Линклар

Шошилинч хабар
15 июн 2021, Тошкент вақти: 09:37

Matbuot: Shinjon paxtasiga boykot o‘zbek “oq oltini” uchun qo‘l kelishi mumkin


Shinjonlik fermer ayol paxta dalasida - 14 - oktabr, 2018

Jahon bo‘ylab paxta xaridorlari Shinjonda yetishtirilgan paxtadan yuz o‘girarkan, o‘zbek "oq oltin"i bozori chaqqon bo‘lishi mumkin. Bu haqda Xonkongdagi “The South China Morning Post” nashri yozmoqda.

Xitoy paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Shinjondagi paxtani qayta ishlash zavodlarida 600 mingdan ziyod odam ishlaydi. O‘tgan yili Xitoyda qariyb 5.9 million tonna paxta yetishtirilgan.

Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, paxta sanoatidagi majburiy mehnat bois tanqid va boykot qilib kelingan O‘zbekiston “yakkamoxov"dan xaridorlar afzal ko‘ruvchi savdogarga aylangani boshqalar uchun, xususan, Shinjon uchun o‘rnak bo‘lishi mumkin.

“The South China Morning Post” maqolasida o‘zbek faollari mamlakatda paxta yetishtirishda majburiy mehnatdan foydalanilayotgani to‘g‘risida uzoq yillar davomida jar solib kelgani qayd etilgan. 2007 - yilda O‘zbekistondagi paxta yetishtiruvchilar taqdiriga butun dunyo e’tiborini qaratish uchun faollar “Cotton Campaign” xalqaro kompaniyasini boshlagan edi.

O‘sha paytda O‘zbekiston bo‘ylab millionlab odam, shu jumladan, shifokor, o‘qituvchiva hatto yosh bolalar paxta terishga safarbar qilinardi.

Oradan ko‘p o‘tmay, o‘zbek paxtasi sanksiyalarga yo‘liqdi: 300 dan ortiq brend va chakana savdo korxonalari, shu jumladan, “Zara” va “Adidas” o‘zbek paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlarini xalqaro miqyosda boykot qilish to‘g‘risidagi ahdni imzoladilar. Shuningdek, o‘zbek paxtasi boykot qilinarkan, marhum prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova moda shoularidan chetlatildi.

“The South China Morning Post” o‘shandan buyon O‘zbekistonda bolalar mehnatiga barham berishga qaratilgan choralar ko‘rilayotganini qayd etgan. Nashrning yozishicha, hukumat paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini xususiylashtirish orqali majburiy mehnatni cheklashni maqsad qilgan.

Ayni damda, maqolada yozilishcha, O‘zbekistondan uncha olis bo‘lmagan Shinjonda Xitoy hukumati o‘xshash ayblovlarga yuz tutmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari Shinjonda bir milliondan ziyod uyg‘ur va boshqa etnik ozchiliklar vakillari mehnat va qamoq lagerlariga joylashtirilgani va ularning huquqlari poymol qilinayotgani, shu jumladan, ular majburiy mehnatga jalb qilinayotganini da’vo qilmoqda. Bu da’volarni tasdiqlovchi ko‘plab dalillar to‘plangan.

Xitoy rasmiylari esa, ushbu lagerlar bo‘lginchilik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan qayta tarbiyalash markazlari ekanini iddao qilib keladi.

Ammo joriy yilning yanvar oyida bu ayblovlarga javoban Vashington Shinjondan paxta va pomidor mahsulotlarini import qilishni taqiqlab qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay Kanada va Buyuk Britaniyada ham o‘xshash cheklovlar joriy qilindi. Bir necha xalqaro brend o‘z mahsulotlari Shinjon paxtasidan ishlab chiqarilmaganini e’lon qila boshladi.

Ushbu brendlarning biri H&M kompaniyasidir. Shirkat o‘tgan yilning sentabr oyida “Better Cotton Initiative” – “Yaxshiroq paxta tashabbusi” sanoatni sertifikatlashtirish agentligi maslahati bilan Shinjon paxtasidan voz kechganini bildirdi. Buning ortidan “Nike”, “Ralph Lauren”, “Gap” va “American Eagle Outfitters” kabi markalar ham o‘z mahsulotlarida Shinjonda yetishtirilgan har qanday mahsulot yoki xomashyodan foydalanishni taqiqlab qo‘ydi.

“The South China Morning Post” maqolasiga ko‘ra, G‘arb choralari ta’siri ko‘lami hozircha noma’lum bo‘lsa-da, AQSh shirkatlari siyosiy xatarlarni bartaraf etish uchun Xitoy paxtasidan voz kechmoqda.

Xonkong politexnika universitetining chakana savdo va marketing bo‘yicha dotsenti Fan Di ushbu bosim paxtadan boshqa sohalarga ham tarqalishini aytadi.

Xitoy paxtasidan voz kechayotgan xaridorlar o‘zbek “oq oltini”ga qiziqa boshlashini kutish mumkin. “The South China Morning Post” nashriga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan o‘zbek rasmiysi keyingi 18–24 oy ochida O‘zbekiston paxta sanoatida savdo va sarmoya ko‘lami keskin oshishi kutilayotganini aytgan.

“Hozir Shinjonda sodir bo‘layotgan voqealar aslida O‘zbekiston uchun qulay imkoniyat. Yirik transmilliy brendlar va chakana sotuvchilarning O‘zbekistondagi manbalarga qiziqishi tez sur’atda o‘sayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz, chunki ular Xitoydagi faoliyatlaridan xavotirdalar”, deya o‘zbek rasmiysi so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda nashr.

“Men asosan, Yevropa va AQShda joylashgan kamida 10 transmilliy kompaniya va sanoat assotsiatsiyalari bilan gaplashganimda, Shinjondan chiqib ketmoqchi ekanliklarini aytishdi. Bu so‘nggi ikki oy ichida biz muntazam ravishda eshitayotgan aniq xabar. Agar O‘zbekiston o‘zini xavfsizroq muqobil manba sifatida ko‘rsata olsa, shirkatlar o‘z bizneslarini shu yerga ko‘chirishga qaror qiladi”, degan manba.

“The South China Morning Post” ga ko‘ra, O‘zbekiston Xitoyga ham paxta eksport qilishi mumkin. O‘tgan yili Xitoy jami 2.16 million tonna paxta import qilgan. Uning 45 foizi AQShdan olib kelingan.

O‘tgan oy shuningdek, “Ecotextile News” sanoat nashri Xitoy AQSh va Avstraliya bilan yuzaga kelgan ziddiyatlar tufayli O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi Markaziy Osiyo davlatlaridan paxta xarid qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini xabar qildi.

“Anti-Slavery International” – Xalqaro qullikka qarshi tashkilotning sobiq direktori Aydan Makkueyd Shinjonda foydalanilayotgani aytilayotgan majburiy mehnat O‘zbekistondagi sharoitga o‘xshashligini, sababi ikkala holatda ham suiiste’mollar ortida davlat turganini aytadi.

“Ammo, O‘zbekistonda bu tizim deyarli butun aholini qamrab olgandi, xususiy kompaniyalar ham, davlat idoralari ham o‘z xodimlarini paxta terimiga yuborishlari kerak edi, bolalar maktabdan olib ketilardi”, deydi Makkueyd.

“Shinjonda majburiy mehnat tizimi har tomonlama uyg‘urlarga nisbatan qo‘llanilayotgani uchun xalqaro hamjamiyat nazarida bu genotsid va davlat homiyligidagi qullik o‘laroq ko‘rilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan u “The South China Morning Post” nashriga bergan intervyusida.

Nashr O‘zbekistonda majburiy mehnat bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalarkan, Xalqaro mehnat tashkilotining bosh texnik maslahatchisi Yonas Astrupning so‘zlarini keltiradi. Astrupga ko‘ra, 2013 - yilgacha O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimiga 2 millionga yaqin yosh bola jalb qilingan.

2015 - yilgi ma’lumotlarga ko‘ra 3.5 million voyaga yetgan o‘zbekistonlik, ya’ni mamlakat aholisining sakkizdan bir qismi paxta terimiga safarbar qilingan.

“Bu hayratlanarli statistika. Bolalar mehnatidan foydalanish 2014 - yilda tugatildi, natijada 2 million maktab o‘quvchisi maktabga ta’lim olish uchun qaytdi. O‘tgan yilning dekabrida paxta terish mavsumi tugaganida 2015 - yilga nisbatan majburiy mehnat 500 foizga kamayganini kuzatdik. Bu juda muhim qisqarish”, deydi Astrup.

Ammo ayni damda AQSh Davlat departamentining odam savdosi to‘g‘risida hozirlagan oxirgi hisobotida ayrim suiiste’mollar, shu jumladan, majburiy mehnat hanuz davom etayotgani aytiladi.

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi 2020 - yil paxta yig‘im-terimida O‘zbekiston hukumati aholini majburiy mehnatga jalb etmaslik yo‘nalishida sezilarli siljishlarga erishganini olqishladi. Bayonotda aytilishicha, Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasining ilg‘or hamkori bo‘lgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston forumi so‘nggi 10 yillikda birinchi marta mamlakatning paxta yetishtiruvchi ayrim tumanlarida birorta ham majburiy mehnat holatini aniqlamagan.

Ayni paytda 2020 - yil hosili terimida majburiy mehnat holatlari kuzatilgan. Mahalliy amaldorlar aholini paxta terimiga chiqishga yoki ish haqining bir qismini terimchilarni yollash uchun o‘tkazishga majburlagan. Kuzatuvchilar bu kabi o‘nlab holatlarni hujjatlashtirgan.

XS
SM
MD
LG