Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:01

"9-may Putin uchun muhim sana". Harbiy ekspert Ukrainadagi urushning borishi haqida


Vladimir Putin Moskvadagi Noma’lum askar yodgorligiga gulchambar qo‘yish marosimida. Moskva, 8-may, 2012
Vladimir Putin Moskvadagi Noma’lum askar yodgorligiga gulchambar qo‘yish marosimida. Moskva, 8-may, 2012

Pentagon fikricha, hozirda Rossiya qo‘mondonligi Donbassni bosib olishga ustuvorlik bermoqda. Chunonchi, rus armiyasining Xarkov viloyati bo‘ylab olg‘a siljiyotgani shundan dalolat beradi. Amerika harbiylariga ko‘ra, Rossiya shu tariqa UQK qismlarini qurshovga olishni mo‘ljallagan yoki Donbassga hujumni keyingi muzokaralarda “kuzir karta” sifatida qo‘llamoqchi.

Rossiya, umuman olganda, harbiy strategiyani o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin, chunki qo‘shinlar Kiyevga hanuz hujum qilmayapti, deyishyapti Pentagonda. Britaniya razvedkasi esa, Ukraina qo‘shinining qarshi hujumlariga qaramay poytaxt hamon xavf ostida, deb hisoblaydi.

New Geopolitics Research Network tadqiqot markazi direktori Mixail Samus “Nastoyashcheye vremya” telekanaliga urushdagi ayni vaziyat, uning davomi va muhtamal natijalari haqida so‘zlab berdi.

– Ishonchim komilki, Putin ham, Rossiya generallari ham bu urushning bosh vazifasi – Ukrainani davlat sifatida butkul yo‘q qilishdan voz kechmaganlar. Shu bois hozirda ular siz tilga olgan yo‘nalishlarda muayyan muvaffaqiyatsizliklar tufayli muayyan maqsadlarni taktik jihatdan o‘zgartirishlari mumkin. Bu avvalo Kiyevga, shuningdek, Nikolayev va Odessaga hujumlar, Ukrainaning butun hududini qamrab olish muammolari bilan bog‘liq. Holbuki, o‘z hujumlarida Belarus hududidan to‘laligicha foydalanishayotganini hisobga olganda, nazarimda, ular juda yaxshi imkoniyatga ega edi. Qariyb 800 minglik shaxsiy tarkibi, minglab zirhli texnikasi va boshqa qurollari bor armiya 1800 chaqirimlik frontni “eplashi”, hujumda muvaffaqiyat qozonishi mumkin edi. Ammo ularga vaziyatga oqilona baho bera olishmagani va o‘z imkoniyatlaridan oqilona foydalana olishmagani pand berdi. Natijada bugun ular Ukraina bunyod ettgan mudofaa marralariga boshlari bilan kelib urilib, majaqlanishyapti.

Ukrainalik harbiy ekspert Mixail Samus.
Ukrainalik harbiy ekspert Mixail Samus.

Umuman, tarixga nazar tashlasak, Rossiya hamisha shunaqa urushadi: vazifani omilkorlik va sifat bilan emas, shaxsiy tarkib va texnika soni hisobiga bajaradi.

– Sizningcha, shaxsiy tarkib yo‘qotishlariga doir qaysi ma’lumot haqqoniyroq? Rossiyaning o‘zi 1300 askar yo‘qotdik, demoqda, Ukraina esa Rossiya armiyasining inson talafotlarini 17 mingdan ortiq deb ko‘rsatyapti. Orada katta tafovut bor.

– Faqatgina internetda paydo bo‘lgan videolarga ko‘ra baholagan taqdirimizda ham Rossiyaning yo‘qotishlari 1300 dan ancha ko‘pligi aniq. Menimcha, Ukraina tarafi berayotgan ma’lumot haqiqatga yaqinroq. Aslida har bir rus askarini hech kim sanab chiqa olmaydi. Har bir askari qayerdaligini hozir Rossiya qo‘mondonligi ham bilmasa kerak.

Vaziyatga Rossiya propagandachilari ko‘zi bilan emas, real qaraydigan bo‘lsak, Rossiya qo‘shinlari ta’minot markazlaridan uzoqda, Ukraina hududi ichkarisida – masalan, Kiyev va Chernigov viloyatlarida, Sumi va Xarkovda qolib ketgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Ya’ni, tayinli logistika va aloqadan mahrum bo‘lishgani sababli u yoki bu bo‘linmaning o‘lik-tirikligi noma’lum. Buni ular bilan har kuni jangda ro‘para kelayotgan ukrain harbiylarigina bilishadi. Shunday ekan, talafotlarga doir aniq raqamlarni urush tugaganidan so‘ng – Ukraina o‘z yerlarini tozalab, texnika va jasadlarni sanab chiqqach eshitamiz.

– Rossiya talafotlardan so‘ng shaxsiy tarkibni to‘ldirishga harakat qiladi, yashirin tarzda qisman yoki to‘liq safarbarlik uyushtiradi, deb yozgandingiz. “Yashirin safarbarlik” nima degani?

– O‘ylashimcha, Putin, undan ham avval generallari o‘z hisob-kitoblarida adashganlarini, amaliyotni barbod qilishganini tan olishmaydi. Ular 2-3 kunda hammasi hal bo‘lishiga va ushbu amaliyotni bajarish uchun 150 minglik shaxsiy tarkib yetarli ekaniga kafolat bergandilar. Biz – ukrain harbiy tahlilchilari Rossiya razvedkasi Putinga real ma’lumotni yetkazishidan umidvormiz, deya bir necha yil takrorlab keldik. Shunda Putin 150 minglik qo‘shin bilan Ukrainaga hujum qilishga jur’at etmaydi, deb o‘yladik. Buncha kuch bilan bunaqa amaliyotni bajarish zotan imkonsiz narsa. Kutganimizning teskarisi bo‘ldi. Rossiya armiyasi shunaqa ahvolga tushishini sira taxmin qilmagandik.

Binobarin, shaxsiy tarkibni yana 150-200 ming kishiga ko‘paytirib, so‘ngra Ukrainaga har tarafdan hujum qilmaguncha rossiyaliklar hech ish chiqarisholmaydi. Shu bois ular yashirin tarzda safarbarlik o‘tkazishadi, ochiq o‘tkaza olishmaydi – aks holda ishlari pachavaligini tan olgan bo‘lishadi. Ochiq safarbarlik tashkil qilinsa, “shunaqa tahdid bor, Ukraina jang qilishni bilar ekan”, deya izoh berishlariga to‘g‘ri keladi. Ular esa buni tan olishni istashmaydi. Hammasi reja bo‘yicha ketyapti, deb aldab yotishibdi-ku? Reja bo‘yicha ketayotgan bo‘lsa, safarbarlik nimaga kerak, deb so‘raydiganlar bo‘ladi-da axir.

Natijada ular yopiq safarbarlik o‘tkazishga, ya’ni harbiy xizmatda bo‘lgan, pulga muhtoj va u yoki bu sababga ko‘ra Ukrainaga qarshi urushga borishni xohlovchi yoki shunga majbur odamlarni topib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbat qilishadi. Rossiya shaxsiy tarkibdagi talafotlari o‘rnini faqat shu yo‘l bilan qoplashi mumkin, deb o‘ylayman.

Harbiy texnikaga kelsak, ular shu paytgacha “qurol va harbiy texnikalarimizning 70 foizi modernizatsiya qilingan”, deb lof urib kelishgandi. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, maqtalgan barcha texnikalari allaqachon utilga chiqqan. Ular hozir shosha-pisha saqlash bazalaridan 20 yil va undan ortiq vaqtdan beri chang bosib yotgan texnikalarni chiqarib, epaqaga keltirib, Ukrainaga jo‘nata boshlaganlar. Ikki, uch, besh tankni sochib tashlab, yaroqli qismlaridan bitta tank yasashyapti. Muammo shundaki, bu texnikalar eskirib bo‘lgan: dvigatellari almisoqdan qolgan, qurolni boshqarish tizimlari va elektron jihozlari yo‘q. 70-yillardan qolgan temir-tersaklar, qisqasi. Bunaqa eski matohlar bilan Ukraina Qurolli kuchlarini yengish – xomxayol.

– Kimyoviy qurol haqida nima deysiz? Sizda Rossiya uni ishga solishiga doir biron ma’lumot bormi? Va bu hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkinmi?

– Qo‘rqamanki, Rossiya urushda tub burilish qilish uchun har qanday ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llashga tayyor. Avvalgi barcha hisob-kitoblari chippakka chiqdi, shu bois generallar yaqin orada bu masalani hal etishga harakat qilishadi. Rossiya davlat mafkurasi ilohiylashtirgan 9-may sanasi Rossiya generallariga va Putinning o‘ziga ham kuchli ta’sir qiladi, deb o‘ylayman. Har holda, Ukrainada ishlari pachava bo‘lgani holda Putin 9-may kuni mavzoley yonida turgancha Rossiya armiyasining g‘alabalaridan lof urishini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun ham ular aprelda urushda burilish yasashga urinishadi. Oddiy vositalar bilan bunga erisha olishmaydi, noiloj qolishgach, kimyoviy qurolni, hatto yadroviy qurolni ishga solishlari ehtimoli katta.

Bu yerda gap yadroviy qurolning taktik qo‘llanishi haqida boryapti, Qo‘shma Shtatlar bilan Rossiyaning bir-biriga yadroviy zarbalar berishi haqida emas. Yadro kallakli “Kalibr” raketasini Ukrainaning biron hududiga tashlashlari mumkin. Ukraina uchun bu, tabiiyki, fojiaviy oqibatlarga olib keladi. Rossiya esa ham Ukraina rahbariyatiga, ham Qo‘shma Shtatlar va NATOga bosim o‘tkazib, prezident Zelenskiy kapitulyatsiya aktini imzolashini talab qiladi. Voqealar shu yo‘sin rivojlanishi mumkinligini men sira istisno etmayman.

XS
SM
MD
LG