Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2021, Тошкент вақти: 21:25

Mirziyoyev "paxta davri" tugaganini e’lon qildi - byudjet xodimlari yana paxtada (VIDEO)


Paxta mavsumi boshlanishi bilan majburiy mehnat haqidagi xabarlar ham kela boshladi. Illyustrativ surat

O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlandi.

Bu yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda 1200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mehnat haqi to‘lash belgilangan.

9 - sentabr kuni ikkinchi bor prezidentlikka nomzodini qo‘ygan prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston paxta sanoatida majburiy mehnatga barham berilganini ta’kidlagan va "200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga uzoq muddatli ijaraga berilishi"ni va’da qilgan.

Ayni paytda joylardan Ozodlikka byudjet xodimlarining paxta yig‘im-terimiga jalb etilayotgani yoki terimchi yollashga majburlanayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Ozodlik paxta yig‘im-terimi bilan bog‘liq yangilik, rasmiylarning bayonotlari hamda Sizdan Telegram kanaliga kelayotgan xabar va murojaatlarni jamladi.

Sh.Mirziyoyev: “Bosh vazir baxtli odam - paxta degan tashvishi yo‘q!”

Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turgan prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq aholisi bilan ko‘rishdi. Bo‘zatov tumaniga tashrif buyurgan prezident “paxta davri ortda qolgani"ni aytdi.

“Qishloq xo‘jaligiga yangicha qarashni o‘rganishimiz kerak. Mana, hozir paxta davri. Ilgari bunaqa paytda o‘qituvchi ham, shifokor ham, olimu akademik ham, talabayu o‘quvchilar ham dalada bo‘lardi. Biz bittada 6 million “ixtiyoriy-majburiy” terimchini paxta dalasidan chiqarib yubordik. Lekin bu bilan paxta yetishtirish to‘xtab qolgani yo‘q. Bosh vazirimizga doim aytaman, “qanday baxtli insonsan, paxta degan tashvishing yo‘q. Chunki men Bosh vazirdan hech qanaqa “svodka” so‘ramayman, paxta nima bo‘lyapti, deb bezovta qilmayman. Sababi - biz ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ydik, xalqni majburlamasdan ham paxta yetishtirsa bo‘lishini isbotladik. Shuning uchun ko‘nglim to‘q”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bo‘zatov namunali tuman sifatida O‘zbekiston davlat rahbari tashabbusi bilan 2019 - yilda qayta tashkil etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bo‘zatov tumanida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bo‘zatov tumanida.

Bir kilo paxtaga - 230 so‘mdan ustama haq

"Yangi O‘zbekiston" nashri O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Sa’dulla Tojiyevning bu yilgi paxta mavsumi qanday o‘tishi haqidagi so‘zlaridan iqtibos keltirgan. Unga ko‘ra, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatining chekka tumanlarida terimchilarni qo‘shimcha jalb qilish maqsadida qo‘lda terilgan xar bir kilogramm paxta uchun Respublika byudjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan 230 so‘mdan ustama haq to‘lanishini ta’minlanadi.

Shuningdek, klasterlar o‘zlariga biriktirilgan xududlarda terim pulini mustaqil belgilashi, ya’ni tavsiya etilayotgan narxlardan yuqori miqdorda haq to‘lashlari ham mumkinligi ma’lum qilingan.

Ta’kidlanishicha, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan jalb etilgan ishsiz fuqarolardan iborat terim otryadlari rahbarlariga mavsum yakuniga qadar 2 mln so‘mdan mehnat haqi beriladi.

Rasmiylarga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan fuqarolar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, budjet va nobyudjet yoki xo‘jalik hisobidagi tashkilot xodimlari va harbiylarni terim tadbirlari, umuman har qanday majburiy mehnatga jalb etish qat’iyan man etilgan.

"Paxta bilan kunjut bir joyga ekilibdi!"

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan muxlislardan biri g‘aroyib bir holatga guvoh bo‘lganini aytadi.

Yakkabog‘lik muxlis shu tumandagi "Bobur-Shamshod" fermer xo‘jaligida paxta bilan kunjut bir joyga ekilgan daladan fotosurat yuborgan.

Paxta va kunjut birga ekilgan dala.
Paxta va kunjut birga ekilgan dala.

"Bu narsaga hech kim e’tibor bermayapti. Shu holat mumkinmi o‘zi?"- deya savol qo‘yadi taajjublangan dehqon.

Angor bankirlari paxta dalasida

O‘zbekiston hukumati va shaxsan prezident Mirziyoyevning mamlakatda majburiy mehnatga butkul barham berilgani haqida yuksak minbarlardan yangragan bayonotlariga qaramasdan, joylarda o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi byudjet tashkilotlari xodimlarining paxtaga jalb etilayotgani yoki terimchi yollashga majburlanayotgani to‘g‘risida xabarlar kelmoqda.

“Shanba (dam olish) kuni «To‘qqiz oy yakuni» deb barcha xodimlari bilan ish tashkillagan (Raisning topshirig‘iga ko‘ra), Yakshanba (dam olish) kuni esa (hatto ayol xodimlar bilan) kredit undiruvi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lib tursa, hokimning topshirig‘iga ko‘ra, paxta terimiga chiqadigan bankirlari bor Angorni.

Mehnat inspeksiyasi xodimlaridan Angor tumanidagi tijorat banklari xodimlarini tuman hokimidan qutqarishini so‘rab qolamiz.

Ming afsus... Bu hokimlar bankirlarsiz hatto paxta terisholmaydi, yana yomonlagani yomonlagan!”- deb yozdi “Bankir kundaligi” telegram kanali.

Mazkur holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilayotgani, o‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi aytildi.

Obodonlashtiruvchilar Forishda paxta termoqda

Forishdan Ozodlikka murojaat qilgan tuman obodonlashtirish muassasalari xodimlari hokimiyat o‘zlarini paxtaga terishga majburlayotganidan shikoyat qilishdi.

Menimcha, saylov oldi prezident siyosatiga yaxshigina ta’sir ko‘rsatsa kerak. Boshqa tashkilotlarga ham, mahallakomlarga ham 200 tadan ixtiyoriy-majburiy terimchi chiqarish topshirildi”.

Jizzaxdagi paxtakorlar sho‘rvasi

Jizzax viloyatidagi 2021 - yil 11 - sentabr kungi holat. Zafarobod tumanidagi “Said-hoji-akbar” fermer xo‘jaligi dalasiga paxta terish uchun kelgan surxondaryolik terimchi ayollarga tushlik uchun mana bunday yovg‘onsho‘rva berilibdi.

Mingbuloqliklar: "Yo‘llarimizni ta’mirlab berishsin!"

Namangan viloyatida ham paxta terimi avjida.

Namanganliklar og‘ir yuk mashinalari va traktorlarning ko‘paygani avtomobil yo‘llarini nobop ahvolga keltirayotganidan shikoyat qilmoqda.

Shu bois Mingbuloq tumanida yo‘lda transport vositalarining turnaqator navbati yuzaga kelayotgani aytildi.

"Aslida bu yo‘l erta bahorda ta’mirlanishi kerak edi, tuman hokimi va’da ham bergandi. Hech bo‘lmagandan kech bo‘lgani yaxshi, yo‘lni ta’mirlab berishsin”, deydi Ozodlikka murojaat qilgan mingbuloqliklardan biri.

Mehnat vazirligi press-turi: Sirdaryodagi terimchilarga barcha sharoitlar muhayyo!

Ayni paytda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati o‘zbekistonlik jurnalistlar uchun paxta yig‘im-terim jarayoni bilan tanishish maqsadida navbatdagi press-tur tashkil qildi.

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi “Qaxramon-Zilola” fermer xo‘jaligida o‘tgan bu anjuman davomida vodiydan olib kelingan 2 ming terimchiga barcha sharoitlar yaratilgani va ular bu qulayliklardan mamnun ekanini gapirishdi. Mutasaddilardan biri terimchilar shaharchasiga yana 1500 vodiylik yordamchi olib kelinayotganini bildirdi.

Lekin jurnalistlar bilan alohida suhbatda terimchilar ish haqi 7 kundan buyon berilmayotganini aytadi.

G‘o‘zasi chekanka qilinmagan maydonlar

Qoraqalpog‘istonda esa, g‘o‘za maydonidagi holat ko‘ngildagidek emasligi - go‘za chekanka qilinmagani, unga texnik ishlov berilmagani aytildi.

Amudaryo tumanidan murojaat yo‘llayapman. Amir Temur ovul fuqarolar yig‘inidagi fermer xo‘jaligiga qarashli g‘o‘za maydoniga yaxshi qaralmayapti. Chekanka qilinmagan, texnik ishlov berilmagan. Xuddi to‘qayzorga o‘xshaydi. Bu erdan 70-80 sentnerdan paxta hosili olingan. Hozir esa bu ahvol. Qolaversa, fermer kattagina maydonga sholi ham ekkan. Sholi ekilgani to‘g‘ri bo‘lganmi? Rahbarlarimiz yerdan oqilona foydalanish muhimligini ko‘p ta’kidlashyapti. Ammo hududimizdagi yer maydonida holat ko‘ngildagidek emas", deb yozdi "Sizdan Telegram" muxlisi.

Ekin maydonlari ahvolidan qayg‘urgan dehqon mutasaddilardan holatni o‘rganib chiqishlarini so‘radi.

U bu so‘zlari tasdig‘i sifatida Ozodlikka video ham yubordi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri: Bozorda paxta 155 dollarga sotiladi

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev paxta va g‘alla mamlakatning asosiy xo‘jalik ekinlari bo‘lib qolayotganini bildirdi. “Ekonomicheskoye obozrenie” jurnaliga bergan intervyusida u paxtachilikni rifojlantirishga oid ayrim raqamlarni ochiqladi:

- Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmog‘i bo‘lib, YaIMning 28, 5% ni tashkil qiladi. Unda qariyb 4, 2 million kishi ishlaydi, bu mamlakatdagi umumiy bandlikning 30% dan ortig‘ini tashkil qiladi. Asosiy qishloq xo‘jalik ekinlari-paxta va g‘alla, lekin 2020-2021 yillarda kvotalar va narx nazoratining bekor qilinishi ekinlarni diversifikatsiyalashga, boshqa ekinlar, meva va sabzavotlarni yetishtirishga bosqichma-bosqich o‘tishga faol hissa qo‘shmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti O‘zbekiston tashqi daromadining qariyb 9, 8 foizini tashkil etdi.

U hosildorligini oshirish evaziga ekin maydonlarining qisqartirilishi to‘g‘risida reja ishlab chiqarilganini ma’lum qildi. Buning uchun mamlakatda klaster va kooperativ tizimi joriy qilingani aytildi.

Vazirning ma’lumoticha, hozirgi kunga qadar qishloq xo‘jaligining barcha sohalarida (paxta-to‘qimachilik yo‘nalishi, g‘allachilik, meva-sabzavotchilik, guruchchilik va boshq.) 463 qishloq xo‘jaligi klasterlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Klasterlar 2,2 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini egallagan. Joriy yilda paxtani chuqur qayta ishlashni tashkil etish uchun umumiy qiymati 25, 5 trln. so‘mga bo‘lgan 270 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilayotganini bildirdi.

Jamshid Xo‘jayev 2025 - yilga kelib O‘zbekiston paxta maydonlarining 5 foizida organik xom paxta yetishtirilishi rejalashtirilgani, 2019 - yilda AQSh bozorlarida 1 tonna organik paxta 225 dollarga baholangan bo‘lsa, an’anaviy paxta 155 dollarga sotilganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston yetakchi paxta yetishtiruvchi yetakchi davlatlar qatorida

2020 - yil natijalariga bo‘yicha O‘zbekiston paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinni egalladi.

Bu haqda xabar bergan Researchandmarkets.com tadqiqot kompaniyasiga ko‘ra, Hindiston, Xitoy va AQSh dunyodagi eng yirik paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchi mamlakatlar bo‘lib qolmoqda.

Ammo paxta eksporti bo‘yicha O‘zbekiston AQSh, Braziliya, Hindiston, Avstraliya, Benin, Gretsiya va Kot-d'Ivuardan keyingi o‘rinni egalladi.

Tadqiqot natijalariga binoan, 2020 - yilda jahon paxta bozorining hajmi 38, 54 milliard dollarga yetdi. 2027 - yilga kelib bu ko‘rsatkich 46, 5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Rasmiy hisob kitoblarga ko‘ra, 2020 - yilda O‘zbekistonda 3,08 million tonna paxta xomashyosi terib olgan va bu 2019 - yilga nisbatan 9 foizga ko‘pdir.

2020 - yildan boshlab O‘zbekiston paxta xomashyosi eksportini butunlay to‘xtatdi va hosilni mamlakatda qayta ishlashga o‘tishini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG