Линклар

Шошилинч хабар
28 май 2022, Тошкент вақти: 04:02

Manbalar: Abdulaziz Komilov TIVga qaytmasligi mumkin


Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining eng uzoq muddat ishlagan rahbaridir.

Ozodlikning O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbalariga ko‘ra, “xorijda davolanayotgan” Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hukumatdagi vazifasiga qaytmasligi mumkin.

Toshkentdagi manbalar 74 yashar vazirning ehtimoliy iste’fosini uning sog‘ligi bilan emas, balki shu yilning 17-mart kuni O‘zbekiston Senatida Ukrainadagi vaziyat yuzasidan qilgan bayonoti bilan bog‘lamoqda.

Komilov Senatdagi bayonotida O‘zbekiston “Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishi va Donetsk hamda Lugantsk xalq respublikalarini tan olmasligi”ni ta’kidlagandi.

Vazir shuningdek, O‘zbekiston “bugungi og‘ir kunlarda Ukrainaga gumanitar yordam beramiz va hozirgi og‘ir vaziyatni inobatga olib gumanitar yordam yuborishda davom etishi”ni aytgan.

Komilovning Senatdagi bayonoti uning AQShga tashrifi ortidan yangragan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, vazirning bayonoti Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan va O‘zbekistonning Ukraina borasida 2014-yil Qrim anneksiyasidan so‘ng egallab kelgan pozitsiyasiga hamohangdir.

Ammo Rossiya tomoni bayonotga “og‘riqli munosabat bildirgan” va Kremlning noroziligi Toshkentda “to‘polon”ga sabab bo‘lgan.

Ozodlik manbalari bu "diplomatik mojaro" ortidan Abdulaziz Komilov iste’fo haqida ariza yozishga majbur bo‘lganini aytmoqda.

Hozircha Ozodlikda Komilovning kutilayotgan iste’fosiga doir rasmiy ma’lumot mavjud emas.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ismini ochiqlamaslikni so‘ragan xodimi Abdulaziz Komilovning iste’fosi kutilayotganini qat’iyan rad etdi. Ayni paytda u "vazirni bir hafta oldin ko‘rgani va u kasal ko‘rinmagani"ni ham qo‘shimcha qildi.

Toshkentdagi g‘arblik diplomatlardan biri Abdulaziz Komilovning ehtimoliy iste’fosi haqidagi gaplarda "jon borligi"ni taxmin qildi. U vazirning Ukrainadagi vaziyat yuzasidan bayonoti Rossiya tomonining noroziligiga sabab bo‘lganidan xabardorligini bildirdi.

Komilovning bayonotidan bir kun o‘tib, 18-mart kuni O‘zbekistondan Ukrainaga yuborilgan 2,5 tonnalik gumanitar yordam Toshkentga qaytarilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga yaqin manbaning Ozodlikka bildirishicha, hozirgacha bu yordamning Ukrainaga yetib borgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

Ozodlik manbalari O‘zbekistonning yangi tashqi ishlar vaziri lavozimiga vazir o‘rinbosari Vladimir Norov nomzodi ko‘rib chiqilayotganini taxmin qilmoqda.

23-mart kuni Turkiyaning sobiq bosh vaziri Binali Yildirimni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida vazir o‘rinbosari Vladimir Norov qabul qilgan edi. Norov 2006-2010-yillarda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.

Boshqa bir manbaga ko‘ra, nomzodlar orasida Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ham bor. Umurzoqov 30-mart kuni Xitoyning Tunsi shahrida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida qatnashdi. Ayni uchrashuv doirasida u Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ham muzokaralar olib borgan.

TIV: Vazir xorijda davolanmoqda

29-mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “So‘nggi 10 kun ichida Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son Markaziy klinik shifoxonasida davolangan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tibbiy muolajalarni davom ettirish uchun xorijga ketgani” haqida xabar tarqatdi.

Xabarda Komilovning qanday xastalikdan davolanayotgani, ahvoli qandayligi va qaysi xorijiy davlatga ketgani haqida ma’lumot berilmagan.

Rasmiy xabardan Abdulaziz Komilov Ukrainadagi vaziyat haqida qilgan bayonotidan ikki kun o‘tib kasalxonaga tushgani anglashiladi.

Ozodlik manbalari vazirning haqiqatan ham muolaja olayotganini aytmoqda.

"Farqli" bayonot

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Senatdagi bayonoti Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi boshlanganidan 22 kun o‘tib yangradi.

Bunga qadar rasmiy Toshkent Ukrainadagi vaziyat borasida “neytral va vazmin” pozitsiyani egallaganini aytib kelayotgandi.

Garchi O‘zbekiston Qrim anneksiyasidan keyin ham Ukrainaning hududiy yaxlitligini dastaklagan esa-da, tahlilchilar Komilovning bayonoti ohang jihatidan “qat’iyligi” bilan ajralib turganiga e’tibor qaratishdi.

Vazir Senatdagi hisobotida Ukraina mavzusiga teginmagan, bu haqda senatorlardan birining savoliga javoban gapirgan. Ammo mahalliy jurnalist va blogerlar Komilovning Ukraina haqidagi savolga “javobi tayyor bo‘lgani va bu O‘zbekistonning qat’iy pozitsiyasini aks ettirgani” haqida yozishdi.

Abdulaziz Komilovning Ukrainadagi vaziyat yuzasidan bayonoti Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar ortidan yangragan.
Abdulaziz Komilovning Ukrainadagi vaziyat yuzasidan bayonoti Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar ortidan yangragan.

Kreml O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining 17-mart kuni qilgan bayonotiga rasman munosabat bildirmadi.

21-mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon muloqoti o‘tkazgani xabar qilindi. Kreml matbuot xizmati “O‘zbekiston prezidenti Rossiya tomonining pozitsiyasi va harakatlari yuzasidan tushunish izhor qilgani”ni bildirdi.

O‘zbekiston tomoni ikki davlat rahbarlari o‘rtasida 25-fevral kuni o‘tgan telefon muloqoti haqida Kremlning ayni mazmunda tarqatgan xabari yuzasidan izoh bergan, unda “Mirziyoyev Rossiyaning harakatlari yuzasidan tushunish izhor qilgani” haqidagi Kreml talqini rad etilgandi.

O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati Kremlning so‘nggi xabari yuzasidan bu kabi izoh bergani yo‘q.

Eng uzoq ishlagan vazir

74 yashar Abdulaziz Komilov O‘zbekiston hukumatining eng keksa mulozimlaridan biri. U ikki marta mamlakat Tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan va ushbu lavozimda umumiy hisobda 19 yildan ko‘proq ishlagan.

Komilov so‘nggi bor Tashqi ishlar vaziri lavozimiga marhum Islom Karimov tomonidan 2012-yilda tayinlangan edi. U sobiq hukumatning 2016-yilda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng vazir lavozimini saqlab qolgan yagona a’zosidir.

Abdulaziz Komilov ilk bor 1994-yilda Tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan va 2003- yilgacha ushbu lavozimda ishlagan.

Sovet davrida SSSRning Livandagi elchixonasi hamda Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq bo‘limida ishlagan Abdulaziz Komilovning “sobiq SSSR KGBsidan chiqqan kadr” ekani aytiladi. Uning rasmiy tarjimai holida KGBda xizmat qilgani haqida ma’lumot yo‘q. Ammo Abdulaziz Komilov 1992-yilda Moskvadan O‘zbekistonga qaytgach egallagan ilk lavozimi O‘zbekiston MXX raisining o‘rinbosarligi bo‘lgan.

Abdulaziz Komilovning O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri lavozimidagi faoliyati O‘zbekistonning AQSh va boshqa g‘arb davlatlari bilan yaqin munosabatlar o‘rnatgan davriga to‘g‘ri keladi.

2004-yilda Komilov Tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlanishi ortidan O‘zbekiston Eronning yadroviy dasturiga qarshi AQSh mavqeini dastaklagan va oradan ko‘p o‘tmay, har ikki tomondan yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirilgandi.

Komilov 2003-2010-yillarda O‘zbekistonning AQShdagi elchisi bo‘lgan. Ayni lavozimda u 2005-yildagi Andijon voqealari ortidan yomonlashgan o‘zbek-amerika munosabatlarining qayta tiklanishida muhim rol o‘ynagani aytiladi.

Komilov O‘zbekistonning G‘arb bilan munosabatlari yaxshilangan va Andijon voqealari sabab Toshkentga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar bekor qilingan 2012-yilda Tashqi ishlar vaziri lavozimiga qaytgan edi.

Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning sovet davridagi rahbari Sharof Rashidovning kuyovidir.

Uning Rossiya fuqarosi bo‘lgan o‘g‘li Doniyor Komilov o‘tgan yil yozida Toshkent markazidagi sobiq MXX binosini sotib olishi ortidan tilga tushgan edi. Mahalliy matbuot bino Doniyor Komilovga tegishli METROPOL GROUP MChJ ga sotilishidan avval Madaniy merosga oid ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatidan chiqarilganiga e’tibor qaratgan.

XS
SM
MD
LG