Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2025, Тошкент вақти: 22:40

Matbuot sharhi: Yangi O‘zbekiston, eski nayranglar


Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan Nyu Yorkdagi uchrashuvda. Sentyabr, 2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan Nyu Yorkdagi uchrashuvda. Sentyabr, 2023

O‘zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlangan 27-iyun arafasida The Diplomat nashri faollar, blogerlar va hukumat tanqidchilarini ta’qib qilish holatlari ko‘payib borayotganiga e’tibor qaratdi.

Maqola muallifi, HRW inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Mira Rittmanga ko‘ra, 2016-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin ko‘p o‘tmay siyosiy motivlar sabab qamalgan huquq himoyachilari va jurnalistlar ozodlikka chiqdi. Go‘yo «yangi» O‘zbekiston paydo bo‘layotgandek tasavvur uyg‘ondi. O‘zbekiston Islom Karimov davridagidan ko‘ra hamkorlikka, investitsiyalarga hamda islohotlarga ochiq mamlakatdek ko‘rina boshladi.

Ammo HRW vakiliga ko‘ra, bu qisqa davr ortda qoldi, eski odatlar yana bo‘y ko‘rsata boshladi.


Bugun biz O‘zbekistonda kuchishlatar tuzilmalar va sud hokimiyati hukumatni, jumladan, O‘zbekiston prezidentini tanqid qilgan faollar va blogerlarni hibsga olib, jinoiy javobgarlikka tortayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Parlament hokimiyat organlariga nutqi yoki harakatlari «mamlakat suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga tahdid soluvchi, adovat qo‘zg‘atuvchi, xalq sha’ni, qadr-qimmati yoki tarixini kamsituvchi» deb hisoblangan xorijliklarni «istalmagan» deb belgilashga ruxsat beruvchi qonunni ko‘rib chiqmoqda. Ularning besh yilgacha mamlakatga kirishini taqiqlash taklif qilinmoqda.

Huquq himoyachilari, blogerlar va hukumat tanqidchilarini haddan tashqari yoki asossiz ayblovlar bilan qamoqqa tashlaydigan O‘zbekiston qayta paydo bo‘layotganini ko‘ryapmiz.

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi, Xalqaro mehnat tashkiloti va ECOSOC (BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi boshqaruv organi)ga ilk bor O‘zbekistondan vakillar saylandi.

Andijonlik huquq faoli Dilmurod Muhitdinov 30-aprel kuni tovlamachilik hamda shaxs sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishda ayblanib, hibsga olindi. Ayblov bo‘yicha boshqa tafsilotlar oshkor etilmadi, biroq uning hibsga olinishi tanqidiy materiallari bilan tanilgan Achchiq TV internet-kanali bilan hamkorligi bilan bog‘liq degan xavotirlar bor.

Muhitdinov birinchi marta hibsga olinayotgani yo‘q. U dastlab 2005-yil may oyida Andijon voqealaridan keyin hibsga olingan va 2006-yil yanvarida besh yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi. Dilmurod Muhitdinov 2008-yilning fevralida ozodlikka chiqqan.

Hozirda o‘ndan ortiq blogerlar panjara ortida. Ulardan ba’zilari 2023-yil dekabrida sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Olimjon Haydarov kabi tovlamachilik ayblovi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ammo ularning barchasi korrupsiya va so‘z erkinligi bilan bog‘liq tanqidiy chiqishlari uchun jazoga tortilgan deb ishoniladi.


7-iyun kuni Qashqadaryo viloyatida «Ezgulik» inson huquqlari tashkiloti a’zosi, faol Nargiza Keldiyorova ustidan sud jarayoni boshlandi. Rasmiylar Keldiyorovani o‘qituvchilarni jinoiy guruhga birlashtirib, bir necha kishidan pul undirishda, xususan sobiq maktab direktori haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish bilan tahdid qilishda ayblamoqda.

Shuningdek, Keldiyorovaga 2022-yilda Qozog‘iston va Qoraqalpog‘istonda yuz bergan norozilik namoyishlari borasidagi izohlari hamda prezident haqidagi tanqidiy fikrlari uchun «terrorizm» va «prezidentni haqorat qilish» bo‘yicha ayblovlar ham qo‘yilgan.

Uning izohlari davlat buyurtmasi asosida olib borilgan lingvistik tahlilda «O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga» urinish deya tasniflangan, biroq Keldiyorovaning aynan nima degani ochiqlanmagan. Agar u aybdor deb topilsa, kamida sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

ДХХ ни танқид қилган блогер Қозоғистонда ҳибсга олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:34 0:00


2023-yilning mart oyida 40 nafar jurnalist va blogerlar o‘zlari duch kelgan senzura va ta’qiblardan xavotir bildirib Mirziyoyevga maktub yo‘llagan edi. Yana bir qancha jurnalistlar esa faoliyatini to‘xtatishini e’lon qildi. Prezidentni ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilgani uchun qamoqqa olinganlar soni sezilarli darajada oshdi. Bu modda Jinoyat kodeksiga 2020-yilda kiritilgan va besh yillik qamoq jazosini o‘z ichiga oladi.

Maqola davomida Mira Rittman 2022-yil dekabrida Saaditdin Reimov va Qo‘ng‘iratbay Redjepov tinch namoyishlarga chaqiruvlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun «aksilkonstitutsiyaviy faoliyat» ayblovi bilan mos ravishda to‘rt va yetti yilga ozodlikdan mahrum etilganini yodga oladi. Oldinroq Qoraqalpog‘istondagi norozilik namoyishlarini uyushtirganlikda ayblangan advokat va bloger Dauletmurat Tajimuratov esa 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.

O‘zbekistonda yana ko‘plab faollar panjara ortida turgan bir paytda, prezidentning islohotlar haqidagi va’dalari borgan sari sarobdek ko‘rinmoqda. Hukumatning o‘z vakillarini xalqaro inson huquqlari kengashi kabi organlarga tayinlashi mamlakat obro‘sini ko‘tarishga urinishdan boshqa narsa emasdek taassurot uyg‘otadi.

O‘zbekiston asossiz jinoiy ayblovlar bilan qamalgan har qanday faol yoki jurnalistni zudlik bilan ozod qilishi va so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarini qayta ko‘rib chiqishi kerak.

O‘zbekiston hukumati 2022-yil iyul oyida yuz bergan norozilik namoyishlaridan keyin Qoraqalpog‘iston mustaqilligini ochiq qo‘llab-quvvatlagan yoki unga da’vat qilgan faollarning ovozini o‘chirishga qaratilgan harakatlarni ham kuchaytirdi, deb yozadi HRW tadqiqotchisi Mira Rittman The Diplomat nashrida e’lon qilingan maqolasida.

XS
SM
MD
LG