Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:52

Navalniy Rossiyaga qadam bosishi bilan hibsga olinishi mumkin


Rossiya Jazoni o‘tash federal xizmati (FSIN) Kreml tanqidchisi bo‘lgan muxolifatchi Aleksey Navalniy mamlakatga qaytsa, hibsga olinishini ma’lum qildi.

Avvalroq FSIN Navalniyni federal qidiruvga bergan edi.

Federal xizmatning bildirishicha, Navalniy shartli ravishda qamoqqa hukm qilingan shaxs sifatida nazorat tartibida qayddan o‘tmay kelmoqda.

Bunga qaramasdan, ayni paytda Germaniyada qolayotgan Navalniy Rossiyaga qaytayotgani va 17 - yanvarga Moskva reysiga chipta sotib olganini ma’lum qildi.

Navalniyning aytishicha, FSIN unga chiqarilgan shartli qamoq jazosini qamoq jazosiga almashtirishni so‘rab, sudga murojaat qilgan.

Sud bu arizani qanoatlantirsa, muxolifatchi 3,5 yilga qamalishi mumkin.

FSIN sud Navalniyga 2014 - yilda chiqarilgan shartli qamoq jazosini qamoq jazosiga almashtirish masalasini ko‘rib chiqar ekan, muxolifatchini «hibsga olish uchun barcha choralarni ko‘rishga majbur» ekanligini bildirdi.

Navalniy 2014 - yilning dekabrida tovlamachilikda ayblanib 3,5 yilga shartli ravishda qamalgan edi.

Jazo muddati 2020 - yilning 30 - dekabr kuni tugagan.

Muxolifatchi o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olmay keladi. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi bu ishni o‘rganib, Navalniy Rossiyada adolatli sudlov huquqidan mahrum etilgani to‘g‘risida qaror chiqargan.

14 - yanvar kuni FSIN bayonot e’lon qilishidan oldin Navalniyning advokati Vadim Kobzev:

«Biz uning hibsga olinishini kutyapmiz deb ayta olmayman, lekin uni aeroportda hibsga olishlari ehtimoldan xoli emas», - dedi.

Moskva shahridagi Simonov tumani sudi saytida yozilishicha, Navalniyning shartli qamoq jazosini o‘zgartirish bo‘yicha ariza 11 - yanvarda ro‘yxatga olingan.

Saytda yozilishicha, hukmni o‘zgartirishning rasmiy sababi «yuklangan majburiyatlarni bajarmaslik, tovon to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik yoki boshqa jinoyat sodir etganlik»dir.

Navalniy o‘tgan yilning avgust oyida zaharlanish alomatlari bilan Omskda kasalxonaga yotqizilganidan keyin tibbiyot uchog‘i bilan Berlinga jo‘natilgan edi.

Bir necha laboratoriya uning sovet davrida ishlab chiqilgan «Novichok» guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini tasdiqladi. Natijada Yevropa Ittifoqi yetti nafar Rossiya amaldoriga va bir tadqiqot institutiga qarshi sanksiya joriy qildi.

Navalniy Berlindagi shifoxonadan chiqqanidan keyin, Germaniyada reabilitatsiyadan o‘tdi.

Rossiya hukumati Navalniy Germaniyaga olib kelguniga qadar uning tanasida zahar izi topilmaganini da’vo qilib, ushbu holat yuzasidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishdan bosh tortib keladi.

Navalniy uning zaharlanishida bevosita prezident Vladimir Putinni ayblamoqda.

Bu orada 14 - yanvar kuni Rossiyaning Chelyabinsk shahri sudi Navalniyni qo‘llab-quvvatlagan ikki faolni oqladi.

Oksana Yeryomina va Yuriy Varushin 2018 - yil may oyida shaharda Navalniy tarafdorlari tomonidan o‘tkazilgan marshda bezorilikka qo‘l urishda ayblanayotgan edilar.

Ushbu norozilik aksiyasi o‘sha kuni inauguratsiya qilingan Putinga qarshi uyushtirilgan edi.

XS
SM
MD
LG