Линклар

Шошилинч хабар
13 июн 2021, Тошкент вақти: 13:30

“O‘lmas polk” bu yil ham onlayn o‘tadi. Jamoatchilik harakati qanday siyosiylashdi?


Prezident Putin Moskvadagi "O‘lmas polk" yurishida - 9 - may, 2018

“O‘lmas polk” butunrossiya aksiyasi koronavirus pandemiyasi sababli 2021 - yilda ham, o‘tgan yildagi kabi onlayn tarzda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Xohlovchilarni ro‘yxatga olish bugun, 7 - may kuni yakunlanadi.

“O‘lmas polk” ijtimoiy harakati 2012 - yilda tomsklik jurnalistlar tashabbusi bilan paydo bo‘lgan. O‘shanda 9 - may kuni ilk bor faxriylar portretlarini ko‘tarib olti mingdan ziyod kishi Tomsk ko‘chalari bo‘ylab yurish qilgan edi.

Kelasi yili harakatga Rossiyaning boshqa ko‘plab shaharlari, so‘ng yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar qo‘shildi.

“O‘lmas polk” bir xususiy yoki oilaviy voqea sifatida, har kim “o‘z” frontchisining, “o‘z” g‘olibining xotirasiga hurmat bajo keltirishi uchun bir vosita o‘laroq o‘ylab topilgandi. G‘alabaning 70 yillik yubileyida “O‘lmas polk” yuzlab shaharlarni – qariyb butun mamlakatni birlashtirib ulgurdi. Polkning turli mintaqalardagi muvofiqlashtiruvchilari yagona nizom ishlab chiqishdi, unda harakatning siyosiylashuviga va tijoriylashuviga yo‘l qo‘ymaslik asosiy talab qilib belgilangan edi.

Biroq Sibirda tug‘ilgan va xalqning o‘zidan chiqqan bu tashabbus davlat tuzilmalari tomonidan yil sayin ko‘proq monopollashtirilib, loyihaning asl mohiyati va g‘oyasi buzildi.

“Har xil gap-so‘zlar quloqqa chalina boshladi, arz-shikoyatlar ko‘paydi: odamlar ayrim shaharlarda ma’murlar xalqni yurishga majburan chiqarayotganidan, qo‘llariga avvaldan tayyorlab qo‘yilgan begona veteranlar portretini tutqazayotganidan, hamma narsani qat’iy qoidalashtirib, hatto qayerda va qanday yurishgacha ko‘rsatishayotganidan norozi bo‘lishardi. Ba’zi joylarda o‘z veterani portretini qo‘lidan kelgancha, “formatga zid” tarzda tayyorlagan kishilarni yurishga qo‘yishmaganidan xabar topdik. Xullas, hukumat xalqning ma’rakasiga ortiqcha aralashib ketib, o‘z ishtiroki bilan uni aynitdi. Ammo, baxtimizga, amaldorlar oshirib yuborishganini va shu zaylda davom etsa, yurishdan odamlar bezib qolishini tushunishdi shekilli, o‘zlarini chetga torta boshladilar”, deydi “O‘lmas polk” harakati g‘oyaviy ilhomchilaridan biri, jurnalist Sergey Lapenkov.

Sergeyning fikricha, ko‘cha yurishi beradigan kayfiyat va ruhni uning onlayn muqobili bilan solishtirib bo‘lmaydi, ammo pandemiya sharoitida odamlarni ko‘chalarga yopirilishdan to‘xtatib qolishning yagona to‘g‘ri echimi shu.

“Pandemiyaning avj pallasi o‘tib ketdi, demagan bo‘lardim. Yevropada hanuzgacha lokdaun, ochilsakmikan, yo‘qmi deb endi-endi o‘ylay boshlashdi. Hindistonda-chi, qarang, nimalar bo‘lmoqda? Yo‘q, gunohga botishni xohlamayman, undan ko‘ra sabr qilgan ma’qul. Eshitishimcha, ayrim shaharlarda yurish o‘rniga daraxt ko‘chatlari o‘tqazish yoki boshqa turli ommaviy aksiyalar taklif qilinayotgan ekan. Tomskda esa hatto odamlarga portret ko‘tarib chiqishga ruxsat berishganmish, saf bo‘lib yurishga emas lekin (Tomsk viloyati gubernatori Sergey Jvachkin aholi “Ulug‘ Vatan urushida qatnashgan o‘z ajdodining portretini ko‘tarib, shaharning katta ko‘chasi bo‘ylab mustaqil yurish qilishi uchun” 9 - may kuniga Lenin prospektini ochib qo‘ydi – Sibir.Realii izohi). Bu qarorni qoralamayman, ammo o‘zim bunaqa ishni tashkil qilmagan bo‘lardim. Xatarli”, deydi Lapenkov.

U joriy yil aprelida ijtimoiy harakat sayti www.moypolk.ru ga frontchilarning qarindoshlari va yaqinlari an’anaga ko‘ra o‘z veteranlari haqida hikoyalarni yuborishganini aytadi. Virtual “O‘lmas polk” arxivi shu tariqa to‘ldiriladi. Hozirda ushbu solnomaga salkam 800 ming ism va taqdir qayd qilingan.

UzBack to USSR? Совет даври Тошкент кўчаларига қайтди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:28 0:00

“2020 - yilda bunaqa hikoyalarning keti uzilgani yo‘q – bir-ikki oy ichida resursimizni bir necha yuz mingta hikoya bilan to‘ldirdik. Katta ehtimol bilan, mamlakat to‘liq lokdaun holatida bo‘lgani uchun shunday bo‘lgandir, chunki ko‘chaga chiqish mutlaqo mumkin emasdi-da. Lekin bu yil veteranlar haqidagi hikoyalar bitilgan maktublarni ko‘p olyapmiz, 9 - mayga dovur ularning barchasini saytga joylab ulgurish uchun ko‘ngillilarni jalb qildik”, deb so‘zida davom etadi Sergey Lapenkov.

Bu orada qariyb 600 ming nafar rossiyalik “O‘lmas polk onlayn” paradida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. Paradni “Rossiya O‘lmas polki” norasmiy davlat tashkiloti o‘tkazadi. Tadbir tashkilot saytida, shuningdek, mahalliy telekanallar hamda ijtimoiy tarmoqlarda translyatsiya qilinadi.

2020 - yilda “O‘lmas polk” onlayn paradida ishtirok etish uchun turli mamlakatlardan 3 mln.ga yaqin ariza tushgan, translyatsiya esa 20 kun davom etgandi. Uni butun dunyo bo‘ylab taxminan 25 mln kishi tomosha qilgan.

Mana, o‘tgan yilgi parad qanday o‘tgan (kichik videoparcha):

“O‘lmas polk”ning onlayn talqini ishtirokchilariga ko‘ra, bunaqa formatni “beradigan hissiyotlar haroratiga ko‘ra, ona shahring ko‘chalari bo‘ylab yurish qilish bilan taqqoslab bo‘lmaydi”, biroq ular uchun o‘z faxriylarini loaqal shu tarzda xotirlash muhim.

“Men jonli “O‘lmas polk”da ham qatnashganman. Bobom xotirasi uchun. Tishkin Pavel Yegorovich urushni boshidan oxirigacha boshdan kechirgan, Ikkinchi Belorussiya frontida artilleriya qurollari sozlovchisi, nishonga oluvchisi bo‘lgan, — deya o‘z hikoyasini bo‘lishadi omsklik Natalya Belotserkovets. — Oyimning aytishicha, bobom urush haqida sira gapirmas ekan, faqat Utyosovning plastinkalarini tinglarkan. Qirq yil burun o‘lgan. Jonli yurish — o‘ziga xos hissiy kechinmalar degani, albatta. Onlaynda ishtirok etish-etmaslikni esa har kim o‘zi hal qilsin, ammo pandemiya vaziyatida bu, nazarimda, yagona muqobil chora.”

Biroq ko‘p shaharlarda pandemiyaga qaramay turli ko‘cha kontsertlari va mitinglar o‘tkazilmoqda. Masalan, mart oyida Lujniki stadionida “Qrim bahori” bo‘lib o‘tdi.

“Bu yerda siyosat bilan ko‘ngilxushlik — hokimiyat qo‘lida bo‘lganlarning pullari va manfaatlari yotibdi, deb o‘ylayman, xuddi Kovid bilan o‘chakishgandek oflayn saylov o‘tkazishgani kabi... “O‘lmas polk”ning siyosat bilan qorishib ketishini istamagan bo‘lardim, menimcha, u butkul boshqa narsa, xalq harakati. Bilasizmi, gap faqat pandemiyada bo‘lmasligi ham mumkin. Ehtimol, onlayn format mamlakatdagi umumiy taranglik bilan bog‘liqdir: aholi ko‘p narsadan norozi — daromadlari kamayib ketdi, odatiy turmush tarzi izdan chiqdi (bu ham ko‘p jihatdan pandemiya oqibatlari, albatta). Kim bilsin, balki yurish mitingga aylanib ketishidan qo‘rqishayotgandir”, deydi Natalya.

“O‘lmas polk” yurishining boshqa bir qatnashchisi, irkutsklik Roman Antropov ham pandemiyani onlayn yurish tashkil qilinishining yagona sababi emas deb hisoblaydi.

“Hukumat “O‘lmas polk”ni “jilovlashga” harchand urinmasin, amaldorlar uni baribir nazorat qila olmaydi. Loyihani takrorlovchi hukumat saytlarini yaratishdi, qancha xato qilishdi, hatto reklama ola boshlashdi, ammo xalq baribir biladi jamoat polki qaerda‑yu davlatniki qayoqdaligini. Yurish masalasida ham shu gap, balki hozirgi norozilik kayfiyati ta’sirida odamlar “boshqacha” plakatlarni ko‘tarib chiqishidan cho‘chib turishgandir?! — deydi Antropov. — Chunki 9 - may rasmiy mitinglarini ular o‘zlari tashkil qilishadi-ku (Irkutskda ma’muriyat 9 - may kuni “Mangu olov” yodgorligi yonida jangovar harakatlar qatnashchilari, Irkutsk viloyati hukumati hamda shahar ma’muriyati vakillari ishtirokida miting”, shuningdek, beshta maydonda “ommaviy-madaniy tadbir” bo‘lishini xabar qildi — SR izohi). Hamma mulozimlar yig‘iladi, byudjetdan oylik oladiganlarni ham haydashsa kerak — bundan chiqadiki, ularning nazorati ostida to‘planish mumkin ekan-da?! Bu ikkiyuzlamachilik hiqildoqqa keldi allaqachon. Ammo men pandemiya davrida jonli yurish uyushtirishni yoqlamayman, tavakkal qilishning nima keragi bor?”

May oyi boshlarida “O‘lmas polk” loyihasi bilan u yoki bu qadar bog‘liq jinoyat ishlari ochilgani ma’lum bo‘ldi. Irkutsk viloyatida OMON natsizmni reabilitatsiya qilishda gumonlab o‘sha yerlik ikki kishini qo‘lga olgan. Tergov qo‘mitasi “O‘lmas polk onlayn” saytida natsistlar fotosuratlari e’lon qilingani uchun ish ochgan. Gumondagilardan biri 17, boshqasi 32 yoshda.

Tomsk viloyati Tergov qo‘mitasi Seversk yopiq shahrida istiqomat qiluvchi 17 yashar qizni “vandalizm”da ayblab jinoyat ishi ochdi. Qo‘mitaning da’vo qilishicha, u shaharda G‘alaba kuniga atab osilgan “O‘lmas polk” harakatiga oid to‘rtta bannerga qasddan zarar yetkazgan.

XS
SM
MD
LG