O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Afg‘onistonga insonparvarlik yordami, jumladan, oziq-ovqat va dori-darmon taqdim etildi, deya ma’lum qildi Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Insonparvarlik yordami yuki viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, Transport va Tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mutasaddilari tomonidan yetkazib berilgan.
Shuningdek, 9 vagondan iborat “Salomatlik” tibbiy-sanitar yordami doirasida 25-30-dekabr kunlari Balx viloyatida bir guruh aholi malakali shifokorlar tomonidan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Mazkur insonparvarlik yordami O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlarining uchrashuvida afg‘on xalqini O‘zbekiston shifokorlari tomonidan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda ko‘mak ko‘rsatish so‘roviga asosan amalga oshirilmoqda”, deyilgan viloyat hokimligi bildirgisida.
Ozodlik avval xabar qilganidek, O‘zbekiston rasmiylari “Tolibon” harakati vakillari 2021-yil 15-avgustida Kobulni egallab, hokimiyat tepasiga kelganidan bir oy o‘tar-o‘tmas Afg‘onistonga ilk insonparvarlik yordamini yo‘llagan.
O‘shandan buyon o‘tgan uch yildan ko‘proq vaqt mobaynida Toshkent toliblarga bir necha bor gumanitar yuk jo‘natgani ma’lum.
Jumladan, joriy yil 25-aprel kuni ham Surxondaryodan Balxga qariyb 170 tonnalik insonparvarlik yordami ortilgan karvon yetib borgandi.