Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:35

O‘lim savdogari. Urush hukmdori. Qurol savdosidagi McDonald’s: Viktor But kim?


Rossiyalik qurol sotuvchi Viktor But 2009-yilda Bangkokdagi Tailand sudida. Bir yil o‘tib u AQShga ekstraditsiya qilingan.
Rossiyalik qurol sotuvchi Viktor But 2009-yilda Bangkokdagi Tailand sudida. Bir yil o‘tib u AQShga ekstraditsiya qilingan.

Rossiya sudi AQShlik basketbol yulduzi Brittni Grinerni yonidan kannabis topilgani uchun to‘qqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilganidan so‘ng, ikki mamlakat o‘rtasida mahbuslar almashinuvi haqidagi gap-so‘zlar kuchaydi.

Brittni Griner, korporativ xavfsizlik xodimi Pol Uilan va o‘rta maktab o‘qituvchisi Mark Fogel hozirda Rossiyada panjara ortidagi eng taniqli amerikaliklardan. AQSh prezidenti Jo Bayden 4-avgust kuni Grinerga hukm chiqarilgandan so‘ng darhol bayonot berib, buni “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atadi.

Qo‘shma Shtatlardagi rossiyalik mahbuslar orasida 55 yoshli qurol sotuvchisi eng mashhurlaridan biri bo‘lib, u so‘nggi 10 yilni Illinoys shtatidagi federal qamoqxonada o‘tkazdi.

“O‘lim savdogari” laqabli rossiyalik jinoyatchi 2011-yilda amerikaliklarni o‘ldirish uchun til biriktirganlikda ayblanib, 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

O‘tgan hafta AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Griner va Uilan bilan bog‘liq almashinuv taklifini muhokama qildi. Blinken rossiyalik mahbuslarning nomini aytmadi, ammo Butning ismi potensial mahbuslar almashinuvi haqidagi mish-mishlar markazida tilga olindi.

But 1967-yilda Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida tug‘ilgan deb aytiladi. Uning otasi Anatoliy haqida aytarli narsa ma’lum emas. Uning onasi Raisa oxirgi marta 2021-yilda Bayden va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ochiq xat e’lon qilganida ko‘rinish bergan.

OAVda aytilishicha, But chet tillar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘rta maktabda o‘qigan. Keyinchalik, BMTning 2001-yilgi hisobotiga ko‘ra, u 1980-yillarning o‘rtalarida Moskvada joylashgan Sovet harbiy Chet tillari institutini, shuningdek, zobitlar, diplomatlar va josuslarni tayyorlash maktabini tugatgan. U portugal tilini ham o‘zlashtirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u poliglot, bir nechta tillarda ham gapira oladi. Sovet qurolli kuchlarida xizmat qilgan.

Viktor But 2010-yilda AQShga ekstraditsiya qilinishidan oldin Bangkok jinoyat ishlari sudida.
Viktor But 2010-yilda AQShga ekstraditsiya qilinishidan oldin Bangkok jinoyat ishlari sudida.

Kichik leytenant unvoni bilan o‘qishni tugatgan But 1990-yillarning boshida Rossiya kontingentida BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Angoladagi tinchlikparvar operatsiyalarda qatnashgan, deyiladi BMT hisobotida. U Mozambikda ham xizmat qilgan. U yerda tarjimon bo‘lib ishlagan. Uning Rossiya razvedka idoralarida ishlagani yoki yo‘qligi haqida ma’lumotlar yo‘q.

1990-yillarda But uzoq masofaga uchuvchi Antonov yuk samolyotlari yordamida yuk va odamlarni mojaro zonalariga tashish uchun aviakompaniya tashkil qildi. BMT hisobotiga ko‘ra, u Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan dunyodagi eng yirik xususiy Antonov samolyotlar kompaniyasini yuritgan.

“Menda hech qachon investorlar bo‘lmagan. Ammo, pul topish hech qachon qiyin bo‘lmagan”, degan But The New York Times gazetasiga 2003-yilda bergan intervyusida.

2007-yilda chop etilgan “O‘lim savdogarlari” kitobiga ko‘ra, But o‘z biznesini asosan sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi aerodromlarda qoldirilgan harbiy samolyotlarni sotib olish orqali qurgan.

Butning karyerasini o‘rgangan G‘arb razvedka ekspertlari va muxbirlarning ta’kidlashicha, uning avia biznesga kirishi Rossiyaning uyushgan jinoyat olami, Rossiya razvedka agentliklari yoki ikkalasi bilan bog‘liqligini ko‘rsatadigan eng kuchli dalillardan biri. But KGB yoki uning hozirgi vorisi bo‘lmish Federal xavfsizlik xizmati bilan aloqalarini rad etgan.

U xilma-xil yuklarni yetkazdi: ba’zan tinchlikparvar kuchlar, gumanitar yordam; ba’zan tijoriy yuklar masalan, Janubiy Afrika Gladiolus gullari, IKEA mebellari, qalamlar va muzlatilgan tovuqlar.

But shuningdek, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni mojaro zonalariga, ba’zan embargolar va xalqaro huquqqa zid ravishda yetkazib berib ancha tilga tushdi.

Butning tajribasi yuklarni Angola, Liberiya, Ruanda, Afg‘oniston va Kolumbiya kabi xavfli joylarga qonuniy yoki boshqa yo‘l bilan bo‘lsada etkazib bera oladigan ishonchli kuryerga aylantirdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, AQSh, Rossiya ham uning mijozlariga aylandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1990-yillarda But mashhur afg‘on partizanlari yetakchisi Ahmad Shoh Masud va Shimoliy alyansning Tolibonga qarshi kurashida yordam bergan. U BMT tinchlikparvar kuchlarini Somali va Sharqiy Timorga olib borgan. 11-sentabrdagi teraktlardan so‘ng u AQSh bilan Iroqqa yuklarni yetkazish bo‘yicha shartnoma tuzdi.

Butning Liberiyadagi faoliyati, u yerda urush qo‘mondoni va siyosatchi Charlz Teylor bilan yaqin aloqalari xalqaro institutlarga unga nisbatan bosim va cheklovlariga sabab bo‘ldi.

2002-yilda Belgiya Butni hibsga olishga buyruq beradi. But esa Rossiyaga qochadi. 2004- yilda AQSh G‘aznachilik departamenti unga qarshi sanksiya qo‘yib, uning ba’zi aktivlarini muzlatib qo‘yadi.

“Viktor But haqiqatan ham sanksiyalarni pisand qilmay, Angola va Syerra-Leonedagi isyonchilarni qurol-yarog‘ va boshqa moddiy-texnik ta’minot bilan ta’minlagan hamda xizmati evaziga olmoslar bilan chiqib ketgan o‘lim savdogari”, degan edi britaniyalik siyosatchi, Tashqi ishlar va Hamdo‘stlik vaziri Xayn 2000-yilda parlamentdagi nutqida.

“Qurol savdosidagi McDonald’s”- unga mutaxassislar tomonidan berilgan yana bir laqab. Bu laqab qurol-yarog‘ bozorida brend nomga aylangan.

Uning mashhurligi hatto kinoga ham ko‘chdi. Xalqaro qurol sotuvchisi haqida hikoya qiluvchi 2005-yilda suratga olingan “Lord of war”(Urush hukmdori) gollivud filmi Butning hayot yo‘liga asoslangani aytiladi.

AQSh Adliya departamentiga ko‘ra, 2007-yilning noyabridan 2008-yilning martiga qadar But Janubiy Amerikaga millionlab dollarlik qurol-aslaha yetkazib bergan, Qo‘shma Shtatlar tomonidan terrorchi tashkilot deb topilgan Kolumbiya Inqilobiy Qurolli Kuchlari partizan guruhini (FARC) qurol-yarog‘ bilan ta’minlagan.

2008-yil mart oyida But Bangkokga borib, u yerda o‘zini FARCga ko‘proq qurol jo‘natish uchun potensial broker sifatida ko‘rsatgan AQSh agentlari bilan uchrashadi. Shundan so‘ng But Tailand politsiyasi tomonidan hibsga olinadi va ikki yildan so‘ng – Rossiyaning noroziliklari ostida –AQSh fuqarolarini o‘ldirish uchun fitna uyushtirish ayblovi bilan sud qilish uchun AQShga ekstraditsiya qilindi.

2011-yil noyabr oyida But federal sudьya tomonidan barcha ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topildi. Tergov davomida uning sherigi Butga qarshi ko‘rsatma berdi hamda Viktor Butning ovozi yozib olingan qaydlarni taqdim etdi. Besh oydan keyin But 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Butning ta’kidlashicha, unga qarshi ish siyosiy sabablarga ko‘ra amalga oshirilgan.

2017-yilda qamoqxonadagi intervyuda But o‘zining aybsizligini, hech qanday jinoyat qilmaganligini ta’kidlagan.

“Hech qanday jinoyat bo‘lmagan! Bu ayblovlar shunchaki jinoyat haqidagi to‘qima xolos! Kelajakda sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat haqida. Bu xuddi ilmiy-fantastik filmga o‘xshaydi – siz kelajakdagi jinoyat uchun suddasiz. Sudda asosan meni xayolimda bo‘lgan narsada ayblashdi! Ularda hech qanday dalil yo‘q edi. Hech qanday jinoyat sodir etilmagan”, dedi u ilgari Russia Today deb nomlanuvchi davlat nazoratidagi OAVga.

Rossiya rasmiylari bu da’voni qo‘llab-quvvatladilar. Rossiya fuqarolarining bir qator hibsga olinishi va kompyuter jinoyatlari uchun ekstraditsiya qilinishidan so‘ng, Rossiya rasmiylari Qo‘shma Shtatlar butun dunyo bo‘ylab Rossiya fuqarolarini “ov qilmoqda” deb da’vo qildi va rossiyaliklarni chet elga sayohat qilishda ehtiyot bo‘lish haqida ogohlantirdi.

Butning rafiqasi Alla bir necha bor Rossiya axborot agentliklariga shikoyat qilib, eri AQShda bo‘lganida yomon munosabatda bo‘lganini ta’kidlagan.

Alla But
Alla But

Hukm chiqarilganidan beri Butning ismi Rossiya rasmiylari tomonidan turli chastota va intensivlik bilan AQShga almashtirilishi mumkin bo‘lgan nomzod sifatida tilga olindi.

Aprel oyida Qo‘shma Shtatlarda giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib sudlangan rossiyalik uchuvchi Konstantin Yaroshenko ozodlikka chiqdi, natijada sobiq amerikalik Trevor Rid ham ozod qilindi. Rossiya sudi tomonidan 2020-yilda politsiyachiga hujum qilganlikda ayblanib, to‘qqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingan dengiz piyodasi.

XS
SM
MD
LG