Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 12:46

O‘zbekiston aholisi uchun kunlik oziq-ovqat me’yori belgilandi - u 5600 so‘mdan 5 barobar ko‘p


Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, sog‘lom yashash uchun har bir o‘zbekistonlik 60 gr. mol go‘shti, 30 gr. qo‘y go‘shti, 25 gr. quyon go‘shti, 70 gr. parranda go‘shti, 35 gr. baliq yeyishi kerak. Unisi yoki bunisini emas, hammasini.

Bulardan tashqari, vazirlik tavsiya qilgan ro‘yxatda jami 42 turdagi oziq-ovqat mahsuloti bor. Vazirlik bir kishi bir kunda yeyishi lozim, deb hisoblaydigan mahsulotlarning umumiy narxi qariyb 30 ming so‘mni tashkil qildi.

Kunlik ratsional ovqatlanish normativlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy oyda belgiladi.

Tibbiyot xodimi va iqtisodchi olimning fikricha, hukumat iste’mol me’yorlariga oid tavsiyadan ko‘ra, ko‘proq iste’mol savati to‘g‘risida bosh qotirishi kerak.

Aholining yoshi, jinsi va kasbiga qarab sog‘lom ovqatlanishini ta’minlashga oid o‘rtacha kunlik ratsional ovqatlanish normativlari to‘g‘risidagi qarorni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i B.K. Yusupaliyev 17 - dekabrda imzoladi.

Mazkur hujjat bilan aynan shu masalaga oid bundan 19 yil oldingi qaror bekor qilindi.

Kasbga qarab energiya sarfi va sarfga qarab ovqat miqdori

Vazirlik ovqatlanish me’yorlarini belgilar ekan, mehnatga layoqatsizlarni alohida guruh sifatida belgilab, mehnatga layoqatlilarni esa, 5 guruhga bo‘lgan.

Masalan, mehnatga layoqatlilarning II guruhiga haydovchilar, konveyer ishchilari, tikuvchilar, savdo xodimlari, radioelektron sanoati ishchilari, agronomlar, hamshiralar, kichik tibbiy xodimlar, aloqalar sohasida xizmat ko‘rsatuvchilar kirgan. Bular, hujjatga ko‘ra, bir kunda 2100 — 2800 kilokaloriya sarflaydi.

Yoki I guruhga kiritilgan o‘qituvchilar 1800 — 2450 kilokaloriya sarflashi hujjatdan ma’lum bo‘ladi.

Hujjatda har bir guruhga kiruvchilar bir kunda nima va qancha iste’mol qilishi kerakligi grammlarda belgilab qo‘yilgan.

Qarordan olingan quyidagi ko‘chirmada II guruhga kiruvchi yoshi 18 dan 59 gacha bo‘lgan erkaklar iste’mol qilishi kerak bo‘lgan mahsulotlar nomi va ularning grammlardagi miqdori ko‘rsatilgan.

Dukkaklilar 20
Bug‘doy uni 25
Guruch 55
Yorma (guruchdan tashqari) 30
Bug‘doy non 250
Javdar non 80
Makaronlar 55
Kartoshka 250
Karam 55
Bodring 50
Pomidor 60
Lavlagi 40
Sabzi 50
Piyoz 40
Boshqa sabzavot 70
Poliz mahsulotlari 60
Qovoq 40
Mevalar 250
Quritilgan 25
Uzum 40
Sitrus 10
Mol go‘shti 60
Qo‘y go‘shti 30
Quyon go‘shti 25
Parranda 70
Baliq 35
Baliq mahsulotlari 30
Sut 400
Smetana, qaymoq 20
Sariyog‘ 30
Tvorog 40
Pishloq 20
Tuxum (dona) 1,0
Shakar 30
Asal 25
Margarin 5
O‘simlik moyi 35
Yodlangan tuz 5
Choy 2
Kofe 2
Tomat pasta 4
Ziravorlar 2

Barcha guruhlar uchun tavsiyalar bilan mana bu joyda tanishish mumkin.

Odamlar, odatda, oldiga 42 mahsulotdan iborat ro‘yxatni qo‘yib olib ovqatlanmaydi. Bas, shunday ekan, bunday tavsiyaning ilmiy qadridan boshqa amaliy ahamiyati nimada? Bu savollarga Ozodlik Sog‘liqni saqlash vazirligidan javob ololmadi.

Qarorning o‘zida ham bu me’yorlarni belgilashdan maqsad nima ekanligi aniq yozilmagan.

Shunchaki navbatdagi qaror?

Ismi aytilmasligini so‘ragan farg‘onalik terapevt-vrach qaror yuzasidan fikr bildirar ekan, “e’tibor bermang, buyam ko‘plab qarorlar qatoridagi yana bir qaror xolos”, dedi.

Qarorda belgilangan me’yorlarni vrachlar aholi o‘rtasida targ‘ib qilishga jalb qilinadimi, degan savolga andijonlik vrach Otabek Ahliddinov “Bunday targ‘ibot buyurilgani to‘g‘risida hech qachon eshitgan emasman. Biroq vazirning boshqa bir qarori bor, parhezga rioya qilishni tavsiya qilish to‘g‘risida”, dedi.

Bir kishining bir kunlik yeguligi necha pulga tushdi?

Ozodlik SSV qarorida tavsiya qilingan mahsulotlarning shu kundagi o‘rtacha chakana narxlaridan kelib chiqib, bir kishining bir kunlik oziq-ovqati necha pulga tushishini hisoblab ko‘rdi.

Quyida keltirilgan ma’lumotda mahsulot nomi, uning vazirlik bir kunlik iste’mol uchun tavsiya qilgan miqdori, mahsulotning shu kundagi o‘rtacha narxi (1 kilosi yoki donasi) hamda tavsiya qilingan miqdorning narxi keltirilgan.

Dukkaklilar 20 gr - 14000s- 280 s
Bug‘doy uni- 20gr- 4000s - 800s
Guruch -55gr- 14000s - 770s
Yorma 30gr- 5000s - 150s
Bug‘doy noni 250gr -1700s - 425s
Javdar non 80gr. 4000s - 320s
Makaron 55gr -7000s- 385s
Kartoshka 250 gr - 4000s- 1000s
Karam 55gr- 3000s - 165s
Bodring 50gr- 2000s -100 s
Pomidor 60gr - 10000s-- 600s
Lavlagi 40gr- 2000s --80s
Sabzi 50gr --1000s-- 50s
Piyoz 40gr--1500s-- 60s
Boshqa sabzavot 70gr--6000s – 420s
Poliz maxsulotlari 60gr- 7000s- 420s
Qovoq 40gr - 4000s - 160s
Mevalar 250gr- 10000s--2500s
Kuritilgan 25gr--25000s - 625s
Uzum 40--10000s-- 400s
Sitrus--10gr-10000s- 100s
Mol go‘shti 60gr-60000s - 3600s
Qo‘y go‘shti 30gr--65000s--1950s
Quyon go‘shti 25gr--30000s--750s
Parranda 70gr-15000s--1050s
Baliq 35gr--30000s--1050s

Baliq mahsulotlari-30gr--30000s - 900s
Sut 400gr---5000s--2000s
Smetana, qaymoq 20gr--7000s--140s
Sariyog‘--30gr---30000s--900s
Tvorog 40gr--7000s - 280s
Pishloq 20gr--10000s - 200s
Tuxum-(dona)-1,0 - 1000s
Shakar 30gr--7500s--225s
Asal 25gr---70000s - 1750s
Margarin 5gr---20000s - 100s
O‘simlik yog‘i 35gr--14000s - 490s
Yod.tuz 5gr-----
Choy 2gr - 30000s - 60s
Kofe 2gr- 60000s - 120s
Tomat pasta - 4gr- 21000s- 840s
Ziravor- 2 gr - 10000s - 200s

Jami: 27 475 so‘m

Shunday qilib, SSV bir kishiga bir kunda iste’mol qilishni tavsiya qilayotgan mahsulotlarning jami narxi 27 475 so‘mni tashkil qildi.

Bu raqam Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning 5600 so‘m haqidagi so‘zlariga o‘zbekistonliklar keskin e’tiroz bildirishi bejiz bo‘lmaganini yana bir bor ochiqlab qo‘ydi.

Mulozim xalqaro moliya tashkilotlari tilida “qashshoqlik” ifodasi qo‘llanadigan O‘zbekistondagi kambag‘allikning milliy chegarasi haqida gapirarkan, Jahon Banki belgilagan kambag‘allik chegarasiga nisbatan xarid qobiliyati pariteti aynan 5600 so‘mga to‘g‘ri kelishini aytgan, “Agar siz bir kunda jon boshiga 5600 so‘mdan ko‘p daromad qilsangiz, demak, kambag‘al oilaga kirmaysiz”, - degan edi.

SSV tavsiya qilgan iste’mol me’yorlari Iste’mol savatchasimi?

Iqtisodiyot fanlari doktori Xidirnazar Allaqulovning 28 - dekabrda Ozodlikka aytishicha, SSV tavsiyasi Iste’mol savatchasi emas, shunchaki “foydali maslahat”dir. Chunki bu tavsiyani berar ekan, hukumat o‘z zimmasiga hech qanday majburiyat olmaydi. “Iste’mol savatchasi” esa, hukumatga majburiyat yuklaydigan tushunchadir.

“Shu kungacha O‘zbekistonda “Iste’mol savatchasi” degan institut kiritilgani yo‘q. Chunki iqtisodiyot shunchalik qoloq va xarob holatdaki, “Iste’mol savatchasi”ni davlat ta’minlay olmaydi, binobarin, hozircha bunday qonunni qabul qila olmaydi”, - dedi Xidirnazar Allaqulov.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017- yilning dekabrida Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida “kambag‘allik chegarasini ishlab chiqish”ning boshqa mexanizmi – “iste’mol savatchasi” tushunchasini kiritishni taklif qilar ekan, bunday degan:

“Biz ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholining munosib hayot darajasi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha “iste’mol savatchasi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda ta’minlash mexanizmlarini yaratishimiz lozim”.

Lekin hanuzgacha bu masala hal bo‘lgan emas.

Ochlik indeksi hisobotida O‘zbekiston

Global ochlik indeksining o‘tgan oyda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 107 ta davlat orasida 30-o‘rinni egallagan. O‘zbekiston 6,7 ball to‘plab, oziq-ovqat taqchilligi darajasi past bo‘lgan 47 davlat qatoriga qo‘shildi.

Qiyoslash uchun: Qozog‘iston 21-o‘rinda (5,4 ball),, Armaniston 31-(6,9 ball), Qirg‘iziston 42-(8,4 ball), Turkmaniston 52- o‘rinda (11,1 ball).

Ochlik bo‘yicha vaziyat 100 ballik shkala bilan o‘lchanadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan, ya’ni ochlik yo‘q davlat 0 bilan, eng yomon natija ko‘rsatgan davlat 'esa 100 ball bilan baholanadi.

XS
SM
MD
LG