikka shikoyat qilgandi.

Bir oy o‘tib, maktab rahbarlari o‘quvchiga yengil tan jarohati yetkazganlik va uni haqorat qilganlikda aybdor deb topilib, har biri 245 000 so‘mdan jarimaga tortilgan.

O‘tgan yili Xorazm viloyati Xazorasp tumani Pitnak shahridagi 3-son o‘rta maktabning 6-sinf o‘quvchisi Doston Sultonov "Milliy istiqlol g‘oyasi fani"dan dars beruvchi o‘qituvchisi kaltaklab, tan jarohati yetkazgani haqda Ozodlikka shikoyat qilgan edi. Hodisadan bir hafta o‘tib, o‘qituvchi ishdan olingandi.

Ikki yil avval esa, Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi sport maktab internati sport murabbiysi esa mart oyida o‘quvchini urib komaga tushirgani ortidan jazoga totilgan edi.

Sport murabbiysi qasddan hayot uchun xavfli bo‘lgan shikast yetkazishda aybdor deb topildi va uch yilga qamaldi.

Bola yaqinlarining Ozodlikka bildirishicha, 2018 - yilning 20 - sentabr kuni kaltaklangani ortidan komaga tushgan 5- sinf o‘quvchisi 3 oy davomida koma holatida kasalxonada yotgan.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida maktablardagi zo‘ravonlik holatlari haqida statistik ma’lumotlar bor-yo‘qligi ma’lum emas.

Ozodlik vazirlik matbuot kotibi Laylo Rustamovaga bu haqda yuborgan yozma so‘roviga javob ololmadi.

“Eti sizniki, suyagi bizniki”mi?

Ozodlik suhbatlashgan nafaqadagi pedagog Fazilat Ro‘ziyeva maktablarda “o‘quvchilarni urib o‘qitish” usuli keng tarqalganligini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi maktablarda urish qattiqqo‘llik sifatida qaralishi va buni ota-onalar ham ma’qullashi achinarli.

“O‘quvchilarni urish Sovet davridan beri bor aslida. Hozir telefon, internet degan narsalar chiqib ketib, bu xolatlar ko‘rinib qolyapti. Sal chertib qo‘ysa ham internetga chiqarishyapti. Afsuski, ba’zi maktablarda urib o‘qitadigan o‘qituvchilarga qattiqqo‘l, talabchan deb qaraladi. “Go‘shti sizniki, suyagi bizniki”, deb bunaqa “qattiqqo‘llik”ni ma’qullaydigan ota-onalar ham bor. Lekin men urishga qarshiman. Urmasdan ham bolani tartibga chaqirsa bo‘ladi. Aslida malakasiz o‘qituvchilar uradi. Shunaqa o‘qituvchilar ham borki, bir qarashi bilan bolalarni tartibga chaqira oladi. Hamma narsa maktab rahbariyatiga bog‘liq. Bolalarga zo‘ravonlik qilinyaptimi, bunga shu maktabning rahbari mas’ul aslida”, - deydi toshkentlik muallima.

O‘zbekistonlik taniqli bloger Aqida Xanum maktablardagi zo‘ravonliklarning "millat genofondiga yomon ta’siri" haqida gapiradi.

“Kamsitish, zo‘ravonlik, qo‘l ko‘tarish kabi holatlar bo‘layotgan maktablardan kelajakda kimlar yetishib chiqishi mumkin? Bilim maskanlarida bo‘layotgan zo‘ravonliklar, kamsitishlar, bu yerda nafaqat bolalar, balki muallimlarga ham qo‘l ko‘tarilayotgani, ustidan kulib, mazah qilishlar bo‘layotgani - millatning bo‘ladigani bo‘lib bo‘ldi, keladigan joyiga kelib bo‘ldi, degani emasmi? Yomon narsa bu judayam. Ertaga kimlarning qo‘lida qolib ketadi millat. Johillarning qo‘lida qoladimi?, - deydi Aqida Xanum Ozodlik bilan suhbatda.

"Zo‘ravonlik zo‘ravonlikni tug‘diradi"

Ayni paytda O‘zbekiston maktablarida o‘qituvchilarning o‘quvchilarning ota - ona yoki qarindoshlari tomonidan do‘pposlanish holatlari ham keng tarqalgan.

Shu yil aprelida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida “2” baho qo‘ygan o‘qituvchi o‘quvchining akasi tomonidan kaltaklagandi.

Keyinchalik “2” baho olgan o‘quvchining onasi maktab direktorining ma’naviy- ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlashi o‘rtaga chiqqan.

Qashqadaryoning Kasbi tumanidagi 50-son maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Lobar Ergasheva o‘quvchisiga dakki bergani uchun uning qarindoshlari tomonidan kaltaklanganini iddao qilgan.

Ba’zi holatlarda maktab o‘quvchilari o‘z tengdoshlari tarafidan zo‘ravonlikka uchraydi.

Mahalliy matbuot huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga tayanib, maktab o‘quvchilari orasida pichoqbozlik holatlari ko‘payganiga e’tibor qaratgan.

Shu hafta ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh maktab o‘quvchilari o‘zaro janjallashayotgani tasvirlangan video tarqaldi.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, janjal ishtirokchilari 94 -sonli umumta’lim maktabining 9-10 -sinf o‘quvchilari va 145 -sonli umumta’lim maktabining 9 -sinf o‘quvchilari bo‘lgan.

Mojaro Telegram orqali yozishmalarda boshlangan, lekin keyinchalik bolalar masalani shaxsan hal qilishga qaror qilishgan.

Ta’lim sohasi mutaxassislariga ko‘ra, zo‘ravonlik yoki bolaga jismoniy kuch ishlatish ularning ruhiy salomatligi va bilimlarni o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ruhshunoslik fanlari nomzodi, pedagog Mahmud Yo‘ldoshevning aytishicha, zo‘ravonlik zo‘ravonlikni tug‘diradi.

“Bolani kaltaklash daxshat fojialarga olib keladi. Shaxslarning ruhiyatiga ta’sir qiladi. Maktabda tayoq yegan bola ko‘chaga chiqib, birovni urishga harakat qiladi. Zo‘ravonlikka zo‘ravonlik, keyin qamoqqa ketadi. Bu bir-biri bilan bog‘liq. Hech bir inson o‘z bolasini eski zamondagi kabi go‘sht deb atamasligi, "eti sizniki, suyagi bizniki", demasligi kerak. 21-asrda odam ong bilan yashashi kerak. O‘quvchi - ilm izlaydigan odam, uning kallasi ko‘za emas. "Kallasi sham, uni yoqinglar" deyilgan, u bilim izlab ketsin”, - deydi Muhmud Yo‘ldoshev.

YuNESKO tashkiloti dunyo davlatlarini maktablarda zo‘ravonlik va qo‘rquv muhitini bartaraf etishga chaqirib keladi.

"O‘jar, quloqsiz va tajovuzkor"

Mutaxassislar O‘zbekistondagi ta’lim muassasalari va umuman maktab yoshidagi bolalar orasida zo‘ravonlik holatlarining kuchayishida tashqi migratsiya yoki ota-onalarning ommaviy ravishda mehnat muhojirligiga ketishi asosiy omillardan ekanini aytishadi. Birlashgan Millatlarning bolalar jamg‘armasi - YuNISEF o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, ota-onalari uzoq muddat mehnat muhojirligiga ketgan yosh bolalar "ko‘pincha o‘jar, quloqsiz va tajovuzkor bo‘lib qolishadi, bu ayniqsa ular ota-onalarini sog‘inishganda ko‘zga yaqqol tashlanadi. Ularning 37 foiziga yaqini o‘z g‘azablarini aka-uka va opa-singillariga yo‘naltirsalar, 18 foizi esa kattalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishadi".

O‘tgan yili mayida e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, YuNISEF so‘rovida qatnashgan bolalarning 7 foizga yaqini ularning ota-onalari safarga ketganlaridan so‘ng vasiylar tomonidan qo‘llaniladigan jismoniy jazolar ularning kayfiyatining yanada tushishiga sabab bo‘lishini aytgan.

YuNISEFga ko‘ra, ota-onalarning ommaviy ravishda mehnat muhojirligiga ketishi uyda qolgan farzandlarining moddiy ahvolini yaxshilagan, ammo ruhiy-hissiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
YuNISEFga ko‘ra, ota-onalarning ommaviy ravishda mehnat muhojirligiga ketishi uyda qolgan farzandlarining moddiy ahvolini yaxshilagan, ammo ruhiy-hissiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

"Zo‘ravonlik bolalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, bilim olish qobiliyatini pasaytiradi, darslarga qatnashlarini kamaytiradi, o‘z-o‘zini hurmat qilish darajasini tushirib yuboradi, hissiy stress va tushkunlikni keltirib chiqaradi, ba’zida qasddan o‘z-o‘ziga zarar yetkazishga undaydi", deyiladi YuNISEF tadqiqotida.

O‘zbekistondagi ta’lim rasmiylari erkak o‘qituvchilarning mehnat muhojirligiga ketishi maktablarda ta’lim va tarbiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatganini aytishgan, ammo bu xulosa qanday tadqiqotga asoslangani noma’lum.

Xalq ta’limi vazirligi maktablarda o‘quvchilarning kaltaklanishi bilan bog‘liq hodisalarni sharhlamagan. Bu borada biron jiddiy tadqiqot o‘tkazilgani ham ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG