Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:08

“Meni mensiz emlashibdi”. Majburiy emlash Qozog‘istonda qo‘shib yozishga yo‘l ochmoqdami?


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Qozog‘istonda hukumat shirkat va tashkilotlardan emlanmagan xodimlarni ishxonaga kiritmaslikni talab qilmoqda. Bu talab firibgarlik va soxtakorlikka yo‘l ochdi: ayrimlar ishsiz qolishdan qo‘rqib emlanganlik hujjatini sotib olmoqda, boshqa tomondan esa, emlanganlar sonini oshirib ko‘rsatish hollari bo‘y ko‘rsatyapti...

Olmaotalik Anor Qoraboyevaga vaksinaning birinchi dozasini ikki marta “urishdi”, birinchi martasida – faqat qog‘ozda. Mulozimlar ma’lumotlar bazaga “yanglish kiritilgan”ini bahona qilishayotgan bo‘lsa, Anorning o‘zi yuqorining bosimi ostida tibbiyot muassasalari qo‘shib yozishni boshlagan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.

“MENING NOMIMGA ANKETA TO‘LDIRIShIBDI”

Anor Qoraboyeva talaba qizi bilan birga emlatmoqchi bo‘lgandi. 28 - iyun kuni ular 3-sonli poliklinikaga qarashli emlash markaziga borishgan. Anorning o‘zi Olatov tumanidagi 29-sonli poliklinikaga biriktirilgan, lekin ishxonasiga yaqin bo‘lgani uchun shu markazni tanlagan – qonunda bunga ruxsat bor.

“Qizim yolg‘iz qo‘rqmasin deb, men ham o‘zimni emlatishga qaror qildim. “Sputnik V” bilan emlashdi, hammasi yaxshi o‘tdi. Ikki soatlardan so‘ng emlash markazidan qo‘ng‘iroq qilib chaqirishdi. Bordim. “22 - iyun kuni emlangan ekansiz, nega aytmadingiz? Anketangiz to‘ldirilgan, bazada bor ekansiz, shunday bo‘laturib ikkinchi marta vaksina olibsiz”, deb gina qilishdi. Hang-mang bo‘lib qoldim. 22-kuni emlatish tugul uydan tashqariga chiqmaganimni aytdim. Ko‘rsatishdi: rostdan ham anketada menga doir ma’lumotlar yozilgan, faqat telefon raqami bilan imzo begonaniki edi. Shifokor familiyasi yozilgan, 7-sonli poliklinika ko‘rsatilgandi. Bu poliklinika qayerdaligini ham bilmayman, shu bois meni qanday qilib bu poliklinikaga biriktirib qo‘yishganiga aqlim yetmadi”, deb hikoya qiladi Anor.

U “Damumed” tibbiy axborot tizimidagi ma’lumot yolg‘onligini, vaksinaning ilk dozasini 22 - iyun kuni olmaganini ko‘rsatib tushuntirish xati yozib beradi.

“Meni “o‘zingiz hal qiling”, deb jo‘natishdi. Nega men hal qilishim kerak? Emlash markazidagi vrachlarga ham e’tirozim bor: men anketa to‘ldirayotganimda ma’lumotlarim allaqachon bazadaligini nega aytishmagan? Nega emlanganimdan ikki soat o‘tib aytishyapti? Xatoga aloqador vrach telefon qilib uzr so‘radi. Ikkitagina raqamda adashibman, dedi. Ha, men uni kechirdim, lekin bu xatolik emasdi, chunki anketaga shaxsiy identifikatsiya ma’lumotlarim to‘liq kiritilgandi”, deydi Anor.

“CHARCHOQ” TUFAYLI YO‘L QO‘YILGAN XATOLIK

Olmaota jamoat sog‘lig‘i boshqarmasida “Ozodlik”ning qozoq xizmatiga holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilib “emlash jarayonini “Damumed” axborot tizimida ro‘yxatga olish chog‘ida ShIR (shaxsiy identifikatsiya raqami) noto‘g‘ri kiritilgani, shu munosabat bilan 2021.28.06 sanasida ushbu yozuvni o‘chirish haqida RETMga xat yuborilgan”ini ma’lum qilishdi.

Vaziyatni 7-sonli poliklinika bosh vrachi Oygul Asen shunday izohlaydi:

“Emlashdan oldin shunday tartib mavjud: odam emlash markaziga keladi, ShIR va uyali telefon raqamini ko‘rsatadi. Hamshira bu ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritishi kerak. Mazkur holatda hamshira ikkita raqamni yanglish yozgan. Voqea 22 - iyunkuni bo‘lgandi. Familiya, ism, ota ismiga hech kim e’tibor bermapti. 28 - iyun kuni Anor Qoraboyeva murojaat qilganida, uning ma’lumotlari allaqachon bazaga kiritilgani ayon bo‘ladi. Ya’ni, xatolik 22-kuni yuz bergan‑u 28-kuni aniqlangan. Bu texnik xatolik edi. O‘sha kuni 100 kishini emlaganmiz, hamma charchagan ekan shekilli. Biroq xatoga yo‘l qo‘ygani uchun hamshirani jazoladik, o‘rinbosarim ishdan bo‘shatildi”, deya ma’lum qiladi Oygul Asen.

Ammo keyinroq yana shu jamoat sog‘lig‘i boshqarmasida izohga aniqlik kiritishib, hech kim bo‘shatilmaganini, “hamshira va o‘rinbosar intizomiy jazoga tortilgan”ini (hayfsan berilgan) bildirishdi va tibbiyot xodimlari emlash kampaniyasi boshlangan fevral oyidan beri dam olmasdan ishlashayotganini va bunaqa sharoitda inson omili tufayli xatolar bo‘lib turishi mumkinligini ta’kidlashdi.

“TEPADAN BOSIM QILISHADI – MANA NATIJA”

Jamoatchilik faoli, shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Kairgali Koneyev bu kabi xatoliklar tasodif emasligini, balki, katta ehtimol bilan, oddiy xodimlarga “yuqoridan bo‘layotgan” bosim natijasi ekanini aytadi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi akimatlarga bosim qiladi, akimatlar –sog‘liqni saqlash boshqarmalariga, ular esa o‘z navbatida poliklinikalarga. Poliklinikalar bosh vrachlari tibbiyot hamshiralarini siquvga oladi, bechora hamshiralar esa xalq emlanishga kelmayotgan bo‘lsa ham ish natijadorligini oshirib ko‘rsatish uchun qo‘shib yozish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lishi mumkin. Bu holat tizimli tus olgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Ammo bu voqeani vakolatli idoralar, masalan politsiya o‘rganishi lozim. Bu oddiy xatolik ekaniga shubham bor”, mulohaza qiladi Koneyev.

Faol “mazkur holat asosida butun hududni tekshirish lozim”ligini aytadi.

“Agar bu yagona holat bo‘lmasa, tagini surishtirish kerak: hamshira kimdandir ko‘rsatma olgan va shu tariqa vaktsinalarni hisobdan chiqarishyapti. Hukumatning yil oxirigacha 10 mln kishini emlash rejasi – amalga oshmaydigan reja. Hozirda atigi 2 mln kishi to‘liq emlandi. Ma’muriy resurslar ishga solingan taqdirda ham ko‘pi bilan yana ikki-uch mln kishi qo‘shilishi mumkin. Shu manzarada, hukumatning zarur natijaga erishishga intilishi mana shunaqa oqibatlarni keltirib chiqaryapti. Sog‘liqni saqlash boshqarmalarining reytingi borligini bilaman, poliklinikalar o‘rtasida ham norasmiy reyting mavjud. Qo‘shib yozish avvalo ana shu, reytingi past muassasalardan chiqadi”, deb taxmin qiladi Koneyev.

Mamlakat hukumati koronavirusga qarshi vaksinatsiyani ko‘plab ishlaydigan qozog‘istonliklar uchun de-fakto majburiy amalga aylantirdi. 1 - iyul kuni respublika bosh sanitar vrachi chiqargan qarorga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish sohasida band xodimlar emlanishi lozim.

Ro‘yxat juda uzun: savdo shoxobchalaridan tortib, banklar va pochta bo‘linmalari, advokatura va notarial idoralar, fitnes-markazlar hamda go‘zallik salonlarigacha – barcha muassasalar o‘z xodimlarining kovidga qarshi emlanishini nazorat qilishi kerak. Emlanmaganlar haftada bir marta o‘z puliga test topshiradi: natija manfiy chiqsagina u ishxonasiga kiritilishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi emlanmagan ishchi-xodimlarni ish joylariga kiritgan korxonalar rahbarlari uchun jarimalar miqdorini allaqachon belgilagan (34 dan 3 400 dollargacha). Joylardagi sanitariya ma’murlari 15 - iyuldan so‘ng tekshiruvlar o‘tkazish va xodimlari emlanmagan muassasalar faoliyatini to‘xatib qo‘yish bilan po‘pisa qilishmoqda.

Ayrim yuristlar va faollar emlashni talab qilish qonunchilikka xilof ekanini aytib, majburlash kampaniyasi hujjatlar qalbakilashtirilishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Bu orada “qora bozor” allaqachon ishga tushgan: internetda vaksinatsiya pasportlari, emlashga ruxsat etilmaydigan kasallik qayd etilgan tibbiy ma’lumotnoma kabi hujjatlar sotilishi haqida ko‘plab e’lonlarni ko‘rish mumkin. Ichki ishlar vazirligi esa kovidga qarshi test natijalari hamda vaksinatsiya pasportlari soxtalashtirilishi hollari bo‘yicha o‘nlab jinoyat ishlari ochilganini ma’lum qildi.

Anor Qoraboyeva ikki haftadan so‘ng vaksinaning ikkinchi dozasini olishi kerak. U yuz bergan voqeadan so‘ng mahalliy sog‘liqni saqlash idoralariga ishonchi qolmaganini, shunga qaramay oxirigacha emlanmoqchi ekanini aytadi.

“Ochiqcha aldashganidan juda xafaman. Holbuki, ayrimlar emlashdan bo‘yin tovlayotganida va boshqalar 15 ming tangaga vaksinatsiya pasportini sotib olayotganida men ko‘ngilli bo‘lib borgandim. Ikkinchi dozani ham olaman, albatta. Lekin menda ishonch yo‘q endi”, deydi Anor.

XS
SM
MD
LG