Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:16

O‘g‘li O‘zbekistonga elchi etib tayinlangan Tolibon mulozimi nepotizmda ayblandi


Tolibon tog‘-kon va neft vaziri Shahobiddin Dilovar (o‘ngda).
Tolibon tog‘-kon va neft vaziri Shahobiddin Dilovar (o‘ngda).

Afg‘onistondagi Tolibon hukumatining yuqori martabali mulozimi o‘g‘li O‘zbekistondagi elchi lavozimiga tayinlanishi ortidan qarindosh-urug‘chilikda ayblandi.

Tolibonning tog‘-kon va neft vaziri Shahobiddin Dilovarning kenja o‘g‘li Mag‘furulloh Shahob 4-fevral kuni Afg‘onistonning Toshkentdagi elchisi lavozimiga kirishgan.

Dilovarning to‘ng‘ich o‘g‘li Ruhulloh Shahob Tolibon bosh vazir o‘rinbosari ofisida katta mulozimlardan biri. Uning kuyovi Shamsiddin Ahmadiy esa Kobuldagi boshqaruv tizimida yuqori lavozimda ishlaydi.

Ba’zilar Dilovarning o‘g‘li Toshkentga elchi etib tayinlanishi siyosiy nepotizmning ochiqdan-ochiq ko‘rinishi ekanligini aytmoqda.

Ozodlik Afg‘oniston xizmati ("Azadi" radiosi) tahlilchisi Abubakar Siddiqning yozishicha, oxirgi tayinlov toliblar o‘z hukumati qarindosh-urug‘chilik va korrupsiyadan xoli deb turgan vaqtda sodir bo‘layotgani, ayniqsa muhim.

Tolibon rahbari Mulla Haybatulloh Oxundzoda o‘tgan yili «vazirlik va davlat idoralari amaldorlariga oila a’zolari yoki qarindoshlarini davlat lavozimlariga tayinlashni taqiqlash» to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Ўзбекистон позицияси: Толиблар билан қандай муносабатларни ўрнатиш керак?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:38 0:00


Bu farmonni chetlab o‘tgan birgina Shahobiddin Dilovar emas.

Tolibon ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniyning amakisi Xalil ur-Rahmon Haqqoniy qochqinlar ishlari bo‘yicha vazir hisoblanadi. Shu qatorda, Haqqoniy oilasi a’zolari Host viloyati hokimiyat tizimi va razvedka xizmatida ham muhim lavozimlarni egallagan.

Tolibon asoschisi Mulla Umarning o‘g‘li mulla Muhammad Yoqub mudofaa vaziri bo‘lib ishlab keladi.

Yoqubning amakisi mulla Mannon Umariyga esa mehnat va ijtimoiy ishlar vazirligi topshirilgan.

Tolibondan oldingi Afg‘oniston hukumatining ko‘plab rasmiylari ham o‘z mansab vakolatlaridan foydalanib, qarindoshlarini siylab kelgani ko‘p bor tanqid qilingan.

Tolibon rejimi Afg‘onistonda hokimiyatni monopollashtirishda ayblanadi. Asosan pushtunlardan iborat ekstremist harakat a’zolari hukumatdagi lavozimlarni o‘z oralarida bo‘lib olganlar. Tolibonning aksar oddiy jangchilari savodsiz va umrini janglarda o‘tkazgan. Tolibon rasmiylari va yuqori martabali qo‘mondonlari esa o‘z farzandlarini xorijiy madrasalar va universitetlarda o‘qitishgan. Ular endilikda hukumatdagi lavozimlarini farzandlariga topshirishmoqda.

Aftidan, shu yo‘l bilan Tolibon yetakchilari o‘z qudratidan shaxsiy boylik orttirish va o‘z hokimiyatini mustahkamlashda foydalanmoqda.

O‘zbekiston tomoni hozircha Toshkentdagi elchixona Tolibonga topshirilgani haqida rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.

O‘tgan hafta AIP (Afghan Islamic Press) agentligi Islom amirligi o‘z vakillarini Toshkentga jo‘natgani va rasmiy tanishtiruv marosimi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi Maulvi Mag‘furulloh Shahobni Afg‘oniston elchixonasi vakili sifatida olti oy avval Toshkentga yuborgan. Maulvi bu vaqt mobaynida siyosiy idora rahbari o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgani aytiladi.

Keyinroq Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi Maulvi Mag‘furulloh Shahobni elchi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani haqida xabar berildi.

Endilikda rasmiy uchrashuvlar va O‘zbekistondagi elchixona ishlarini yuritish uning zimmasiga yuklatilgan.

Озодлик фильми: Тошкент Толибон билан Қўштепа борасида келиша олмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:35:33 0:00

Tolibon hozirgacha 17 davlatga o‘z vakillarini yuborgan.

Afg‘onistonning Tojikistondagi elchixonasi hozircha Tolibonga topshirilganicha yo‘q. Biroq Afg‘oniston Islom Amirligi vakillari bir muddat avval Afg‘onistonning Tojikiston Badaxshonidagi konsulligiga tashrif buyurgan.

Shu vaqtgacha bir qancha davlatlar o‘z diplomatlarini Afg‘onistonga yubordi. Ikki kun avval OAVda AQSH ham Kobuldagi konsullik faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Oldinroq O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov Kobulda Tolibonning muvaqqat mudofaa vaziri Muhammad Yoqub bilan uchrashgani xabar qilingandi.

“Tolo news” xabariga ko‘ra, 1-fevral kuni o‘tgan muzokaralarda chegara va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilingan.

Muhammad Yoqub “Islom amirligi rivojlanish loyihalarini amalga oshirishda hamkorlikka tayyorligi”ni bildirgan.

O‘tmishda Tolibon boshqaruvini qat’iyan rad etgan Islom Karimov hukumatidan farqli prezident Mirziyoyev 2021-yil avgustida Kobuldagi hokimiyatni bosib olgan toliblar bilan muloqot va hamkorlik yo‘lini tanlagan.

2022-yil dekabrida Mirziyoyev "O‘zbekiston tomonga qarata o‘q otmagan" Tolibon hukumati bilan hamkorlikka tayyor ekani"ni aytgandi.

O‘zbekiston tomoni Tolibon hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» transafg‘on temiryo‘l liniyasini qurish bo‘yicha toliblar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

O‘tgan yil iyulida «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi qiymati 4,6 mlrd dollardan 8,2 mlrd dollargacha baholanayotgan loyiha bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichi boshlanganini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston Tolibonning Afg‘oniston shimolidagi Qo‘shtepa kanali qurilishidan xavotir izhor qilgan, ayni paytda loyiha yuzasidan toliblar bilan hamkorlik qilishga hozirligini bildirgan. O‘tgan yil yozida ikki tomon vakillaridan iborat ishchi guruh tuzish yuzasidan muzokaralar borayotgani ma’lum qilingandi. Muzokaralar natijasi hozirgacha noma’lum.

Толибоннинг "ҳалокатли канали". Ўзбекистон нега жим?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:42 0:00

Ziddiyatli kanal qurilishining birinchi bosqichi yakunlangan, kanal to‘liq qurib bitkazilganida Afg‘oniston Amudaryodan 15 foizgacha suv olishi, bu esa O‘zbekiston va Turkmaniston uchun jiddiy muammo yaratishi aytiladi.

O‘tgan yil dekabrida ekologlar Qo‘shtepa kanalida yirik avariya yuz berganini aytishgan, ammo Tolibon buni rad etib chiqqandi.

XS
SM
MD
LG