Линклар

Шошилинч хабар
29 июл 2021, Тошкент вақти: 13:09

“Masjid ham yo‘q, pul ham” -  Janubiy Koreyada masjid qurishga yig‘ilgan ehson pullari qani?


Youtube kanalida o‘zbekistonlik imom Koreyada masjid qurish uchun yer olinayotgani, buning uchun ehson yig‘ilayotganini aytgan.

Ikki yil avval Janubiy Koreyaning Kimxe shahrida masjid qurilishi uchun deya pul yig‘ish boshlangandi.

Koreyada yashovchi o‘zbekistonliklarning aytishicha, o‘zini O‘zbekiston Musulmonlar idorasidan jo‘natilgan imom sifatida taqdim qilgan shaxslar bu ishga bosh qo‘shgan.

Ammo, masjid qurilmagan. Masjid qurilishi uchun to‘plangan ehson pullari taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Masjid uchun pul to‘lab qo‘yganlar yig‘ilgan ehson pullar qani, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda.

Janubiy Koreyaning Kimxe shahrida yashovchi namanganlik Abdulloh Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, masjid qurilmagan, uni qurish uchun ehson yig‘ishni tashkillashtirganlar esa O‘zbekistonga ketib qolgan.

“Masjid qurish bahonasida plastik kartaga pul tushirishni yo‘lga qo‘yishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda chiqib, plastik kartalarni e’lon qilishdi. Nafaqat bu yerda o‘zbeklar, indoneziyalik, malayziyalik musulmonlar ham minglab dollar tushirib berdi. Bizni hisob bo‘yicha faqat Koreyani o‘zida 50 ming dollardan ortiq pul yig‘ilgan. Rossiyada ham katta pullar yig‘ildi. Mana ikki yil o‘tdi masjid ham yo‘q, pul ham. Hozir bilsak masjid quramiz, deb pulimizni olgan “qori aka”lar O‘zbekistonga ketvorgan. Bu yerga vaqtinchalik viza bilan kelishgan ekan. U yerda boshqa “sahovat” ishlarini olib borishayotgan ekan”, - deydi Kimxe shahrida yashovchi Abdulloh ismli o‘zbekistonlik.

Abdullohning aytishicha, Koreyada masjid qurish tashabbuschilaridan biri o‘zbekistonlik imom Abdug‘affor Ergashev bo‘lgan.

Ikki yil avval Koreyaning Kimxe shahridagi Imom al Buxoriy masjidiga imomlik qilgan Ergashev Youtube kanalida qilgan chiqishlarida Koreyada masjid qurish uchun yer olinayotgani, buning uchun ehson yig‘ilayotgani, ko‘ngillilar pul o‘tkazishlari mumkinligini aytadi.

“Yer olyapmiz. Agar qursak bu O‘zbekistonning Koreyadagi o‘z imoratiga ega birinchi masjidi bo‘ladi. Savob qilmoqchi bo‘lganlar mana shu kartochkaga pul tushirishlari mumkin. Rossiyada ham Dilmurod ukamiz bor, u ham kartochka ochib bizga yordam qilyapti. Rossiyada ishlayotganlar ham yordam qilishlari mumkin”, - deydi Ergashev 2019 - yil noyabridagi chiqishida.

Koreyada masjid qurish uchun GoFundMe saytida ham ehson yig‘ish e’lon qilingan.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2020 -yil boshida esa Ergashev O‘zbekistonga qaytib ketgan.

Youtube kanalida tarqalgan videolardan ayon bo‘lishicha, u hozirda O‘zbekiston ichida “Sahovat” kambag‘allarga yordam berish tadbirlarini uyushtirmoqda.

Masjid uchun shu paytgacha qancha pul yig‘ilgan va u pullar qayerda?

Ozodlik bu savolga javob topish uchun Ergashevga bog‘lanishga harakat qildi, lekin uning uyali telefoniga davomli qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Janubiy Koreyada masjid ochishga hech kimga vakolat berilmaganini aytdi.

“Bizda boshqa bir davlatda, jumladan Janubiy Koreyada masjid ochishga vakolat yo‘q . Hech kimga bunday vakolat bermaganmiz”, dedi mulozim.

Masjid qurilishi uchun pul to‘lab qo‘ygan o‘zbekistonliklar esa ham Janubiy Koreya, ham O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga arz qilib, ehson pullarini qaytarib olishda ko‘mak so‘rash niyatida .

“Hozir bular boshqalarni chuv tushirmasligi uchun huquq-turtibot idoralariga ariza tayyorlayapmiz. Hazilakam pul to‘plangani yo‘q u yerda. Biz bilgan odamlar to‘lagan pullarni hisoblab chiqsak 100 ming dollardan ko‘proq pul. Bundan tashqari bularni Rossiyadagi odami ham kartochkasini e’lon qilib, pul tushirish bilan shug‘ullangan. Buni tagiga yetamiz”, - deydi Koreyada yashovchi Ibrohim ismli boshqa o‘zbekistonlik.

“Koreyada masjid qurishga talab bor”

Janubiy Koreyada majid qurish tashabbuschilaridan yana biri o‘zbekistonlik imom Ulug‘bek qoridir.

Ozodlik bilan suhbatda Ulug‘bek qori Kimxe shahrida masjid qurish g‘oyasi anchadan beri borligini aytadi.

“Shunaqa xolat bo‘lgan. Pul yig‘ish qilingan, men ular bilan ko‘rishganman, lekin men u odamlar pullarni talon-toroj qilgan, deb ayblay olmayman, chunki ma’lumotga ega emasman. Qo‘limda yuz foiz dalil bo‘lmasidan ularni ayblay olmayman. Alloh bilguvchi, agar ehsonga hiyonat qilingan bo‘lsa Alloh jazosini albatta beradi. Shuni ayta olamanki, bu yerda, ayniqsa Kimxe shahrida masjid ochishlik uchun talab katta. Ibodat qiladiganlar ko‘p. Ijaraga olingan inshootlarimiz qoniqtirmaydi, agar quriladigan bo‘lsa oddiy masjid bo‘lmaydi, juma o‘qiladigan jome masjid bo‘ladi-da. Shuning uchun hozir o‘zimiz, mana shu yerda yashovchi o‘zbekistonliklar ko‘magi bilan shu ishni qilib ko‘raylikchi, deb turibmiz. Yer olsak kimdir g‘ishtini o‘zim terib beraman deyapti, boshqachi qurilish mollarini olib beryapman, deydi. Shuni qilamiz, Xudo xohlasa”, - deydi Ulug‘bek qori.

Youtube kanalida esa o‘tgan yil boshida Ulug‘bek qorining Abduqahhor Ergashev bilan birga turib masjid qurilishiga pul o‘tkazishga da’vat qilayotgani aks etgan videolar bor.

"Masjid quramiz, ustida gumbazi ham bo‘ladi", - der ekan Ulug‘bek qori odamlarni buning uchun ehson qilishga da’vat qiladi.

Ikki yil avval Kimxe shahrida masjid qurish uchun to‘plangan ehson pullari qayerda? Bu savolga Ozodlik Ulug‘bek qoridan aniq javobni ololmadi. U bunday dedi:

"Yana bir bor aytaman, oldingi pul yig‘ishga meni aloqam yo‘q. Hozir biz o‘zimiz masjid qurish uchun ehson yig‘yapmiz. Hisob bir odamni nomiga ochilmaydi. To‘rtta odam nazorat qiladi buni. Yana 21 a’zo bo‘ladi, ular ham nazorat qiladi. To‘plangan pul va sarf-harajatlar haqida hisob berib turiladi.

Masjid qurilishi qanchaga tushishini loyihani qo‘limizga olganimizdan keyin e’lon qilamiz. Taxminimiz 700 ming dollarlar atrofida. Yarimdan ko‘proq kapitalimiz bor. Bu yerda ishlab yurganlar yordam bersa degan jihatlar ham bor. Xalqlarimiz ehson qiluvchi, Alloh yo‘lida kimki ehson bersa mukofotini oladi. Bundan foydalanib o‘zini cho‘ntagini to‘ldirmoqchi bo‘lganlarni ham jazosini beradi”, - dedi Ulug‘bek qori.

“Islom niqobi ostida”

O‘zbekistonlik huquq faoli Abdusalom Ergashev fikricha, ehson yig‘ish tizimi shaffof emasligi bois maqsadli sarflanishi savol ostida.

“Islomni niqob qilib ehson yig‘ishlar juda qulay bo‘lib qoldi hozir. Kambag‘alga yordam beraman, deb kartochkasini qo‘yadi, odamlar pul tushiradi. Bu pul u kambag‘lga yetib boradimi, o‘ylab ham o‘tirmaydi. Ishonuvchan xalq. Hudo yo‘liga desa beraveradi. Hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan odam istagan bank kartochkasini qo‘yadi, odamlar pul tushiraveradi. Bu tizim shaffof bo‘lmagandan keyin talon-toroj bo‘lmaydi deb hech kim aytolmaydi. Shuning uchun fuqarolarimiz hech qayerda ro‘yxatgan o‘tmagan, bunday shubhali ehson yig‘ishlardan ehtiyot bo‘lishi kerak”, - deydi Abdusalom Ergashev.

O‘tgan yil Sardoba suv ombori toshqini jabrdiydalariga yig‘ilgan ehson pullari to‘lig‘icha aholiga yetib bormagani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Ayni paytda ehson to‘plash bilan shug‘ullanuvchi ba’zi blogerlarning faoliyati ham muhokamalarga sabab bo‘layotir.

O‘tgan oy tarmoqda bir guruh faollar sobiq xonanda Sardor Rahimxondan “Yurak amri” insonparvarlik loyihasi doirasida yig‘ilgan pullar haqida hisob berishni talab qilib chiqdi.

Bunga Rahimxonning Xorazmda yetimlarga uy olib berish uchun exson to‘lay olmagani haqdagi bayonoti turtki bo‘lgandi. Hozirgacha Rahimxon ehson pullari tushayotgan bank hisobini ochiqlamagan.

XS
SM
MD
LG