Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2021, Тошкент вақти: 12:33

Moskvadagi ommaviy mushtlashuv ortidan 100dan ortiq markaziy osiyolik migrant ushlandi


Moskvadagi Migratsiya markazi oldidagi muhojirlar - iyul, 2021

Rossiya huquq-tartibot idoralari 100dan ortiq odamning seshanbaga o‘tar kechasi Moskvaning "Kuzminki" metro bekati yaqinidagi ommaviy mushtlashuvga aloqadorligini tekshirmoqda.

Bu haqda «Interfaks» agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar tarqatdi.

Agentlikka ko‘ra, hodisaga aloqadorlikda gumon qilinayotgan 102 kishi politsiya bo‘limiga olib kelingan. Ommaviy mushtlashuv fakti bo‘yicha tekshiruv boshlangani aytiladi.

Ayni paytda Rossiya huquq-tartibot idoralari hodisa yuzasidan surishtiruv boshlaganiga oid rasmiy ma’lumot yo‘q.

Rossiya huquq-tartibot idoralari ommaviy mushtlashuvga nima sabab bo‘lgani yuzasidan rasmiy ma’lumot bermayapti. Interfaks agentligi o‘z manbalariga tayangan holda janjal “shaxsiy adovat negizida” yuz bergani haqida xabar tarqatdi.

Avvalroq Rossiya matbuoti mushtlashuvda O‘zbekiston fuqarolari ham qatnashgani haqida xabar bergandi.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi idorasi keyinroq bu xabarlarni rad etdi. Agentlik O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi xodimlari bilan birga hodisa tafsilotlarini o‘rgangani va dastlabki xabarlarga ko‘ra, unda o‘zbekistonliklar ishtirok etmaganini bildirdi.

Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasi ommaviy mushtlashuvning milliy asosda sodir bo‘lgani haqidagi farazlarni rad etgan.

Rosgvardiya matbuot xizmati o‘nlab odam politsiyaning hududiy bo‘limlariga olib kelingani va jamoat tartibini saqlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilayotganini bildirgan.

Rosgvardiya ushlanganlar va omamviy mushtlashuvda qatnashganlarning soni borasida ma’lumot bermagan.

RIA Novosti agentligi politsiyadagi manbalariga tayanib ushlanganlarning barchasi markaziy osiyolik migrantlar ekani haqida xabar tarqatdi.

Agentlik manbasi ularni ma’muriy jazoga tortish masalasi ko‘rilayotganini aytgan.

Unga ko‘ra, so‘z “mayda bezorilik va hokimiyat vakiliga bo‘ysunmaslik” haqida bormoqda. Buning uchun Rossiya ma’muriy jazo qonunchiligida 15 sutkalik qamoq yoki 2,5 ming rubl jarima belgilangan.

Avvalroq Rossiya matbuoti mushtlashuvda Qirg‘iziston va Tojikiston, shuningdek, O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon fuqarolari qatnashgani haqida yozgandi.

Ammo Qirg‘iziston IIVning Rossiyadagi vakili Nurlan Janbayev faqat Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari o‘rtasida kelib chiqqan mushtlashuv haqida ma’lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva politsiyasi ommaviy mushtlashuvning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan.

«Tunda Rossiya politsiyasi bilan birga profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Ommaviy mushtlashuv yuz bermasligi uchun Qirg‘iziston fuqarolari ham, Tojikiston fuqarolari ham politsiya bo‘limiga olib kelindi. Hozir politsiya tekshirmoqda», deya qirg‘iz IIVsi vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati.

Mulozimning bildirishicha, hodisada bir qirg‘iz fuqarosi pichoqdan yaralangan, uning ahvoli qoniqarli deya baholanmoqda.

Qirg‘iziston vakili hozirda «Bezorilik» moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiya 103 kishini ushlagan, ulardan 70 nafardan ko‘pi qirg‘izistonliklar. Uch nafar Tojikiston fuqarosi politsiyaga ariza bilan murojaat qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy mushtlashuv videosi va yaralangan qirg‘izistonliklarning suratlari tarqaldi.

XS
SM
MD
LG