Britaniya Mudofaa vazirligi Vladimir Putin 9-may – G‘alaba kunida yalpi safarbarlik e’lon qiladi, deya bayonot berdi. Vazir Ben Uolles esa LBC radiostansiyasi yoyinida Rossiya prezidenti “jahon natsizmi”ga qarshi urush e’lon qilishini aytdi. Uning aytishicha, Putin “Ukrainaga so‘nggi zarba berish uchun” shunday yo‘l tutishi mumkin. Ben Uollesga ko‘ra, umumiy safarbarlik “muvaffaqiyatsizlikni tan olish” bo‘lur edi.
Ukraina prezidenti ofisi rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak ushbu xabarga izoh berarkan: “Rossiyada safarbarlik bu qashshoqlashayotgan aholining so‘nggi chaqalarini tortib olish imkonini beruvchi milliy startapdir”, deb yozdi.
O‘zini “LXR” va “DXR” deb atayotgan bo‘lginchi hududlarda yalpi safarbarlik Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan besh kun oldin – 19-fevralda e’lon qilingan edi. Lugansk va Donetsk yashovchilari komendatura o‘sha kuniyoq erkaklarni ko‘cha-ko‘ydan tutib ketishni boshlaganini ma’lum qilishgan. Tan olinmagan respublikalarda ko‘plab erkaklar hanuz chaqiruvdan yashirinib yurishgani aytiladi.
Rossiyada safarbarlik o‘tkazilishi mumkinmi? Bu qanday tashkil qilinadi? Conflict Intelligence Team tadqiqot guruhi asoschisi Ruslan Leviyev “Nastoyashcheye vremya” yoyinida ana shu savollarga javob berdi.
– Safarbarlik o‘tkazishlari rostdan ham mumkin, chunki uni e’lon qilish uchun hech bir texnik cheklov yo‘q. Qolaversa, frontdagi vaziyatga qaraydigan bo‘lsak, avvalboshda e’lon qilingan maqsadlardan aqalli ayrimlariga erishish, masalan, Donetsk va Lugansk viloyatlari ma’muriy chegaralariga chiqish uchun safarbarlik o‘tkazish kerak. Mavjud kuchlar hatto ukrain qo‘shinlarini qurshovga olishga ham yaramayapti. Donetsk va Lugansk viloyatlarini to‘liq ishg‘ol etishni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Biroq Putin bunga jur’at qila oladimi, yo‘qmi? Bunisi aniq emas. Ammo u safarbarlik e’lon qilishning muayyan siyosiy oqibatlari borligini biladi, albatta. Bu Putinning reytingini jiddiy xatarga qo‘yadi.
Boshqa tarafdan safarbarlik har xil bo‘lishi mumkin. Yalpi safarbarlik e’lon qilinib, zaxiradagi barcha harbiyga chaqirilishiga uncha ishonmayman, chunki juda ko‘p omborlarni ochish kerak bo‘ladi. Ularning hammasiga askariy ust-bosh, qurol-yarog‘ va texnika topib bera olishlari mahol. Ammo chegara viloyatlarida qisman safarbarlik e’lon qilinishini yoki yaqinda xizmatdan qaytganlarni yana armiyaga olishlarini kutsa bo‘ladi.
Agar shunaqa qisman safarbarlik o‘tkazilsa, chamasi 200 ming askar to‘plash mumkin va Rossiyada ularni kiyintirib-yarog‘lantirish imkoniyati bor. Va bu, darhaqiqat, urushda jiddiy o‘zgarish yasay oladi. Ya’ni, Rossiya Donetsk va Lugansk viloyatlarini tamoman zabt etish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘ladi.
– To‘liq yoki qisman safarbarlikda qancha askar to‘plash nazarda tutiladi?
– Bu yerda qat’iy belgilangan miqdor yo‘q. Ular istagancha odamni safarbar qilishlari mumkin. Avvalo ehtiyojga, keyin – oqibatlariga qaraladi. Ya’ni, odamlarni safarbar qilish iqtisodiyotga qancha zarar keltirishi hisob-kitob qilinadi. Ikki omildan kelib chiqib, muvozanatni saqlash kerak.
Ayni vaziyatda Rossiyaga bir tarafdan, hujumga o‘tish uchun qo‘shimcha kuchlar zarur. Ikkinchi tomondan esa, shusiz ham tang ahvolda qolgan iqtisodiyotni badtar cho‘ktirmaslik, prezident reytingi tushib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Shu bois ular “Biz shuncha odamni safarbar qilmoqchimiz”, deb oldindan e’lon qilishlari mumkin.
Yalpi safarbarlik o‘tkazilishiga ishonmasligimni yuqorida aytdim. Bunaqa bo‘lishi mumkin emas, chunki mamlakat iqtisodiyoti ko‘tarolmaydi. Ammo, deylik, 100 ming askar to‘plash uchun qisman safarbarlik e’lon qilish imkoni bor.
Agar shu yo‘lni tanlaydigan bo‘lsalar, may oyida zaxiraga bo‘shatilishi kerak bo‘lgan muddatli harbiy xizmatdagi askarlarni armiyaga qaytarishadi yoki ularning xizmat muddatini uzaytirishadi, deb taxmin qilaman. Nafaqat ularning, 2021-yil kuzda armiyaga chaqirilgan “srochnik”larning ham xizmat muddati olti oy yoki bir yilga cho‘zilishi va hammasi urushga jo‘natilishi mumkin. Shunday bo‘lishiga ko‘zim yetadi. Bir qancha variant mavjud, istaganlarini tanlashlari mumkin.
– Qisman safarbarlik o‘tkazilishi mumkin, degan xulosangiz nimalarga asoslangan?
– Safarbarlik o‘tkazish uchun o‘tkir ehtiyoj mavjud, qolaversa, qo‘shimcha 100-200 ming askarni qurollantirish qiyin emas. Rossiya omborlarida shuncha askarga yetarli ust-boshdan tortib, avtomat va texnikagacha topiladi.
Ammo safarbarlikka hozirlik ko‘rilayotgani belgilarini hozircha payqamadik. Safarbarlik omborlarini ochib, katta miqdordagi texnikalar olib chiqilganini ko‘rganimiz yo‘q. To‘g‘ri, korxonalarda odamlar bron qilinayotganini qayd etyapmiz. Bron degani – strategik muhim korxonalarda ishlaydigan, fuqaroviy hayotdagi mehnati frontga borishidan qiymatliroq bo‘lgan odamlarga beriladigan hujjat. Bron ularni safarbarlikdan ozod etadi. Ammo bu harbiy komissariatlarning emas, korxonalarning o‘z tashabbusi bilan bo‘layotgan ishlar.
– Ukraina Bosh shtabi Rossiyada safarbarlik bo‘lish-bo‘lmasligi Donbass uchun janglar natijasiga bog‘liq, deya bayonot berdi. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
– Donbass uchun jang natijasi allaqachon ayon: u Rossiya uchun muvaffaqiyatsiz tugaydi. 9-maygacha ular arzigulik biron yutuqqa erisha olmaydilar: na viloyatlarning ma’muriy sarhadlariga chiqa olishadi, na Ukraina qo‘shinlari guruhi qurshovga olinadi va na “Azovstal” masalasi hal etiladi. 9-maygacha bularning hech biri bo‘lmaydi. Binobarin, Putin bayram paradida biron g‘alaba bilan maqtana olmaydi. Ammo urushni davom ettirishlari turgan gap. Donbass uchun janglar boy berilyapti, chunki yangi qurol-aslaha olayotgan Ukraina kun sayin kuchayyapti va u yaqin bir oy ichida keng ko‘lamli qarshi hujumga o‘tishi mumkin. U holda Donbassda Rossiya qo‘shinlarining ahvoli yanada yomonlashadi. Shu bois, frontdagi ayni vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, Rossiyaga safarbarlik zarur.
Menimcha, Putin muhtamal siyosiy oqibatlarga qaraydi, ya’ni, jamiyatning, iqtisodiyotning reaktsiyasini, o‘z reytingidagi ehtimoliy o‘zgarishlarni hisobga oladi. Va shunga ko‘ra qaror qabul qiladi.
– Donbassdagi janglar ancha susayib qolganiga sabab shumikan, nima deb o‘ylaysiz?
– Shak-shubhasiz, kuch yetishmasligi sababli Rossiya qo‘shinlari juda sekin ilgarilamoqda. Holbuki, piyoda qo‘shinlar dastlab artilleriya va aviatsiya Ukrainaning shahar va qishloqlariga surunkali zarba berganidan so‘nggina hujumga o‘tyapti. Shunga qaramay, harakatlari juda sust. Ba’zi yo‘nalishlarda kuniga bir chaqirim siljishyapti – harbiylar qarichida bu juda kam.
Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib berilmaganida ham Donbass uchun jang oylarga cho‘zilgan bo‘lardi baribir. Ukrainaga qurol kelishi davom etgani sayin Rossiya qo‘shinlari sustlashadi. Bir so‘z bilan aytganda, Rossiya Donbassda o‘ralashib qoldi va mavjud kuchlar bilan urushni samarali davom ettira olmaydi. Urushning birinchi bosqichidan saboq olishmagani ko‘rinib turibdi.