Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2021, Тошкент вақти: 02:29

Nozim To‘laxo‘jayev: “O‘zbekfilm” “O‘zbekkino”ning o‘gay bolasimi?


Nozim To‘laxo‘jayev

O‘zbek kinoijodkorlari, kinomutaxassislarining “O‘zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori F.F.Abduholiqov bilan ziddiyatli munosabatlari tufayli o‘zbek kinosida yuzaga kelgan vaziyat munosabati bilan to‘rt oy avval O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida konferensiya o‘tkazilgan edi.

O‘sha uchrashuv yakunida “O‘zbekkino” Bosh direktori zimmasiga Agentlik rahbariyati bilan kinoijodkorlar o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatni bartaraf etish va murosaga kelish hamda ijodiy guruhlarning faoliyati uchun mo‘’tadil sharoit yaratish vazifasi yuklangan edi.

Shuningdek, o‘sha uchrashuvda Bosh direktor F.Abduholiqovga Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari eslatib qo‘yildi:

«Biznesmen bo‘lsin, marhamat... Ijodiy ishlarga aralashib o‘zini ham, san’at degan muqaddas tushunchani ham beobro‘ qilmasin. Buni hech kim, hech qachon unutishga haqqi yo‘q».

Lekin Bosh vazirning o‘zbek kinochilari bilan murosaga kelish haqidagi aniq topshirig‘iga hamda Prezidentimiz belgilagan yo‘ldan og‘ishmaslik kerakligi haqidagi ko‘rsatmasiga qaramay, Abduholiqov “O‘zbekkino”ni katta miqdordagi davlat mablag‘ini xususiy tadbirkorlarga tarqatish yarmarkasiga aylantirish orqali milliy kinosan’atning yalpi tijoratlashuvini kuchaytirdi. Davlat studiyasi bo‘lmish “O‘zbekfilm”ni esa ochlikka mahkum etdi! Tasavvur qiling, bir yilda 10 ga yaqin badiiy film ishlab chiqargan “O‘zbekfilm”ga, endilikda bir dona film berilmoqda! U holda, nima uchun Prezident “O‘zbekfilm” binosining kapital ta’miri, qimmatbaho apparatura, avtotexnika xaridi uchun shu qadar katta mablag‘ ajratdi ekan?! Harqalay, o‘zbek kino san’atini 100 yil davomida jahonga ko‘z-ko‘z qilib kelgan “O‘zbekfilm”ning shinam xonalarini, texnikasi, liboslari, hatto mutaxassislarini xalqimiz orasida “xontaxta” nomi bilan ommalashgan sayoz filmlar suratga oladigan xususiy kinostudiyalarga ijara asosida berish uchun bo‘lmasa kerak! Nima, “O‘zbekfilm” kinostudiyasi “O‘zbekkino”ning “o‘gay bolasi”mi? Balki bu, rahbarning ish usuliga qarshi yozilgan xatga imzo chekkan studiya xodimlaridan qasos olishning o‘ziga xos yo‘lidir?!

So‘nggi paytlarda o‘zbek kino olamida urf bo‘lgan va imkoni boricha ovoza qilinayotan piar-aksiyalar va kinoanjumanlarda bosh direktor “bundan buyon Agentlik Badiiy kengashi “ochiq” va haqqoniy ishlaydi, hatto Kengash yig‘ilishlari o‘tkaziladigan xonaga videokameralar o‘rnatilib, Agentlik sayti orqali onlayn namoyish etiladi”, deya jar solgandi. Lekin hozir buning mutlaqo aksini ko‘ryapmiz. “O‘zbekkino” sayti anchadan beri faoliyat yuritmayapti, Badiiy kengash yig‘ilishlari esa shu qadar yopiq o‘tkaziladiki, hatto ssenariylari muhokama etilayotgan mualliflar ham taklif etilmayapti... “O‘zbekkino”ning tajribali va vijdonli, lekin uning ish usulini qabul qilolmayotgan mutaxassislarining ishdan haydalishi ham, Agentlik Badiiy kengashi esa rahbarga noqulay bo‘lgan kinoijodkorlarga tazyiq o‘tkazish vositasi sifatida faoliyat yuritishi ham odatiy holga aylandi... U o‘ziga yoqmagan yoki uning ish usuliga qarshi chiqqan ssenariy muallifi, aktyor, rejissyor, muharrir, hatto grimyorni kinoloyihadan chetlatish uchun Badiiy kengashni ishga solmoqda. Agar ssenariy a’lo darajada yozilgan bo‘lsa ham, bosh direktorning bir og‘iz talabi kifoya, ssenariy qabul qilinmaydi! Ba’zi hollarda esa, filmlar shundoq, ssenariysiz ham ishlab chiqarishga tushib ketilaveradi! Bunday qonun-qoidalarga xilof hodisalar hatto sovet davrida ham sodir bo‘lmagan! Tasavvur qiling-a, neyroxirurg bemorning miyasini operatsiya qilishi kerak, lekin kasallik tashxisi hali qo‘yilmagan! Qiziq, bemor operatsiyadan omon chiqarmikin?!


Balki shuning uchun ham Prezident mamlakatning barcha korxona va tashkilotlaridagi xodimlarning manfaatlarini rahbariyatning “o‘zboshimchalik siyosatidan” himoya qilish maqsadida “Jamoatchilik kengashlari”ni tashkil etish haqida ko‘rsatma bergandir?! “O‘zbekkino”da ham ana shunday kengash tashkil etildi. Xo‘sh, nima o‘zgardi? Bu kengash ijodkorlarning ishonchini qozona olmadi! Jamoatchilik kengashiga ziddiyatli masalani hal etish taklifi bilan murojaat etishning foydasi ham yo‘q. Chunki kengash doim bosh direktor tarafida. Unda bu kengashning nima keragi bor, degan savol tug‘iladi. Umuman, balandparvoz gaplar bilan behuda vaqt o‘tkazishning nima hojati bor? Kengash a’zolarining o‘z shaxsiy fikrini aytish huquqi bo‘lmasa, hamma masalalarni faqat bir kishi hal qilsa, shuncha odamni bekorga yig‘ib o‘tirishning hojati bormikan?! Bu Prezidentning xalq demokratiyasi va adolat haqidagi g‘oyalarini obro‘sizlantirish emasmi?!


Lekin ular qo‘rqishadi va unga qarshi bir so‘z ayta olishmaydi. Hatto bosh direktorning buyruqlari, gaplari inson qadr-qimmatini poymol qilayotgan bo‘lsa-da, aytganlarini so‘zsiz bajarishga harakat qilishadi. “Jamoatchilik kengashi” doirasida Abduholiqovga “noqulay” bo‘lgan kinoijodkorlar bilan (Z.Musoqov va “Multiplikatsion filmlar studiyasi” xodimlari kabi) o‘tkazilgan “suhbat”lar buning yorqin misolidir. O‘zlarini bunday tutishga ularni nima majbur qilayotganini tushunish mumkin. Ba’zilari - ularga film berib qolishidan umidvor, boshqalari – institutlarda tahsil olayotgan farzandlarining o‘qishini “O‘zbekkino” hisobidan moliyalashtirish istagida, qolganlari esa, xususiy mablag‘larga suratga olgan filmlarini davlatga pullash ilinjida...

Prezident Sh.M.Mirziyoyev qarori bilan tashkil etilgan animatsion filmlar davlat unitar korxonasida ham achinarli vaziyat hukmron.
O‘sib kelayotgan yosh avlodni multiplikatsiya san’ati orqali tarbiyalashga yo‘naltirilgan studiya inqirozga yuz tutgan. Bu bosh direktorning bir yarim yillik rahbarligi davomida atigi bitta multfilm ishlab chiqarishga tushirilgan studiya ahvolini yana qanday ta’riflash mumkin?! U rahbar bo‘lishidan avval bu studiyada yiliga kamida beshta multfilm tayyorlanar edi! Shu studiyada ishlab chiqarishga tushirilgan bir multfilmimni noqonuniy ravishda to‘xtatib qo‘ygani yetmaganidek, mening milliy qahramonimizga aylangan Xo‘ja Nasriddin haqidagi ikkinchi filmimning ishlab chiqarilishiga ham to‘sqinlik qilmoqda! Buning uchun u topgan bahonani qarang! Agar ushbu multfilmni ishlab chiqarish uchun o‘zim pul topib kelsamgina, filmni qayta ishlab chiqarishga tushirar emish! Bu ahmoqona o‘zboshimchalikdan o‘zga narsa emas! Tasavvur qiling, agar bugungi pandemiya sharoitida shifokorlar kasalxona rahbaridan dori-darmon uchun pul ajratishini so‘rashsa-yu, u bo‘lsa “pulni o‘zingiz topib keling!” desa! Bunday rahbarning ahvoli nima bo‘lishini bilasizmi? Ehtimol, uni qamab qo‘yishsa kerak?! Davlat tomonidan har yili davlat filmlari uchun tegishli mablag‘ ajratiladi va u bu pullarni mavjud talab-qoidalarga rioya etgan holda sarflashi shart! Lekin u, bu pullarni xususiy animatsion filmlar ishlab chiqaruvchi studiyalarga ajratyapti! Davlat studiyalarining ko‘p yillik tajribaga ega xodimlarini esa, oylab maosh olmasdan och-nahor yurishga majbur etyapti. Davlat mablag‘ini saflashdagi bu kabi surbetona firibgarlikning chegarasi bormikin?!
Bosh direktor, mavjud qonunlarga xilof tarzda “Multiplikatsion filmlar studiyasi” Davlat unitar korxonasiga xususiy tadbirkorni rahbar etib tayinladi! Bu ham yetmaganidek, uning xususiy kompaniyasiga birvarakayiga uchta multserial uchun buyurtma berib, pul ham o‘tkazdi! Nima, bu, “o‘zi, go‘yoki, qarshi kurashga otlangan” korrupsiya emasmi?
Kino ishlab chiqarish o‘rniga katta hajmdagi mablag‘ quruq va’dabozlik bilan to‘lib-toshgan ko‘plab kinoanjumanlar, kinoziyofatlarga sarflanmoqda. Bu vaqtda esa, kino xodimlarining uch oylab maosh olmayotganini (“O‘zbekkino” MA xodimlari bundan mustasno), pullar, shunchaki, (hali amalga oshirilmagan ishlarni ko‘klarga ko‘tarib) piar deya, reklama deya, havoga sovurilayotganini ko‘rish toqat qilib bo‘lmaydigan holatdir!

Yana bir ajabtovur holat! Teleseriallar ishlab chiqarishga moslashtirilgan “O‘zbektelefilm”, “Mediamarkaz” turganida, bu yoqda har bir xususiy telekanal teleserial tayyorlash bo‘yicha o‘ziga xos tarzda musobaqalashayotgan bir paytda “O‘zbekkino” ham teleseriallarga buyurtma berish ishlarini boshlab yuborgan.
Va, nihoyat, uning faoliyatini cho‘qqisi: u “O‘zbekfilm” kinostudiyasini faqat texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha konsernga aylantirish, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkil etilgan “Multiplikatsion filmlar studiyasi”ni esa tugatishga qaror qildi. Aytingchi, mamlakat Prezidenti tashkil etgan korxonani tugatish huquqini unga kim berdi!? Hech kim! Bu ham o‘zboshimchalikning yuksak namunasi!
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: janob Abduholiqov, siz Prezidentimizning madaniy-mafkuraviy qarashlariga qarshimisiz? Nima, siz unga dushmanmisiz? Bosh vazir Abdulla Aripovning o‘zbek kinematografiyasida yuzaga kelgan ziddiyatli holatni bartaraf etish haqidagi vazifasini bajarish u yoqda tursin, mamlakatimizning madaniyati taraqqiyotiga bolta urmoqchimisiz?! Agar siz uchun Prezident, Bosh vazirning Qaror va ko‘rsatmalari qonun bo‘lmasa, siz nimani o‘zingiz uchun qonun deb bilasiz?! Biz yordam so‘rab kimga murojaat qilishimiz kerak? Balki bevosita mamlakat Prezidentiga murojaat qilishimiz kerakdir? Ammo xatti-harakatingizdan ko‘rinib turibdi, siz, hatto, undan ham hayiqmaysiz!

Lekin ishonaman, vaqt keladi va sizning rahbarligingiz davomida olingan filmlar, shuningdek sizning, nafaqat davlat byudjeti, balki o‘zbek milliy kino san’atiga yetkazgan zararingiz o‘zining “munosib bahosini” oladi!

Nozim To‘laxo‘jayev,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

OzodMaktub mualliflarining nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi. Ozodlik maktubda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan "O‘zbekkino" Milliy agentligi rahbariyatining rasmiy munosabati hamda boshqa kinoijodkorlarning fikrlariga ochiq.

XS
SM
MD
LG