Линклар

Шошилинч хабар
12 май 2021, Тошкент вақти: 16:59

Navalniy jamoasi Rossiya bo‘ylab o‘z filiallarini ochmoqda


Vladimir shahri. 2021, mart.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniy 2 - fevral kuni 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilinganidan beri uning tarafdorlari Rossiya bo‘ylab muntazam ravishda reydlarga yo‘liqmoqda, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda, politsiya tomonidan kaltaklanmoqda.

Ammo muxolifatchi jamoasi bo‘sh kelmoqchi emas. Jamoa Rossiyadagi mahalliy korrupsiyani o‘rganadigan, norozilik namoyishlarini uyushtiradigan va saylovlarda ishtirok etadigan filiallar tarmog‘ini kengaytirmoqda. Xususan, jamoa 10 ta yangi mintaqaviy vakolatxona ochilganini e’lon qildi.

Navalniy jamoasi yangi filiallarni muxolifatni qo‘llovchilarni topish mumkin bo‘lgan shaharlarda ochmoqda, chunki muxolifat sentabr oyiga rejalashtirilgan parlament saylovlari arafasida tarafdorlari sonini oshirishga bel bog‘lagan.

Bunday shaharlarning biri aholisi 350 ming bo‘lgan Vladimir shahri bo‘lib, u yerda 23 - yanvar kuni 2 mingga yaqin kishi Rossiyada chuqur ildiz otgan korrupsiya va Navalniyning qamalishiga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi. O‘sha kuni va 31 - yanvar kuni Rossiya bo‘ylab 100 mingdan ortiq odam namoyishga chiqdi. Namoyishlar ayovsiz bostirildi va 10 mingga yaqin odam hibsga olindi.

Vladimirga Moskvadan poyezdda ikki soatga qolmay yetib borish mumkin, ammo shaharda o‘rtacha oylik ish haqi atigi 35 ming rublni tashkil etadi. Shahar aholisi infratuzilma nurab borayotgani va yo‘llar achinarli ahvolda ekanidan shikoyat qilib keladilar. 2020 - yilning ikkinchi choragida aholi daromadi 1998 - yilgi defolt davridan buyon kuzatilmagan darajada ozaydi. Real daromad qisqarib, narxlar oshayotgani tufayli Kremlning norozilik kayfiyatini bartaraf etish urinishlariga qaramasdan, Rossiya bo‘ylab bunday kayfiyat kuchaymoqda.

Ushbu holat fonida Navalniy jamoasining vazifasi Rossiya bo‘ylab yangi saylov okruglariga yetib borish va guruh fosh etgan korrupsiyani yoyinlashdan iborat.

Navalniyning o‘ziga xos uslubda ishlangan video-surishtiruvlari Rossiyada juda mashhur bo‘lib ketgan. Shulardan eng ko‘p ko‘rilgani Gelenjik yaqinidagi 1,36 milliard dollar deb baholangan «Putin saroyi» haqidagi surishtiruv bo‘ldi. Navalniy boshchilik qiladigan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi bu videoni 19 - yanvar kuni, Navalniy Germaniyadan qaytgach, hibcga olingandan 2 kun o‘tib e’lon qilgandi. Shundan beri bu surishtiruv deyarli 115 million marotaba ko‘rildi.

Vladimir shahrida 21 yoshga to‘lgan Ivan Turmanov Navalniy jamoasiga qo‘shilib, uning shahardagi filiali uchun ofis topdi.

Ammo Rossiya muxolifatiga bosim kuchaygan bir paytda Navalniy jamoasi uchun imoratini ijaraga beradiganlar oz. Dog‘iston poytaxti Maxachkala shahrida Navalniy koordinatori Ruslan Ablyakimov ijaraga ofis topa olmadi, hayotiga tahdidlar tufayli Dog‘istonni tark etdi.

Navalniy qamoq jazosini Vladimirdan 80 kilometr masofadagi Pokrov shahridagi qamoqxonada o‘tamoqda.

Nijniy Novgorodda Roman Tregubov Navalniydan voz kechgani va uning tarafdorlarini norozilik namoyishlarini boykot qilishga chorlagani aks etgan video yoyinlandi. Lekin keyinchalik video politsiya hibsxonasida, bosim ostida yozib olingani aniqlandi. Bu orada Tregubovga mitinglarni targ‘ib qilish orqali xalq sog‘lig‘iga xavf tug‘dirish ayblovi qo‘yildi.

«Bizga bosim juda katta», - dedi u Ozodlikka telefon orqali bergan intervyusida.

Kurgan shahrida 24 yoshli Aleksey Shvars ikki oy qamoqda o‘tirdi. Faol ikki mulozim saylovlarda firibgarlikni rejalashtirayotgani aks etgan suhbatni e’lon qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Saylov natijalarini soxtalashtirishni muhokama qilgan amaldorlarning birortasiga rasmiy ayblov qo‘yilgani yo‘q.

Tumanov ham muxolifatni qo‘llayotgani uchun muammolarga yo‘liqib keladi. 23 - yanvar kuni bo‘lib o‘tgan mitingdan bir kun oldin, bir guruh politsiyachilar uni uyi oldida hibsga oldi va sudya uni namoyishlarni uyushtirgani uchun besh kunlik qamoq jazosiga hukm qilishidan oldin 48 soat tergov izolyatorida ushlab turildi.

Tumanov agar Rossiya fuqarolari ko‘chada va saylov uchastkalarida davlatga qarshi chiqishdan qo‘rqsa va o‘zi kabi muxolifat faollariga to‘sqinlik qilsa, mamlakat kelajagi qorong‘i bo‘lishini bashorat qildi.

XS
SM
MD
LG