Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:10

O‘zbek mulozimi Rossiyaning AES qurish loyihasi “juda qimmat” ekanidan bahs etdi


Prezidentlar Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev AES loyihasining ramziy ishga tushirilish marosimida. 2018-yil, sentabr.
Prezidentlar Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev AES loyihasining ramziy ishga tushirilish marosimida. 2018-yil, sentabr.

O‘zbekiston Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi bilan atom elektr stansiyasini (AES) qurish xarajatlarini maqbullashtirish bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Bu haqda energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

13-iyun kuni Toshkentda o‘tgan brifingda energetika mas’uli avval-boshdanoq Rossiya shirkati loyiha bo‘yicha strategik hamkor sifatida tanlangani va u bilan izlanishlar olib borilayotganini qayd etgan. U, ayni choqda, “ayrim masalalar mavjud”ligini tan olib, taklif etilayotgan loyiha qiymati yuqori ekaniga e’tibor qaratgan.

“Maydoncha tanlangan, stansiyaning texnologiyasi tanlangan, mana shu texnologiyani shu maydonga moslashtirish jarayonida kelib chiqqan qiymati bor. Qiymat bo‘yicha biz hozircha kelishuvga ega emasmiz. Chunki bizning nazarimizda bu juda qimmat. Loyihaning qiymatini optimallashtirish kerak”, deya vazir o‘rinbosarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Gazeta.uz nashri.

Xo‘jayev AES qurilishining iqtisodiy jihatlarini muhokama etar ekan, hukumatning pirovard maqsadi mahsulot birligi tannarxini pasaytirish ekanini qayd etgan.

“Oddiy qilib aytganda, AESda ishlab chiqarilgan energiya bizga qanchaga tushadi? Boshqa manbalarga nisbatan raqobatbardosh bo‘ladimi? Iqtisodiy jihatdan samarador bo‘lmasa, ma’no yo‘q. Agar yo‘q bo‘lsa, unda xulosa aniq. Ha bo‘lsa, biz buni amalga oshirishimiz kerak”, deydi u.

Mulozimga ko‘ra, AES qurish istagida bo‘lganlar ko‘p, biroq hamkor tanlashda nafaqat stansiya qurish omili, balki uning 50-60 yil ishlashi, tasarrufdan chiqarilishi va reaktiv chiqindilar qanday yo‘q qilinishi ham hisobga olinishi zarur.

Ziddiyatli loyiha

O‘zbekiston va Rossiya 2018-yil sentabrda AES qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolagan. Unga ko‘ra, “Rosatom” VVER-1200 reaktor qurilmasiga ega “3+” avloddagi ikkita energoblokdan iborat majmua quradi. Stansiya O‘zbekiston byudjet mablag‘i va Rossiya davlat krediti hisobidan qurilishi rejalashtirilgan.

Energetika vazirligi AES bloklari 2030-yilda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning 15-18 foizini qoplashiga va’da bergan. Yirik inshoot qurilishi uchun maqbul joy sifatida Jizzax viloyati Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydon tanlangan.
AES qurilishi borasida xabarlar paydo bo‘lgan ilk kezlardanoq jamoatchilik va ijtimoiy faollar loyihaning nechog‘li ekologik xavfsiz va seysmik bardoshli ekanini muhokama etib kelmoqda. Hamkor o‘laroq aynan Rossiyaning tanlangani ham e’tirozli savollar tug‘dirgani ma’lum.

Jamoatchilikning murojaatlariga javoban 2021-yil noyabr oyida tashqi ishlar vaziri (hozirda xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari) Abdulaziz Komilov AES qurilishi shaffoflik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilayotgani, nafaqat O‘zbekiston jamoatchiligi, balki qo‘shni davlatlar munosabati ham o‘rganilishiga ishontirgan.

Loyiha doirasida diplomatik tarangliklar kuzatilganini ham qayd etish joiz. 2019-yil oktabr oyida “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachev korporatsiya yil oxirigacha O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha asosiy shartnoma imzolanishini aytgan. Ammo bu hujjat hozirgacha imzolangani yo‘q.

2020-yili Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Vladimir Tyurdenev AES qurish bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi shartnoma deyarli tayyor holga kelgani, faqat texnik jihatlar qolgani haqida bayonot bergan. “O‘zatom” agenligi esa rus diplomatining bayonotini rad etib, hali kelishuvga erishilmaganini ma’lum qilgan.

2021-yil dekabrda Rossiyaning Toshkentdagi yangi elchisi Oleg Malьginov O‘zbekistonda AES qurilishidan xavotirda bo‘lgan va loyihaga qarshi chiqayotgan qo‘shni davlatlar borligidan bahs etdi.

“Raqobat bor, shuning uchun eng muhimi – kechikmaslik. Albatta, hamma narsani hisoblash kerak, lekin kechikish ham kerak emas. O‘ylaymanki, ikki davlat siyosatchilari buni tushunadi”, deya “kosa tagida nimkosa” qabilida bayonot bergandi o‘shanda rus elchisi.
Rasmiy Toshkent esa bu borada vazminlikni ma’qul ko‘rayotgandek. “O‘zatom” bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudovga ishonilsa, AESning birinchi bloki 2028-yilda, ikkinchi esa 2030-yilda ish tushiriladi.

XS
SM
MD
LG