Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:56

Manbalar: Alina Kabayeva 2015 va 2019- yillarda Putindan ikki o‘g‘il ko‘rgan


Badiiy gimnastika bo‘yicha Olimpiya chempioni Alina Kabayeva Kremldagi rasmiy taqdirlash marosimida. Moskva, 21-dekabr, 2005.
Badiiy gimnastika bo‘yicha Olimpiya chempioni Alina Kabayeva Kremldagi rasmiy taqdirlash marosimida. Moskva, 21-dekabr, 2005.

Shveysariyaning SonntagsZeitung gazetasi 1 may sonida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2015 va 2019-yillarda tug‘ilgan ikki o‘g‘li borligi va ulardan biri Shveysariyada istiqomat qilishi haqida yozdi.

Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, bolalarni tagi toshkentlik sobiq gimnastikachi, Olimpiada chempioni Alina Kabayeva dunyoga keltirgan. Kabayeva Putinning yaqinlaridan biri sifatida so‘nggi paytlarda G‘arb OAVlarida ko‘p tilga olinmoqda edi.

Shveysariya nashri manba sifatida ikki holatda ham Kabayevaga doyalik qilgan shifokorning tanishiga havola bergan, ammo ularning iltimosiga ko‘ra ism-familiyalarini ochiqlamagan.

Shifokor Rossiyada tug‘ilgani va yoshligida Putin bilan tanish bo‘lgani, ammo ancha yillar burun Shveysariyaga ko‘chib kelgani aytiladi. Manbaga ko‘ra, 2015-yilda Kabayeva farzandini tug‘ib olishi uchun yashirincha Shveysariyaning Lugano shahriga olib kelingan. Lekin voqealarni to‘la sir tutishga baribir muvaffaq bo‘linmagan: o‘shanda Kabayeva o‘g‘il ko‘rgani haqida qator OAVlar yozgan edi (ayrim xabarlarda egizak tug‘di deyiladi, biroq SontaggsZeitung manbasi buni noto‘g‘ri ma’lumot deb aytgan). Avvalboshdayoq bola Putinning o‘g‘li ekani taxmin qilinayotgandi. Ammo Kreml voizi Dmitriy Peskov buni inkor etgan.

To‘rt yildan so‘ng Alina Kabayevaning yana ko‘zi yorigan, bu safar u Moskvada tuqqan. SontaggsZeitung manbasi bu “prezident qarori” bo‘lganini bildirgan.

Shveysariya nashri Kabayeva homilador ekanida bir necha marta Luganoga kelganini, ammo yonida Putin bo‘lmagani qayd etgan. Yaqinda Wall Street Journal gazetasi ham Kabayeva Shveysariyadagi tevaragi baland devor bilan o‘ralgan hashamatli uyda ko‘p vaqtini o‘tkazgani to‘g‘risida yozgan edi.

SontaggsZeitung nashri Kabayeva yoki Putinning vakillaridan izoh ololmaganini bildirgan.

O‘tgan haftada The Wall Street Journal gazetasi ismini ochiqlamagan manbalarga tayanib, yaqinda AQSh Milliy xavfsizlik kengashi Kabayevaga qarshi joriy etish rejalangan sanksiyalarni to‘xtatib qolgani haqida xabar berdi. Maqolada AQShning yuqori martabali mulozimlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning keskin reaksiya bildirishidan va Rossiya bilan aloqalar yanada taranglashuvi mumkinligidan xavfsirashgani aytiladi, shuningdek Kabayeva Putinning bolalari onasi bo‘lishi mumkinligiga doir taxminlar esga olinadi.

  • Avvalroq Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb mamlakatlari Katerina Tixonova hamda Mariya Voronsovalarga qarshi sanksiyalar qo‘llagan edi – rasmiy sanksiya ro‘yxatida ular Rossiya prezidentining sobiq turmush o‘rtog‘i Lyudmila Putinadan ko‘rgan qizlari o‘laroq tilga olinadi. Kreml sanksiyalar to‘g‘risidagi xabarga javobida Rossiya siyosatchilarining oila a’zolariga qarshi cheklovlar joriy etilishini qoralab Tixonova bilan Voronsova Putinning qizlari ekanini de-fakto tan oldi.
  • O‘shanda G‘arb mamlakatlari Putinning “voyaga yetgan farzandlari”ga nisbatan sanksiyalar kiritilganini urg‘ulagan ediki, bundan Rossiya prezidentining voyaga yetmagan bolalari ham borligini tushunish mumkin. Kreml Putinning farzandlariga doir xabarlarga hech qachon batafsil izoh bergan emas va bu masalani jamiyat manfaatlarining bir qismi sifatida tan olishdan hamisha bosh tortib kelgan. Ayni chog‘da Putin bir necha bor nabiralari borligi haqida gapirgan (ularning ismlarini va nechtaligini ochiqlamagan holda).
  • Rossiya prezidentining Yelizaveta Krivonogix ismli yana bir qizi borligi taxmin qilinadi. Uning onasi Svetlana Krivonogix ham G‘arbning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan.
XS
SM
MD
LG