Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:44

O‘zbek tili bayrami: "Rus tilini bilmaganim uchun o‘zbek rahbar meni ishga olmadi"


Toshkentdagi oziq-ovqat do‘konlaridan biri. Do‘kondagi yozuvlar rus tilida bitilgan.
Toshkentdagi oziq-ovqat do‘konlaridan biri. Do‘kondagi yozuvlar rus tilida bitilgan.

Prezidentlikka besh nomzoddan faqat bittasining saylovoldi dasturida o‘zbek tilining qo‘llanish doirasini kengaytirishga qaratilgan choralar rejasi mavjud. Boshqa to‘rt nomzod, jumladan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning dasturida ham til masalasi tilga olinmagan.

Besh nomzoddan birigina davlat tili bilan bog‘liq vaziyatga e’tibor qaratishi bu sohada muammo qolmagani belgisimi yoki boshqa to‘rt nomzodning tilga e’tiborsizligidan darakmi?

Bu savolni katta va kenja avlod vakillariga berdik. Suhbatdoshlarimizdan biri adabiyotshunos olim, professor, ikkinchisi Janubiy Koreyada o‘qiyotgan talaba, uchinchisi esa, rus tilida bexato gapira olmagani uchun o‘zbek rahbar tomonidan ishga olinmagan Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bitiruvchisi.

Bu yil ikkinchi marta o‘tkaziladigan O‘zbek tili bayrami kuni 24 - oktabrda o‘tkaziladigan Prezident saylovi arafasiga to‘g‘ri keldi. O‘zbekiston prezidenti 2020 - yili imzolagan qonun bilan 21 - oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilangan. Bu bayram “Davlat tili to‘g‘risida” qonunning 1989 - yilning 21 - oktabrida qabul qilingani bilan bog‘liq.

Nomzodning va’dasi

O‘zbekiston prezidentiligiga "Milliy Tiklanish" demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirov saylovoldi dasturida, agar saylanib qolguday bo‘lsa, “o‘zbek tilining keng qo‘llaniladigan, zamonaviy taraqqiyotga uyg‘un tilga aylanishi uchun huquqiy asoslar kuchaytirilijagini” va’da qilgan. Buning uchun, nomzod fikricha, mana bu choralar ko‘rilishi lozim:

  • o‘zbek tilida ish yuritadigan boshqa millatli fuqarolar maoshiga 25 foizgacha ustama to‘lanadi;
  • sohaga aloqador ilmiy adabiyotlardan birini o‘zbek tiliga tarjima qilish ilmiy unvon olishning sharti sifatida kiritiladi;
  • o‘zbek tilini bepul o‘rgatish kurslari uchun subsidiyalar ajaratiladi.

Boshqa 4 nomzodning saylovoldi dasturlarida til rivojiga qaratilgan hech qanday gap yo‘q.

"Millat o‘z tilini hurmat qilmayapti"

Adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshevning fikricha, nomzodlardan birining til masalasini o‘z saylovoldi dasturiga kiritganini qo‘llash kerak, biroq boshqalarining bu masalaga teginmagani fojia emas.

Fikrini davom ettirar ekan, professor bunday dedi:

"Chunki hukumat, mening nazarimda, til uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishning hammasini qildi. Qator farmonlar, qarorlar chiqarildi, davlat tilini bilmasa lavozimga qo‘ymaslik to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi. Katta-kichik tashkilotlarda boshliqning til bo‘yicha masalahatchilari degan lavozimlar paydo qilindi. Biroq o‘sha maslahatchilarga sarflanayotgan pullarning samarasi millatning tiliga, zehniyatiga ta’sir o‘tkazmayapti. Demak, gap jamiyatning, millatning o‘zida qoldi”.

Shuning uchun, professor Qozoqboy Yo‘ldoshevning fikricha, “til masalasini siyosiy sahnadan maishiy sahnaga tushirish vaqti keldi”:

Fojia shundaki, bir vaqtlar faqat ro‘zg‘or ichida qamalib qolgan o‘zbek tili aynan o‘sha yerda turtki yeyapti.

“Millat o‘z tilida savodli va ravon gapirishni bilmaydi. Bir zamonlar tilimiz ilmdan, siyosatdan, ishlab chiqarishdan surib chiqarilgan edi. Bugun tilimiz siyosatga bir qadar kirib keldi, ishlab chiqarishga kirib kelishi sust, ilmga ham chor-nochor kirib kelyapti. Fojia shundaki, bir vaqtlar faqat ro‘zg‘or ichida qamalib qolgan o‘zbek tili aynan o‘sha yerda turtki yeyapti. Millat o‘z tilini hurmat qilmayapti, demakki o‘zini hurmat qilmayapti. Millat o‘z so‘zi bilan o‘zganing so‘zi o‘rtasidagi farqni bilmaydigan bo‘lib qoldi”.

Qozoqboy Yo‘ldoshev prezidentlikka nomzodlardan biri bilan bog‘liq bir voqeani eslab, bunday dedi:

Masalaga 1937 - yilgi qo‘rquv bilan yondashish, genlarimizda aylanib yurgan bo‘lsa, buni tuzumdan emas, ichimizdan qidirishimiz kerak.

“Hozir prezidentlikka nomzod bo‘lgan deputat Vorisova bir zamonda idoralarda faqat o‘zbek tilida murojaat qilish mumkin, degan me’yorni kiritish kerak, degan taklifga bosh ko‘tarib, keskin qarshilik bildirib chiqqan edi. Boshqa millat vakillari nima qiladi, deb. Masalaga bunday, 1937 - yilgi qo‘rquv bilan yondashish, agar genlarimizda aylanib yurgan bo‘lsa, buni endi tuzumdan emas, idoradan emas, ichimizdan qidirishimiz kerak”.

"Til masalasi nomzod dasturiga kiritilgani - qonunning ishlamayotgani belgisi"

Janubiy Koreyadagi Kimyong (Keimyung) universiteti Turizm menejmenti fakulteti 3- bosqich talabasi Shahzod Turdiyevning fikricha, til masalasi nomzodlardan birining saylovoldi dasturidan joy olishi suyunadigan holat emas:

“Davlat tili to‘g‘risida‘‘gi qonun qabul qilinganidan 32 yil o‘tib ham bu masala prezidentlikka nomzodning dasturidan o‘rin oladigan darajada e’tiborga muhtojmi, demak bu til haligacha O‘zbekistonning davlat tili sifatida o‘zining munosib o‘rniga emas ekan”.

Koreyada o‘qiyotgan 23 yashar talaba Ozodlikka o‘z fikrlarini Telegram orqali bildirar ekan, O‘zbekistondagi hujjatlar tili masalasiga ham to‘xtalib, bunday yozdi:

Qonun yoki qarorlar birinchi rus tilida e’lon qilinadi.

“Qonun yoki qarorlar birinchi rus tilida e’lon qilinadi, davlat idoralarida o‘zbek tilini umuman bilmaydigan rusiyzabonlar hech qanday ‘‘yuzi qizarishsiz‘‘ ishlab kelishmoqda, vaholanki O‘zbekistonda yashayotgan har qanday millat vakili o‘zbek tilini bilishi kerak. Bu millatchilik emas, balki milliyatchilikdir. Har qanday boshqa davlatda o‘sha davlat qonunlari va tiliga hurmat ko‘rsatiladi, davlat idorasida albatta, so‘zsiz shu davlat tilida ish yuritiladi”.

Talaba Shahzod Turdiyevning fikricha, mana bunday holat ham mavjud:

Madaniyatlilik va qoloqlik rus tilini bilish- bilmasligiga qarab belgilanmoqda.

“Mamlakatda kishilar haligacha qishloqlik va shaharlikka ajratilmoqda, madaniyatlilik va qoloqlik rus tilini bilish- bilmasligiga qarab belgilanmoqda. Aslida hech qanday mezon bilan belgilash kerak emas, biz shaharlikmi yoki qishloqlikmi - hammamiz o‘zbekistonliklarmiz. Davlat idorasiga ishga kirishda yaxshiroq o‘rin rus tilini yaxshi biladigan yoki rusiyzabon fuqaroga beriladi”.

Shu o‘rinda yana bir yosh o‘zbekistonlikning 20 - oktabr kuni mavzu yuzasidan Ozodlikka yozgan xatidan uzunroq bir parchani keltiramiz.

"Ruschani bilmaganim uchun ishga qabul qilishmagan maktabda O‘zbek tili bayrami bo‘ldi"

Farg‘onaning So‘xida tug‘ilib o‘sgan 24 yashar Abdulloh Mo‘minzoda, o‘zining yozishicha, “millati tojik, tojik maktabini bitirgan, biroq o‘zbek tili va adabiyotiga qiziqishi tufayli” Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga o‘qishga kirib, muvaffaqiyatli bitirgan.

Quyida shu kunda ishsiz yurgan Abdullohning hikoyasi:

“Kecha (19 - oktabr – tahr.) O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Chilonzordagi (Toshkent) ...chi maktabga madaniy-ma’rifiy ishlar targ‘ibotchisi sifatida jo‘natilgan edim.

Maktab direktori o‘ris ekan, o‘zbek tilida yaxshi gaplashadi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari esa o‘zbek. U meni o‘rischa bilmasligimni iddao qilib, ishga olinmasligimni aytdi.

Direktor negadir menga imkon bergisi kelaverib, o‘rischada "Axir har bir o‘quvchimiz davlat tilini bilishi kerak, bu bola shoir bo‘lsa, tilga ham, adabiyotga ham qiziqtira olsa kerak" deb aytdi.

O‘ris tilini tushunaman, ammo kelishiklarini kelishtirib gapirolmayman, chunki o‘rislar bilan deyarli hamsuhbat bo‘lmasdim.

O‘ris direktor menga oliyjanoblik qilishga urinayotgan bir paytda o‘zbek ayolining meni rad qilayotgani hayratda qoldirdi.

O‘ris direktor menga oliyjanoblik qilishga urinayotgan bir paytda o‘zbek ayolining meni rad qilayotgani hayratda qoldirdi. Ingliz tilini bilishim ham hech qanday imkoniyat yarata olmas ekan.

Xullas, ikki kundan keyin javob berishlarini aytib, javobimni berishdi. Xonadan chiqarkanman, katta zalda boshlanayotgan qandaydir tadbir e’tiborimni tortdi.

Zalga kirib, bir chekkaga o‘tirdim. O‘quvchilar (qorako‘z o‘zbegi ham, sap-sariq o‘risi ham) o‘zbek tilida yodlangan matnlarni chaynab-chuvalab aytib berishyapti.

Qizig‘i shundaki, o‘risrang o‘quvchilar o‘zbek tilida adashmay gapirishar, qorako‘zlar esa, bir gapi ikkinchisiga bog‘lanmay, fikrini yo‘qotib qo‘yar edi.

Tadbirda eng ko‘p ta’kidlangan fikr "O‘zbekistonda yashayman desang, o‘zbek tilini o‘rgan" bo‘ldi”.

XS
SM
MD
LG