Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:42

"O‘ldirmaguncha, ish ochmaymiz." Qirg‘izistonda erkak sobiq xotinining quloqlari va burnini kesib tashladi


Human Right Watch Qirg‘iziston hukumatini oiladagi zo‘ravonlikdan himoyani kuchaytirishga chaqirmoqda. Butun mamlakatni larzaga keltirgan voqea sababli huquq himoyachilari murojaat bilan chiqdi.

Bishkek chekkasida yashovchi bir erkak rashk tufayli sobiq xotinining quloqlari va burnini kesib tashladi. U 10 yoshli o‘g‘li uyda bo‘lganida sobiq xotiniga qarshi bu ishni qilgan. Avvalroq ayol muntazam kaltak va ta’qiblar tufayli politsiyaga bir necha bor murojaat qilgan, ammo natija bo‘lmagan. Ayanchli oqibatlardan so‘ng ichki ishlar vaziri ishni shaxsiy nazoratga oldi.

“Tushunaman, bu mening singlim, aqlimga sig‘dira olmayapman, qanday qilib axir? Qanday qilib kimningdir boshiga shu ish tushishi mumkin? Qanday qilib: quloqlarini, burnini kesib tashlash?!” – deydi jabrlanuvchining amakivachchasi Diana.

Aselning yaqinlari haligacha qizi va singlisi boshiga shunday kun tushganini internetdan bilib ishongilari kelmaydi. Shifokorlarning ta’kidlashicha, er sobiq xotinining qulog‘i va burnini shunchaki kesmagan, balki kesib olib tashlagan.

"Bizda shifokorlardagi kabi hech qanday prognoz yo‘q, – deydi Diana. – Chunki kesilgan organlar ildiz otgan yoki yo‘qligini bir kunda aniqlab bo‘lmaydi. Ikki-uch hafta davom etadi. Hammasi odamga, uning immunitetiga bog‘liq. Ular bizga hali hech narsa aytishmadi, faqat uning ahvoli barqaror og‘irligicha qolayotganini aytishdi".

Aselni qutqarish operatsiyasi sakkiz soat davom etdi. Guvohlarning aytishicha, ayol qo‘shnisi tufayli tirik qolgan. U qichqiriqni eshitib, politsiya chaqirgan. Yaqinlarining aytishicha, Aselning bo‘ynida pichoq bilan kesilgan jarohat ham bor. Arteriyaning shikastlanmay qolganini mo‘’jiza deb atashyapti.

36 yoshli qirg‘izistonlik ayolning yaqinlari fojia oldini olish mumkin bo‘lganiga ishonchlari komil. Ularning aytishicha, oiladagi zo‘ravonlik ancha oldin boshlangan va shu sababdan Asel besh yil avval turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan. Bu yillar davomida, uning aytishicha, eri uni ta’qib qilgan, kaltaklagan va zo‘rlagan.

"Har doim bir xil, – deydi Diana. – U singlimni kaltaklardi, singlim esa mahalliy politsiyaga qo‘ng‘iroq qilardi, ariza yozardi, uni olib ketib uch kunga qamab qo‘yishardi. Keyin qo‘yib yuborishardi. Ha, o‘ldirmaguncha, ish ochmaymiz, degandek."

Oxirgi marta ish sudga bordi. Aselning sobiq eriga 5 yil qamoq jazosi berildi, biroq sud uni 3 yil sinov muddati bilan ozod qildi. Endilikda bu qarorning qonuniyligi Oliy sud tomonidan baholanadi.

Qarorga rozi bo‘lmagan jabrlanuvchi Chuy viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Sud 2023-yil 27-sentabrga belgilangan. Mazkur ish uchun probatsion nazoratni qo‘llagan sudyaning harakatlariga tegishli baho beriladi.

Qirg‘iziston Oliy sudi matbuot xizmati rasmiy bayonot bilan chiqdi: “Rezonansdan so‘ng shaxsan ichki ishlar vaziri ushbu holatga e’tibor qaratdi. Militsiya oilaviy zo‘ravonlik holatlari oldini olishga katta e’tibor bermoqda. Bu yo‘nalishda faol ishlar olib borilmoqda. Oilalar xavfsizligini ta’minlash va “uyda zo‘ravonlik oldini olish” maqsadida barcha darajalarda choralar ko‘rilmoqda. Seleksiya qishlog‘ida sodir bo‘lgan jinoyatga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xolis va keng qamrovli tergov o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida bu ishni ichki ishlar vaziri, politsiya general-leytenanti Ulan Niyozbekov shaxsan nazoratga oldi”.

Yaqinlarining aytishicha, hozir ularni adolat emas, balki Aselning salomatligi qiziqtiradi. Qarindoshlari uning davolanishi uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda sahifa ochishdi. Qarindoshlarining aytishicha, ular jarohat oldidan ham, keyin ham uning yuzini atay yashirishmaydi. Asel Qirg‘izistonda oilaviy zo‘ravonlik qurbonlarining ramziga aylanishi kerak, deb hisoblamoqda oilasi.

2021-yili xalqaro indeksga ko‘ra, Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda ayollar uchun eng xavfli davlat deb topildi. Ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining yarmidan ko‘pi sudgacha yetib bormaydi.

Inson huquqlari faollari Human Right Watch rasmiylarni oiladagi zo‘ravonlik muammosini ikkinchi o‘ringa qo‘yishni bas qilishga va vaziyatni inqiroz deb tan olishga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG