Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:09

Mishustin O‘zbekistondagi AES loyihasini tezlashtirishga chaqirdi. Ekspertlar ikkilamchi sanksiyalardan xavotirda


Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan. Samarqand, 2-dekabr, 2022. Government.ru
Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan. Samarqand, 2-dekabr, 2022. Government.ru

Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan atom energetikasi bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash muhim deb hisoblaydi. Bu haqda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekiston va RF hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning 2-dekabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan majlisida bildirgan.

Mishustinga ko‘ra, atom energetikasi bo‘yicha hamkorlik bo‘yicha eng yirik loyiha Rossiya dizayniga ko‘ra atom elektr stansiyasini birgalikda qurish bo‘lishi kerak. Bu borada “erishilgan barcha kelishuvlarning amalga oshirilishini tezlashtirish zarur”, degan Rossiya bosh vaziri.

O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuv Toshkent va Moskva rasmiylari tomonidan 2018-yil sentabrida imzolagan bo‘lib, unga ko‘ra, “Rosatom” VVER-1200 reaktor qurilmasiga ega “3+” avloddagi ikkita energoblokdan iborat majmua qurishi aytilgan. Stansiya O‘zbekiston byudjet mablag‘i va Rossiya davlat krediti hisobidan qurilishi rejalashtirilgan.

Energetika vazirligi AES bloklari 2030-yilda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning 15-18 foizini qoplashiga va’da bergan. Yirik inshoot qurilishi uchun maqbul joy sifatida Jizzax viloyati Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydon tanlangan.

Putin va Mirziyoyev O‘zbekistondagi AES loyihasiga 2018-yilda start bergan edi.
Putin va Mirziyoyev O‘zbekistondagi AES loyihasiga 2018-yilda start bergan edi.

AES qurilishi borasida xabarlar paydo bo‘lgan ilk kezlardanoq jamoatchilik va ijtimoiy faollar loyihaning nechog‘li ekologik xavfsiz va seysmik bardoshli ekanini muhokama qila boshlashgan. Stansiya qurilishida hamkor o‘laroq Rossiya tanlangani ham qator e’tirozli savollar tug‘dirgan.

2019-yil oktabr oyida “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachev korporatsiya yil oxirigacha O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha asosiy shartnoma imzolanishini aytgan, ammo bu hujjat imzolangani haqida haligacha biror rasmiy ma’lumot berilgan emas.

Shu yilning iyun oyida energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev O‘zbekiston Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi bilan AES qurish xarajatlarini maqbullashtirish bo‘yicha muzokara olib borayotganini bildirgan. O‘shanda mulozim Rossiya tomonidan taklif etilayotgan loyiha qiymati yuqori ekaniga e’tibor qaratgandi.

Tahlilchilar Moskva O‘zbekistonga AES qurilishini tezlashtirish borasida bosim o‘tkazayotganini taxmin qilganlar.

Sanksiyalardan chetda qolayotgan "Rosatom"

“Rosatom” shu yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi ortidan rus shirkatlariga qarshi kiritilgan mislsiz sanksiyalardan hozircha tashqarida qolayotgan sanoqli davlat shirkatlaridan hisoblanadi.

Rossiyaga Ukrainaga bostirib kirgan ilk kunlardayoq ukrainalik faollar va nodavlat tashkilotlari "Rosatom"ni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish va Rossiyadan import qilinadigan yadroviy yoqilg‘iga taqiq qo‘yishga chaqirganlar.

Reuters xabar agentligi prezident Bayden ma’muriyati "Rosatom"ga sanksiya qo‘llash masalasini ko‘rib chiqqani, ammo yadroviy energiya lobbistlari hamda Baydenning yadro energiyasini yashil energiya qatoriga qo‘shish rejalari tufayli fikrini o‘zgartirgani haqida yozgan.

AQShdagi Kolumbiya universiteti Global energetika siyosati markazi 2021-yil mayida e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, dunyodagi 439 ta atom reaktorlaridan 38 tasi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunga qo‘shimcha 42 ta reaktor Rossiya texnologiyasi bilan ishlaydi va hozirda ruslar yana 15 ta reaktorni qurish ishlarini olib boryapti.

"Gaz ittifoqi"

Mixail Mishustinning Rossiya bosh vaziri sifatida O‘zbekistonga ilk tashrifi Toshkent va Ostona bilan uch tomonlama "gaz ittifoqi" haqidagi bayonotlar manzarasida sodir bo‘lmoqda.

Mishustin 28-noyabr kuni Moskvada Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan uchrashgan va ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni muhokama qilgandi.

Ushbu uchrashuv ortidan Toqayev Moskva O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan "uch tomonlama ittifoq" tuzishni taklif qilayotganini aytdi.

“Vladimir Vladimirovich (Putin) bugun qandaydir uch tomonlama ittifoq yaratishimiz kerakligini aytdi. O‘zbekiston prezidentiga qo‘ng‘iroq qilmoqchi. Biz istagan natija va kelishuvlarga erishish uchun ushbu mavzuni chuqur o‘rganishimiz kerak”.

Toqayevning bayonotidan bir kun o‘tib, Rossiya va Qozog‘iston prezidentlarining matbuot kotiblari so‘z "gaz ittifoqi" haqida borayotganini aytishdi.

Toqayev taklifni ma’qullagan, ammo qozoq tomoni uni har tomonlama o‘ylab ko‘rish kerakligini bildirgan.

O‘zbekiston hozircha Putinning "gaz ittifoqi" haqidagi taklifiga rasman munosabat bildirgani yo‘q. 30-noyabr kuni prezident Mirziyoyev prezident Putin bilan telefon muloqoti chog‘ida "istiqbolli hamkorlik loyihalari"ni muhokama qilgani bildirildi.

Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi direktori Alisher Ilhomov fikricha, O‘zbekistonning Putin taklif etayotgan uchlikka qo‘shilishi mamlakat suverenitetiga putur yetkazadi.

“Qozog‘istonda bu borada tanqidlar yangrayapti. Rasmiylar bu yerda uch tomonlama gaz ittifoqi haqida gap boryapti, deb tushuntirishga urinmoqda. Lekin, O‘zbekistonning bu yerda manfaati nimadan iboratligi aniq emas. Bunday ittifoqlarga qo‘shilish O‘zbekiston manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi. Aksincha, O‘zbekiston Rossiyani aylanib o‘tuvchi muqobil yo‘nalishlardan manfaatdor. Agar O‘zbekiston bu uch tomonlama alyansga qo‘shiladigan bo‘lsa, muqobil yo‘nalishlar bo‘yicha rejalarini doim Moskva bilan muvofiqlashtirishga majbur bo‘ladi”.

G‘arbning misli ko‘rilmagan sanksiyalariga uchragan Rossiya tomonidan ilgari surilgan ittifoq taklifi o‘zbekistonlik tahlilchilar hamda ijtimoiy tarmoq faollarida keskin e’tirozlarni uyg‘otdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov uni “bo‘yinturuq ilish yo‘li” deb baholadi.

Ekspertga ko‘ra, Moskva to‘rt bosqichli strategiya orqali Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati energetika tarmog‘i jilovini butkul o‘z qo‘liga olmoqchi.

Birinchi bosqichda energetika tizimining barcha zanjirlariga rossiyaparast shaxslar joylashtirilsa, keyingi bosqichda tarmoqni modernizatsiyalash shiori ostida Rossiyadan mo‘l-ko‘l kredit olinadi. Uchinchi bosqichda boshqariladigan inqiroz yuzaga keltiriladi. Pirovardida esa, sun’iy bo‘hron orqali energetika tarmog‘i ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi.

Украинага босқин: 233-кун | Кремль: Ғарбдан тўхтаган импортни Ўзбекистондан олишга тайёрмиз
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:41 0:00

Ikkilamchi sanksiyalar riski

Ekspertlar G‘arb sanksiyalari ostidagi Rossiya bilan yaqin savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnatish O‘zbekiston va mintaqaning boshqa sobiq sovet davlatlari uchun qo‘shimcha sanksiyalar xavfini keltirib chiqarishini aytishmoqda.

Shu yilning 28-iyun kuni O‘zbekistondagi Promcomplektlogistic xususiy korxonasi ikkilamchi sanksiyaga tushgan ilk shirkat bo‘ldi.

Avvalroq Rossiya matbuoti O‘zbekiston Markaziy banki mahalliy shirkatlarni xorijiy hamkorlar bilan Rossiyaning G‘arb sanksiyalariga tushgan banklari orqali hisob-kitob qilmaslik haqida ogohlantirgani haqida yozgan edi.

2022-yilda Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdosi hajmini karrasiga oshirgan. Ozodlik suhbatlashgan ekspertlarga ko‘ra, Moskva G‘arb sanksiyalariga chap bergan holda o‘ziga yaqin mamlakatlar orqali chetdan tovarlar olib kirmoqda.

Mintaqadan Rossiyaga asosan texnika, elektron jihozlar, shuningdek harbiy sanoat uchun butlovchi qismlar etkazilyapti. Amalda buni reeksport deyish mumkin.

O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, 2021-yilning 8 oyida Rossiya bilan mahsulot aylanmasi 4,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Joriy yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 5,6 mlrd dollarga yetgan yoki yil boshidan beri 27,1 foizga o‘sgan.

O‘zbekistonning mahsulot aylanmasi umumiy hajmida birinchi o‘rinni Xitoy egallaydi. Rossiya esa eng ko‘p tovar eksport qilingan mamlakat o‘laroq qayd etilgan. Qiyoslaymiz: o‘tgan yili Toshkent Rossiyaga 1,2 mlrd dollarlik mahsulot yetkazib bergan bo‘lsa, joriy yilning 8 oyidayoq bu ko‘rsatkich 1,8 mlrd dollarni tashkil qilgan, ya’ni eksport 45,4 foizga oshgan.

Qizig‘i, ayni chog‘da O‘zbekiston Xitoydan import hajmini ham oshirgan: o‘tgan yilning 8 oyida mamlakatga XXRdan 3,2 mlrd dollarlik mahsulot olib kirilgan bo‘lsa, 2022-yilning shu davrida 4,2 mlrd dollarlik mol import qilingan. Ushbu miqdorning kattagina qismi reeksport tarzida Rossiyaga jo‘natilishi ehtimoldan xoli emas.

XS
SM
MD
LG