Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:51

O‘zbek-afg‘on chegarasi: Yuk mashinalariga ochiq, qochqinlarga yopiq


Hayratondagi "Do‘stlik" ko‘prigi- mart, 2016
Hayratondagi "Do‘stlik" ko‘prigi- mart, 2016

Afg‘onistondan yuk olib kirayotgan yoki O‘zbekistondan yuk olib chiqayotgan afg‘on tadbirkorlari uchun Surxondaryodagi chegara postlari ochiq qolmoqda.

O‘zbekiston Bojxona xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Mozori sharifdagi konsullikdan viza olgan afg‘onistonlik tadbirkorlar O‘zbekistonga kirib chiqishda davom etmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda ishlayotgan yoki bilim olayotgan afg‘onistonliklar ham chegaradan chiqarilishi mumkin, ammo qayta kirishi vaqtincha to‘xtatilgan.

Qo‘shni Afg‘onistonning O‘zbekistonga tutash 5 ta tumani markazi Toliblar nazoratiga o‘tganidan buyon, o‘zbek-afg‘on chegarasi yopib qo‘yilgan.

Bojxona va Chegara qo‘shinlari O‘zbekiston tomoni hozircha afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilayotgani yoki qilishi mumkinligi haqida ma’lumot bermadi.

Ammo, termizliklar o‘zbek-afg‘on chegara chizig‘idan 2 kilometr atrofidagi masofa ichkarisida qochqinlar uchun vaqtinchalik lager qurish davom etayotganini aytmoqda. Ozodlikka ma’lumot bergan norasmiy manbalarga ko‘ra, lager uchun 2 gektarga yaqin joy ajratilgan va qurilish ishlariga IIV hamda Mudofaa vazirligi tuzilmasidagi kuchlar jalb qilingan.


Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi Gulbahor mahalla fuqarolar yig‘ini hududida afg‘onistonlik qochqinlar uchun maxsus lager qurilayotgani aytilmoqda.

Ismini sir saqlash sharti bilan gaplashgan termizlikka ko‘ra, uning yaqini lagerda ishlagan va uning 2 gektar maydonda qurilayotganini aytgan:

“2 kuncha bo‘ldi gaplashganimga. Chegaradan 2 km berida palatka qurishibdi, kattaligi uyday keladi, dedi. Termiz tumanining Gulbahor qo‘rg‘onida, 2 gektarcha maydonda. Yaqinimiz faqat chodir tikibdi. U IIV tizimida ishlaydi. Endi boshqa bo‘linmalar borib, chodirlarni ichida yotishga, yashashga sharoit qilyapti, dedi. Lekin u hududga faqat maxsus ruxsat bilan kirishi mumkin, atrofini o‘rab olishgan”.

Ozodlik Termiz tumanida yashaydigan yana 2 kishidan shu mazmunda ma’lumot oldi. Bulardan biri, shaxsan o‘zi Gulbahor qo‘rg‘onida “10 ga yaqin katta-katta oq chodirlarni ko‘rgani”ni aytdi.

“Katta-katta oq chodirlar. Chegarani yonida, ochiq maydonda qurilgan. U tarafga umuman hech kimni kiritishmayapti, ishlagani kirganlar ham telefoni bilan kiritilmayapti”, dedi Termiz tumanidagi davlat idoralaridan birida ishlaydigan xodim.

Bunga qadar Eurasianet nashri mahalliy aholiga tayangan holda O‘zbekistonning Termiz shahri yaqinida qo‘shni Afg‘onistondan kelishi mumkin bo‘lgan qochqinlarni joylashtirish uchun chodirlar lageri barpo etildi, deb xabar qilgan.

3 - iyul kuni Afg‘onistondan O‘zbekistonga yagona rasmiy o‘tish joyi hisoblanuvchi «Hayraton» chegara punkti yaqinidagi hududga tashrif buyurgan termizlik jurnalist Abror Qurbonmurodov Eurasianet bilan suhbatda unga chodirlarni ko‘rishga ruxsat berishmagani, ammo xavfsizlik xizmatlari rasmiylari rostdan ham chodirlar lageri barpo etilganini tasdiqlaganini aytgan.

«[Davlat xavfsizlik xizmati] xodimi chodirlar favqulodda yoki kutilmagan hodisalarga hozir turish uchun tikilganini aytdi. Chodirlarda hali hech kim yo‘q», - deb aytgan Qurbonmurodov.

Termiz tumani hokimligi, Mudofaa vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari boshqarmalari bu chodirlar borasida Ozodlik savollarini ochiq qoldirdi.

O‘zbekiston 2005 - yilda Andijonda bo‘lgan qonli voqealardan so‘ng BMT Qochinqinlar bilan ishlash agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasini mamlakatdan chiqarib yuborgan edi. Bu agentlik shundan buyon mamlakatga qaytmadi.

Shu bois, ayni paytda O‘zbekistonda afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilish va ularni joylashtirish, shuningdek ularga BMT tomonidan boshpana berish tartibiga oid savollarni hukumat ochiq qoldirmoqda.

Lagerning paydo bo‘lishi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQShga bir haftalik xizmat safari bilan borgan bir kezga to‘g‘ri keldi. U Vashington rasmiylari bilan Toshkent Afg‘onistonda tez o‘zgarayotgan xavfsizlik vaziyatiga javob qaytarish masalasida qanday yordam berishi mumkinligi to‘g‘risida muzokara olib borgani aytilgan.

Bloomberg nashri 2 - iyul kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, prezident Jo Bayden ma’muriyati O‘zbekiston, shuningdek, Qozog‘iston va Tojikistonga AQSh harbiy kuchlari bilan hamkorlik qilgani uchun Tolibon qahriga uchrashi mumkin bo‘lgan 9 000 nafar afg‘onistonlikni vaqtincha o‘z hududiga kiritishni so‘ragan.

Ammo, 12 - iyul kuni prezident matubot kotibi Sherzod Asadov, AQSh hukumati tomonidan ham afg‘onistonlik askarlarni vaqtincha o‘zining hududida saqlab turish bo‘yicha O‘zbekistonga so‘rov yo‘llanmaganini bildirgan.

Uning ma’lum qilishicha, 23 - iyundan buyon Afg‘onistondan O‘zbekistonga 150 chog‘li harbiy qochib o‘tishga uringani, tegishli tergov va surishtiruv ishlari o‘tkazilganidan ular, xalqaro qonunchilikka muvofiq, o‘z davlatiga qaytarib yuborilganini, hech kimning chegarani buzib o‘tishiga yo‘l qo‘yilmasligini qayd etdi.

“Hozirgi kunda Afg‘onistonda bo‘layotgan to‘qnashuvlar bu, albatta, Afg‘onistonning ichki ishi”, deya urg‘uladi Sh. Asadov.

Мирзиёев ҳукумати ва Толибон мулоқоти. Ўзбекистон эртаси таҳликадами?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:18 0:00

O‘zbekiston tomoni shu yilning 19 - iyunidan koronavirus pandemiyasi yana kuchaymoqda, degan vaj bilan O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi vaqtincha yopilganini ma’lum qilgan.

Ammo, 16 - iyul kuni Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” bojxona punktidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yo‘l yuklar uchun yopilmagan.

O‘zbekistonning Afg‘oniston, Mozorif sharif shahridagi konsulligidan viza olgan afg‘onistonlik tadbirkorlar qisqa muddatga O‘zbekistonga yuk olib kirish va olib chiqishda davom etmoqdalar.

Termizliklarning aytishicha, shu kunlarda Termiz shahri va tumanida qolayotgan afg‘onistonliklar talaygina, ammo ularning asl soni haqida ma’lumot yo‘q.

Davlat idoralaridan birida ishlaydigan termizlikka ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng, Afg‘oniston bilan chegaralar ochilgach, Surxondaryoga kelib biznes qilayotgan yoki oliy ta’lim olayotgan afg‘onistonliklar ko‘paygan:

“Hozir ham Termiz tumanida afg‘onistonlik talabalar yotoqxonasida qolib ketgan yigit-qizlar bor. Ular ketolmadi, chegara yopilib qoldi. Keyin bizni tumanda bular ishga tushirgan fabrika bor, u yerdagi afg‘onistonliklar ham shu yerda. Termiz shahar markazida ham ko‘p qavatli uylarni ijaraga olib yashayotgan afg‘onistonlik oilalar bor”.

Bu termizlikning aytishicha, afg‘onistonlik aksar katta-kichik biznesmenlar, asosan O‘zbekistondan Afg‘onistonga tovar olib ketadi:

“Oddiy qatiq borku, suzma, ham deyishadi. Shuni mahalliy aholidan kilosini 7 - 8 ming so‘mdan olib, Afg‘onistonda 5 - 6 dollardan sotisharkan. Men shunday tadbirkor bilan yaqinda Toshkentga birga ketdim, taksida. Shularni gapirib berdi. Qarang, oddiy qatiq biznesi! Keyin, men dorixonada ham ishladim ma’lum muddat - o‘shanda ham ular rosa birinchi tibbiy yordamga kerak bo‘ladigan dorilarni olishardi - bosh og‘irig‘i, isitmaga ketadigan tabletkalar, svechalar, mazlar, shunaqa dorilar. Lekin, pulni ayamaydi ular, ularda pul ko‘p bo‘ladi”.

Surxondaryo viloyati janubdan Amudaryo bo‘ylab Afg‘oniston, shimoli-sharqdan Tojikiston, janub-g‘arbdan Turkmaniston chegaradosh.

Davlat bojxona qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, viloyatda jami 11 ta bojxona posti bor:

  • “Ayritom”, “Sariosiyo” va”Gulbahor” bojxona postlari ,
  • “Termiz aeroporti” chegara bojxona posti,
  • “Sariosiyo”, “Boldir”, “Amuzang” temir yo‘l chegara bojxona postlari,
  • “Termiz”, “Jarqo‘rg‘on”, “Denov” va “Daryo porti” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari

Bulardan “Ayritom” chegara bojxona posti, "Termez Kargo Centr” MChJ bojxona terminali hamda “Daryo porti” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti Afg‘oniston bilan savdo iqtisodiy munosabatlar hamda O‘zbekistonning eksport salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ikki davlat o‘rtasidagi chegaraning uzunligi 137 kilometrni tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG