Reuters agentligining olti manbasi Vladimir Putin mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida qatnashishga qaror qilgani, Rossiyani so‘nggi o‘n yilliklardagi eng xavfli davrdan olib o‘tishim kerak deb hisoblayotgani haqida ma’lum qilgan.
Iyun oyida "Vagner" yollanma guruhi rahbari boshchiligidagi qurolli qo‘zg‘olonni bostirgandan so‘ng, Putin o‘zining xavfsizlik kuchlari, harbiylar va mintaqaviy saylovchilar orasida tayanchini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Vagner esa tiz cho‘ktirildi.
Rossiyaning mudofaa, qurol-yarog‘ va umumiy byudjet xarajatlari ortdi.
Putinning so‘nggi oylarda mintaqalardagi ommaviy chiqishlari ko‘paygan.
“Qaror qabul qilindi – u o‘z nomzodini qo‘yadi”, dedi manbalardan biri.
Boshqa manba qaror qabul qilingani va Putinning maslahatchilari saylovga hozirlik ko‘rayotganini tasdiqladi. Yana uchta manba 2024-yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Putin nomzodi qo‘yilishini aytdi.
Manbalar anonimlik sharti bilan Reuters bilan suhbatlashgan.
Ulardan biri ushbu qaror biror haftalarda rasman bildirilishini aytgan.
Ko‘plab diplomatlar, josuslar va rasmiylar Putin hokimiyatda umrbod qolishi kutilayotganini aytgan bo‘lsa ham, hozircha Putinning qayta saylanish rejalari rasman tasdiqlanmagan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Putin hali bu masalaga izoh bermagan va “saylov kampaniyasi hali rasman e’lon qilinmagan”.
ROSSIYA URUSHDA
1999-yilning so‘nggi kunida Boris Yelsindan prezidentlikni qabul qilib olgan va hozirda 71 yoshli Putin allaqachon Iosif Stalindan keyingi davrda Rossiyani eng uzoq boshqargan odamga aylandi.
Diplomatlar fikricha, amaldagi prezident yana saylovda qatnashsa, Putinga jiddiy raqib yo‘q. Sobiq KGB josusi bo‘lmish Putin hozir 80% reytingga ega. Uni davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari qo‘llab-quvvatlaydi va uning boshqaruviga sezilarli qarshilik ko‘rsatmaydi.
Shunday bo‘lsa ham, Putin Mixail Gorbachyov o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt oldin parchalanib borayotgan Sovet Ittifoqini saqlab qolishda duch kelgandek jiddiy sinovlar qarshisida turibdi.
Ukrainadagi urush 1962-yildagi Kuba raketa inqirozidan beri G‘arb bilan eng katta qarama-qarshilikni keltirib chiqardi va G‘arb sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotiga o‘n yilliklardagi eng katta tashqi zarba bo‘ldi.
Urush boshlanganidan beri inflyatsiya tezlashdi, rubl tushdi va mudofaa xarajatlari 2024-yilda Rossiya umumiy byudjeti xarajatlarining deyarli uchdan bir qismini tashkil qiladi, deyiladi hukumat loyihasida.
Ammo Putin hokimiyati uchun eng katta tahdid iyun oyida, Yevgeniy Prigojinning qisqa davom etgan isyoni bo‘ldi.
Prigojin qo‘zg‘olondan ikki oy o‘tib aviahalokatda o‘ldi. Shundan so‘ng Putin Vagner qo‘shinlari qoldiqlari ustidan nazoratini kengaytirish uchun Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiyadan foydalandi.
G‘arb Putinni harbiy jinoyatchi va diktator sifatida ko‘rsatdi.
Ammo Putin Ukraina urushini Qo‘shma Shtatlar bilan yanada kengroq kurashning bir qismi sifatida ko‘rsatmoqda. Kreml elitalari fikricha, AQSHning maqsadi Rossiyani parchalash, uning ulkan tabiiy resurslarini tortib olish va keyin Xitoy bilan hisob-kitob qilishdir.
"Rossiya G‘arbning birlashgan kuchiga duch kelmoqda", deydi manbalardan biri.
Ba’zi ruslar uchun esa urush postsovet Rossiyasining kamchiliklarini ko‘rsatgan.
Qamoqdagi rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning aytishicha, Putin Rossiyani strategik vayronagarchilikka olib keldi.
"Rossiya orqaga ketmoqda", dedi rossiyalik hurmatli inson huquqlari faollaridan biri Oleg Orlov iyul oyida Reuters agentligiga. "Biz kommunistik totalitarizmni tark etdik, ammo hozir totalitarizmning boshqa turiga o‘tdik."