Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 06:08

O‘zbek qizlari va Internet: UNICEF hisobotidagi raqamlar savollarni paydo qildi


BMT Bolalar jamg‘armasi o‘z hisobotini 11 - oktabr - Xalqaro qizlar kunida e’lon qildi.
BMT Bolalar jamg‘armasi o‘z hisobotini 11 - oktabr - Xalqaro qizlar kunida e’lon qildi.

Yoshi 14 bilan 30 orasidagi o‘zbekistonlik qizlar va yosh ayollarning 68 foizi turli sabablarga ko‘ra hech qachon Internetdan foydalanmagan.

Bu haqda Birlashgan Millatlar tashkiloti Bolalar jamg‘armasi -UNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘z tadqiqotlari natijalariga tayanib xabar qildi.

Xalqaro tashkilot e’lon qilgan ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommnikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan olingan ma’lumotlardan keskin farq qiladi.

Xalqaro tashkilotning tashvishli raqamlari

UNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mamlakatdagi bolalar va yoshlarning Internetdan foydalanish darajasiga oid tadqiqotining ayrim natijalarini o‘zining Telegram-kanalida Xalqaro qizlar kuni (11 - oktabr) e’lon qildi.

BMT Bolalar jamg‘armasi o‘z hisobotiga tayanib xabar qilishicha, o‘zbekistonlik qizlarning 43,5 foizida kompyuter savodxonligi yo‘q. Bu ko‘rsatkich o‘g‘il bolalarda biroz yaxshiroq. Ular orasida kompyuterdan foydalanishni bilmaydiganlar soni 30,0%.

Ayni paytda yoshi 14 dan 30 gacha bo‘lgan o‘zbekistonlik qizlar va yosh ayollarning 68 foizi hech qachon Internetdan foydalanmagan. Hisobot mualliflari fikricha, buning sabablari turlicha. Biroq “UNISEF O‘zbekiston” xabarida bu sabablar sanab o‘tilmagan.

Xalqaro qizlar kuniga 2011 - yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan asos solingan. Bu kun har yili 11 - oktabrda jahon bo‘yicha qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga e’tibor qaratish maqsadida nishonlanadi.

BMTga ko‘ra, bu muammolarga majburiy nikoh, ularning ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishlarini ta’minlash hamda zo‘rlash holatlari kiradi.

Vazirlikning optimistik raqamlari

Ayni paytda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, aholisi 35 mln kishilik O‘zbekistonda 22,6 mln kishi, ya’ni 60 foizdan ko‘prog‘i Internetdan foydalanadi, mobil abonentlar soni esa 27 millionga yetgan.

Xalqaro tashkilot raqamlari qanday paydo bo‘ldi?

“UNISEF-O‘zbekiston” tadqiqoti natijalari bilan vazirlik statistikasidagi farq nima bilan izohlanadi? O‘g‘il bolalar va yosh erkaklarning Internetdan foydalanish darajasi ham o‘rganilganmi? Tadqiqot qay usulda o‘tkazilgan?

Bu savollarini berish uchun Ozodlik “UNICEF-O‘zbekiston” matbuot xizmatiga qilgan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Tadqiqot qanday o‘tkazilganiga oid savol javobini xalqaro tashkilotning Telegram-kanalidagi xabarning ruscha versiyasidan topdik. Aytilishicha:

“Tadqiqot 2018 - yildan 2020 - yilgacha o‘tkazilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonning 12 viloyati, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashaydigan yoshi 14 dan 30 gacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etgan. Ma’lumotlarni to‘plash uchun aralash usuldan foydalanilgan, ya’ni 4458 respondentdan so‘rov hamda 24 fokus-guruhda muhokama o‘tkazilgan”.

Vazirlik: Ahvol unchalik abgor emas

Ozodlik Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatovga murojaat qilib, “UNICEF-O‘zbekiston” tadqiqoti natijalari hamda mamlakatning internetlashuvi darajasiga oid vazirlik saytida e’lon qilingan ma’lumotlarni sharhlab berishni so‘radi.

Sherzod Ahmatov xalqaro tashkilot hisobotidagi raqamlarga shubha bildirmagan holda, “ahvol hisobotda aytilganiday abgor emasligi”ni aytdi. “Har holda, hisobotni uni tayyorlagan tashkilot sharhlagani durust, lekin shuni ham aytishim kerakki, smartfonda u yoki bu messenjerdan foydalanish ham Internetdan foydalanishdir. Shu ma’noda, bugungi kunda ahvol u qadar abgor emas”, dedi vazirlik rasmiy vakili.

Sherzod Ahmatovning aytishicha, Internetdan foydalanish darajasi ayniqsa COVID pandemiyasi boshlanganidan buyon keskin ortib ketdi:

“Bugungi kunda har bir ota-ona maktabda o‘qiydigan bolasining qanday baho olayotganini kundalik.com saytidan kuzatib borish imkonini o‘rganyapti”.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatovga ko‘ra:

  • shu kungacha O‘zbekistonning aholi yashaydigan hududlaridan 98 foizi Internet bilan qamrab olingan;
  • butun mamlakat bo‘ylab maktabgacha ta’lim muassasalari, Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli tibbiyot muassalarining mutlaq hammasi optik tolali Internet bilan ta’minlangan;

ayni paytda

  • maktablar hozircha optik tolali Internet bilan 100 foiz ta’minlangan emas. Maktablarda bu ko‘rsatkich 95 foizni tashkil qiomoqda. Bu yil 31 - dekabrgacha maktablarni optik tolali Internet bilan ta’minlash ishi yakuniga etadi.

Internet tezligiga oid raqamlar

Axborot texnologiyalari yangiliklariga ixtisoslashgan terabayt.uz sayti shu yilning mayida Speedtest.net ma’lumotlariga tayanib, bir yil ichida O‘zbekistonda simli internet tezligi 1,5 barobarga (53,2 foizga) , ya’ni 2020 - yil maydagi 26,45 Mbit/soniyadan 40,54 Mbit/soniyagacha o‘sganligini, mobil internet tezligi esa, 2020 - yil maydagi 11,26 Mbit/soniyadan 18,56 Mbit/soniyagacha, ya’ni 64,8 foizga ko‘tarilganini xabar qilgan edi.

Raqamlari yaxshilangani bilan avtoritarligicha qolayotgan davlat

O‘zbekiston Internet erkinligi reytingida ham bu yil 2020 - yilga nisbatan bir pog‘ona yuqoriladi. Biroq hanuz Internet erkin bo‘lmagan avtoritar davlat sifatida qolmoqda.

AQShda joylashgan Freedom House inson huquqlari tashkiloti bu yilgi hisobotining O‘zbekistonga bag‘ishlangan qismida qayd etilishicha, Internet erkinligi reytingida 2020 - yilda 27-o‘rinda bo‘lgan bu davlat 2021 - yilda 28- o‘ringa ko‘tarildi.

“O‘zbekistonda Internet erkinligi, birinchi navbatda mamlakat bo‘ylab Internetga ulanish imkoniyati kengaytirilgani ortidan, bir oz o‘sgani kuzatildi. Biroq hukumat onlayn muhit ustidan nazoratni susaytirgani yo‘q. Hukumat veb-saytlarni blok qilish va tanqidchilarni qo‘lga olib, ularni uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilishda davom etmoqda”, - deyiladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG