Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:48

Marhum huquqbon Azimjon Asqarov o‘limini tergov qilish bilan MXDQ shug‘ullanadi


Azimjon Asqarov 2020 - yil iyunida Qirg‘iziston qamoqxonasida vafot etgan - Bishkek mahkamasi, 10 - yanvar, 2017
Azimjon Asqarov 2020 - yil iyunida Qirg‘iziston qamoqxonasida vafot etgan - Bishkek mahkamasi, 10 - yanvar, 2017

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi marhum inson huquqlari faoli Azimjon Asqarov o‘limini tergov qilishni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga (MXDQ) topshirdi.

2010 - yil iyun voqealariga aloqadorlikda gumon qilinib umrbod qamoqqa hukm qilingan Azimjon Asqarov o‘tgan yili Bishkekdagi 47-sonli axloq tuzatish muassasasida vafot etgandi. Avvalroq bu ish bo‘yicha QR Jazoni ijro etish davlat xizmati (JIEDX) tergov olib borgan.

Marhumning turmush o‘rtog‘i Xadicha Asqarova endi adolatli tergov o‘tkazilishi, aybdorlar aniqlanishi va jazolanishi lozimligini aytadi.

– Menga bu haqda xabar qilishdi. Endi, nihoyat, xolis qaror chiqariladi, deb umid qilaman. Chunki o‘shanda Azimjon xastaligiga qaramay, zarur choralar ko‘rilmagan. Nimadir qilishga urinib ko‘rish mumkin edi-ku axir. Umid qilamanki, ish risoladagidek tergov qilinib, tegishli qaror qabul qilinadi.

Sentabr oyi boshlarida “Bir dunyo – Qirg‘iziston” jamoat tashkiloti advokatlari huquqbonning o‘limiga doir ish bo‘yicha tergovni boshqa idoraga topshirishni so‘rab QR Maxsus prokuraturasi va JIEDXga murojaat qilishgan edi. Advokatlar o‘z iltimosini “JIEDX o‘z xodimlariga nisbatan qonun doirasida chora ko‘ra olmasligi” bilan izohlagan.

“Bir dunyo – Qirg‘iziston” rahbari To‘lekan Ismoilova tashkilot tutumini quyidagicha tushuntiradi:

– Bizning ekspert va yuristlarimiz katta xizmat qilishdi. Mana natija. Agar Azimjon Asqarov ishi bo‘yicha tergov lozim darajada o‘tkazilishiga erisha olsak, bu yordamga muhtoj boshqa fuqarolarning ishlari qayta ko‘rilishini tezlashtiradi. Ular advokatlarning arizasini ko‘rib chiqib, odilona qaror chiqarishdi. Ishni boshqa idoraga berish to‘g‘ri qaror bo‘ldi. JIEDX o‘z faoliyati haqida qanchalik maqtanmasin, ular o‘zlariga qarashli muassasaning kamchiliklarini yashirishga harakat qilishar edi baribir. Axir Azimjon Asqarov o‘sha paytdagi rasmiylar inson haqlariga ahamiyat berishmagani tufayli qariyb o‘n yil qamoqda o‘tirdi.

Азимжон Асқаров Ўзбекистонда дафн этилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:39 0:00

Azimjon Asqarov 2020 - yil 25 - iyul kuni 69 yoshida vafot etgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, u zotiljam xastaligidan o‘lgan. Marhum jasadi O‘zbekistonga keltirilgan va poytaxt Toshkentda dafn qilingan.

Huquqbonning o‘limi bo‘yicha tergov tezda boshlangan bo‘lsa-da, keyinroq JIEDX tergovchisi ishni sudgacha yuritishni to‘xtatib qo‘ygan. 2021 - yil 27 - iyulda Bishkek shahri sudi Sverdlov tumani sudining JIEDXning jinoyat ishini tugatish haqidagi qarori ustidan advokat shikoyati bo‘yicha ishni yuritishdan to‘xtatishga oid qarorini bekor qildi.

Shundan so‘ng sentabr oyi boshida JIEDX yangi holatlar ochilishi munosabati bilan Azimjon Asqarov o‘limiga doir ishni tergov qila boshladi.

Mazkur idora matbuot kotibi Eleonora Sabatarova ishni qaysi organ tergov qilmasin, natija bir xil bo‘ladi, chunki ishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan, deb hisoblaydi:

– Tergov endi boshlangan paytda salbiy fikr-munosabatlar bildirila boshlangan edi. Ammo shikoyat qilishadimi, yo‘qmi, qat’i nazar, biz tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgan odam o‘limini tergov qilyapmiz. Bizdan keyin ishni maxsus prokuratura ko‘rishi kerak edi. Endi uni qaysi idora tergov qilmasin, bizning muassasamiz hamkorlik qilishga tayyor. Azimjon Asqarov o‘limida qonunga zid xatti-harakatlar bo‘lmagan.

Qator xalqaro tashkilotlar Azimjon Asqarov o‘limi munosabati bilan Qirg‘iziston hukumatini tanqid qilgan edi. Ushbu masala 6 - sentabr kuni Bryusselda o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi va Qirg‘iziston o‘rtasidagi Inson huquqlari bo‘yicha yillik muloqotning 11-raundi chog‘ida ham ko‘tarilgan.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Nuran Niyozaliyev bilan 23 - sentabr kuni Bishkekdagi uchrashuvida Azimjon Asqarov o‘limi bo‘yicha qayta tergov o‘tkazish masalasini kun tartibiga olib chiqdi.

Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida Hyu Uilyamson yangi tergov xolis o‘tkazilishi va to‘g‘ri qaror qabul qilinishidan umidvorligini bildirdi:

– Qirg‘iziston hozirda turbulentlik holatini kechirmoqda. Avvalroq prezident Sadir Japarov inson huquqlarini dastaklashini ma’lum qilgan edi. U BMT Bosh assambleyasidagi chiqishida ham u Qirg‘iziston demokratiya yo‘lidan qaytmasligini urg‘uladi. Biz Qirg‘iziston hukumati bilan konstruktiv muloqot olib borishda davom etamiz. Inson haqlarini himoya qilish va ilgari surishda QR hukumatiga ko‘maklashishni xohlaymiz. Umid qilamizki, Azimjon Asqarovning qamoqda vafot etishi bo‘yicha yangidan boshlangan tergov mustaqil bo‘lajak va fojianing chin aybdorlari aniqlanajak.

Huquqbonlik tashkilotlari Azimjon Asqarov ishi munosabati bilan Qirg‘iziston hukumatini bir necha bor tanqid qilib, o‘z tavsiyalarini bergan. Ammo tergov idoralari uning aybi isbotlanganini iddao qilganlar. Huquqbonning o‘zi esa aybsizligini, unga qarshi jinoyat ishini esa qirg‘iz militsiyasi o‘ch olish maqsadida soxtalashtirganini hayotligida bir necha marta aytgan edi.

“Bir dunyo – Qirg‘iziston” rahbari To‘lekan Ismoilovaning fikricha, “Qirg‘iziston hukumati xalqaro darajada Azimjon Asqarov masalasi ko‘tarilmasligini istasa, to‘g‘ri qaror qabul qilinishi zarur”.

– Uning o‘limi tergov qilinishi – bu birinchi qadam, dastlabki ijobiy siljish desa ham bo‘ladi. Bu atigi bitta misol xolos. Yopiq muassasalarda bunaqa holatlar ko‘p. Qirg‘iziston inson huquqlari himoyasi masalasida bir pog‘ona yuksalishni istasa, mazkur ish adolatli tergov qilinmog‘i lozim. Hozir bir nimalar qilinyapti, albatta, lekin bu oson ko‘chmaydi. Har holda burungi hukumatning xatolarini tan olib, barchasini tuzatish imkoniyati bor. Ishonamanki, ayni paytda qamoqda o‘tirgan begunoh odamlarga nisbatan ham to‘g‘ri qarorlar qabul qilinajak. Boshqa yo‘l yo‘q.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi, “Human Rights Watch” hamda Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo‘mitasi Azimjon Asqarov o‘limini mustaqil tergov qilish va huquqbonning oilasiga tovon to‘lashga chaqirgan edi.

Azimjon Asqarov Jalolobod viloyatining Bozorqo‘rg‘on tumanida yashagan va huquqbonlik faoliyati bilan shug‘ullangan. 2010 - yil iyul voqealaridan so‘ng u tartibsizliklar chiqarish va militsiya xodimining o‘ldirilishida ishtirok etishda gumon qilingan edi. Barcha sud instansiyalari qarori bilan u umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.

2017 - yil 24 - yanvarda Chuy viloyati sudi yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishni ko‘rib chiqishga kirishgan, biroq pirovardida avvalgi qarorni o‘z kuchida qoldirgan edi. Ayni qarorni 2020 - yil 13 - mayda Oliy sud ham o‘z kuchida qoldirgan.

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi 2016 - yilda Asqarov ishi yuzasidan xulosa bergan. Unda urg‘ulanishicha, Azimjon Asqarov qamoqdaligida qiynoqqa solingan, shuningdek tibbiy yordam olish va xolis sudlov huquqlaridan ayirilgan. Shu munosabat bilan u o‘tgan yili fevralda Bishkek tumanlararo sudiga murojaat qilib, hukumat BMT qo‘mitasining qarorini bajarmayotganini aytgan. QR Oliy sudi 15 - iyunda Bishkek ma’muriy sudi huquqbonning Qirg‘iziston hukumatiga nisbatan qo‘zg‘agan da’vosini ish yurituvidan to‘xtatganini ma’lum qilgan.

Azimjon Asqarov qamoqxonada zotiljam xastaligiga chalinib, 2020 - yil 25 - iyul kuni 69 yoshida vafot etgan edi. U o‘zining vasiyatiga binoan O‘zbekistonda dafn qilingan.

XS
SM
MD
LG