Линклар

Шошилинч хабар
04 май 2024, Тошкент вақти: 22:57

Navalniy Twitterning prezident Trampni bloklash qarorini "senzura" deb atadi


Ayni damda Germaniyada sog‘ligini tiklayotgan Navalniy Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlardan Kreml qo‘ygan cheklovlarga qarshi samarali foydalanib keladi
Ayni damda Germaniyada sog‘ligini tiklayotgan Navalniy Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlardan Kreml qo‘ygan cheklovlarga qarshi samarali foydalanib keladi

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy o‘tgan hafta Vashingtonda bo‘lib o‘tgan zo‘ravonliklar ortidan Twitterning AQSh prezidenti Donald Trampni butunlay taqiqlash qarorini tanqid qildi. Navalniy buni «qabul qilib bo‘lmas senzura chorasi» deya ta’rifladi.

Muxolifatchi 11 banddan iborat tvit yozib, shirkatning ushbu qarorini «dunyo bo‘ylab so‘z erkinligi dushmanlari suiiste’mol qilishi» haqida ogohlantirdi.

Ayni damda Germaniyada sog‘ligini tiklayotgan Navalniy Tramp o‘zining to‘rt yillik faoliyati davomida «juda mas’uliyatsiz narsalarni yozdi va gapirdi ... va shuning uchun ikkinchi muddatga qayta saylanmay ta’zirini yedi», deb yozdi.

Tanqidchilar Tramp ko‘pincha platformadan noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish, nafrat qo‘zg‘atish va zo‘ravonlikni targ‘ib qilish uchun foydalanganini aytib keladilar. Xususan, prezident Twitterda hech bir isbot-dalilsiz noyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar «o‘g‘irlanganini» iddao qilib keladi.

6 - yanvar kuni Tramp tarafdorlari Kapitoliy binosiga bostirib kirganidan keyin, ko‘pchilik yirik ijtimoiy tarmoqlarni prezidentni bloklashga chaqirdi.

Tramp Kapitoliyga hujum qilinishdan bir necha soat oldin tarafdorlariga shaxsan murojaat qilgan, ularni ijtimoiy tarmoqlar orqali gijgijlagan edi.

Natijada Facebook uni Facebook va Instagram platformalaridan kamida prezidentlik muddati oxirigacha chetlatdi.

8 - yanvar kuni esa Twitter «yana zo‘ravonlikka chorlash xavfi yuqori bo‘lgani sababli» Trampning @realDonaldTrump shaxsiy hisobini butunlay blokladi.

Ushbu misli ko‘rilmagan chora Trampni o‘zining 88,7 million izdoshi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonidan mahrum qildi.

Navalniyning o‘zi Twitter, YouTube va boshqa ijtimoiy tarmoqlardan Kreml an’anaviy ommaviy axborot vositalariga qo‘ygan cheklovlarga qarshi samarali foydalanib keladi. Xususan, u ushbu platformalarda mahorat bilan korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyalarini yuritadi va Putin hamda atrofidagilarni tanqid qilib keladi.

Navalniy o‘tgan yil 20 - avgustida zaharlanish asoratlari bilan Omsk kasalxonasiga yotqizilgandi – uning ahvoli Tomskdan Moskvaga parvoz qilayotgan uchoqda yomonlashgan. 22 - avgust kuni muxolifatchi Berlindagi «Sharite» klinikasiga ko‘chirilgan. U ikki haftadan ko‘proq komada yotgan.

Navalniydan olingan tahlil namunalari qator Yevropa davlatlaridagi laboratoriyalarda tekshirilgan va mutaxassislar uning «Novichok» turkumiga kiruvchi kimyoviy qurol vositasida zaharlanganini aniqlashgan. G‘arb davlatlari Rossiyadan muxolifatchining zaharlanishi yuzasidan tushuntirish talab qilib kelmoqda.

Navalniy Tramp Twitter qoidalarini buzgani uchun taqiqlangani asosli dalil emasligini aytdi. Muxolifatchi buni quyidagicha izohladi: «Men ko‘p yillar davomida har kuni o‘lim tahdidini olaman va Twitter hech kimni bloklagani yo‘q (men buni so‘raganimam yo‘q)».

U Twitter shirkatiga bunday taqiqlar bo‘yicha qarorlarni qabul qilish uchun biron bir qo‘mita tuzish va apellyatsiya jarayonini yo‘lga qo‘yishni tavsiya qildi.

Trampning ko‘plab tarafdori va uni dastaklab kelayotgan ayrim taniqli shaxslar Twitter prezidentni bloklaganini keskin tanqid qildilar.

Xabarlarga ko‘ra, Tramp hali ham rasmiy @WhiteHouse va @POTUS akkauntlaridan foydalanish huquqiga ega, ammo 20 - yanvar kuni prezidentlik muddati tugagach, bu imkoniyatdan mahrum bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG