Линклар

Шошилинч хабар
13 сентябр 2024, Тошкент вақти: 23:50

O‘zbekiston: Davlat OAVlari jim, tarmoqlar "qozoq bovurlar"ni ehtiyotkorona olqishlamoqda


Qozog‘istondagi namoyishlar manzarasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqani e’lon qilindi.
Qozog‘istondagi namoyishlar manzarasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqani e’lon qilindi.

O‘zbekiston hukumati Qozog‘istondagi voqealarga rasmiy munosabat bildirganicha yo‘q.

Namoyishlar qo‘shni mamlakatning deyarli barcha hududlariga yoyilgan 5 - yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati Prezident Shavkat Mirziyoyevning qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqanini e’lon qildi.

Ayni paytda hukumat nashrlari va davlat televideniyesi Qozog‘istonda 2 - yanvar kuni boshlangan va hukumat iste’fosiga olib kelgan ommaviy namoyishlar haqida sukut saqlamoqda.

Hukumat nashrlari – “Yangi O‘zbekiston” va “Xalq so‘zi” gazetalarining 4 - yanvar sonida Qozog‘istondagi namoyishlar xususida bir satr ham xabar berilmagan.

O‘zbekiston milliy axborot agentligi saytida “Qozog‘iston prezidenti hukumat iste’fosini qabul qildi” sarlavhali qisqa xabar e’lon qilindi. Unda Qozog‘istonda gaz narxining birdaniga ikki barobarga oshirilishi aholi uchun “syurpriz” bo‘lgani qayd etiladi.

“Ilgari “o‘ynashmagin arbob bilan...” degan naql bo‘lar edi, endi “o‘ynashmagin narx-navo bilan” degan ibora ushbu naqlning zamonaviy ko‘rinishiga aylandi chog‘i”, – deb yozadi agentlik.

Nisbatan erkin deb baholanadigan elektron nashrlarda ham “gaz g‘alayonlari” ehtiyotkorlik bilan yoritilayotgani kuzatiladi.

Kun.uz” nashri Mang‘istaudagi norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shilgani, buning ortidan hukumat tarqatib yuborilgani haqida xabar berdi.


Qalampir.uz” sayti “Uzbekistan Airways” shirkati tobora olovlangan namoyishlar ortidan Qozog‘istonning Aqtau shahriga parvozlarni bekor qilganini ma’lum qildi.

Daryo.uz” nashri “Qozog‘istonda gaz narxining oshirilishiga qarshi namoyishlarda odamlar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatildi. Hukumat internetni blokladi” sarlavhali katta material chop etdi.

"Qozoq bovurlarning jasorati"

Ijtimoiy tarmoqlarda faol ayrim blogerlar ham qo‘shni mamlakatdagi g‘alayonlar yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov namoyishlarda Nursulton Nazarboyevning hissasi haqida yozar ekan, Kreml omilini ham unutmaslik kerakligini uqtiradi.

“Gaz narxining Nazarboyevga ne aloqasi bor dersiz? Bor aloqasi. Gaz monopolisti “Kaztransgaz”ga Dariga Nazarboyevaning fuqaroviy eri Qayrat Sharipbayev boshchilik qiladi. Hech bir muloqot va kelishuvlarsiz gaz narxini oshirish harakatida xalq Nazarboyevning qo‘lini ko‘ryapti. Bo‘layotgan voqealarda albatta ichki omil va yo‘l qo‘yilgan xatolar asosiy, lekin tashqi triggerni esdan chiqarmaslik lozim. Kreml nazorati ostidagi OAVlar, garchi Rossiyada uzun ta’til bo‘lishiga qaramay, voqealarni faol, hatto ishtiyoq bilan yoritayotgani sergaklantiradi. Do‘st va birodar qozoq xalqi va rahbariyati tashqi kuchlar tashviqoti va ta’sirisiz o‘zaro muloqot va kompromiss yo‘lini topa oladi”, – deya ishonch bildiradi Bakirov.

Huquqiy mavzuga ixtisoslashgan bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham namoyishlar tashqi g‘animga qo‘l kelishi ehtimolidan bahs etdi.

“Qo‘shni qardosh qozoq xalqiga tinchlik tilayman. Ko‘tarilgan masalalar tezroq o‘z echimini topib, tashqi dushmanlarga qo‘l keladigan urush-janjallar barham topsin, deymiz. Chunki Qozog‘istondagi voqealarni ayrim davlatdagi OAVlar shubhali tarzda juda faol yoritib bormoqda. O‘sha davlatdagi (nomini aytmasam ham bildingiz) ayrim “siyosatchilar” esa Qozog‘iston hududidagi o‘z millatdoshlarini qutqarish, buning uchun o‘sha davlatdagi yerlarni ajratib olish haqida muhokamalarni boshlab yuborgan”, – deydi bloger.

Tahlilchi Sardor Salim qozog‘istonliklarning haq-huquqini talab qilib namoyishga chiqqanini jasorat o‘laroq baholadi.
“Qozoq bovurlarimizning jasoratini o‘zbeklar muayyan xayrixohlik va intizorlik bilan kuzatyapti. Afsus, bunday g‘alayonlar yaxshilik bilan tugamaydi, na qozoqlarda, na bizda. Nega? Barcha siyosiy inqiloblar, aslida, va avvalo, ma’naviy inqilob bo‘lgan: odamlar haqni istagan va yo‘l-yo‘lakay erkinlik va farovonlikka ham erishgan. Ongimizda mana shu “ma’naviy inqilob”ni boshlamasdan siyosiy inqilobga qo‘l urib bo‘lmaydi. Aks holda, bir zulm boshqa turdagi zulm bilan almashadi, xolos. Stanislav Lets aytganidek, boshingni uraverib, qamoqdagi kamera devorini o‘pirding ham deylik. Qo‘shni kamerada senga nima bor? Qirg‘iziston bunga yaqqol misol”, – deb yozadi S.Salim.

Ijtimoiy tarmoqda “Mufasa” taxallusi bilan tanilgan Mirsaid Haydarov ham qo‘shnilarga hurmat ruhida postlar chop etdi.

“Namoyishchilarning talablari qondirilib, gaz narxi tushgan va hattoki hukumat iste’foga chiqqan bo‘lsa-da, ularda to‘xtash niyati yo‘q. “Chol”ning ketishini talab qilishmoqda. Xalq to‘ygan, endi hech qanday oldi-qochdi va’dalarga ishonish niyati yo‘q. Qozoq eli, sizlarga respekt!” – deb hayajonli mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi u.

Mufasa, shuningdek, Nazarboyevning "cho‘ntak oligarxlari" mamlakatni tark etayotgani, xususan, o‘zbek milliarderi Patox Shodiyev xususiy samolyotida uchib ketganini xabar qilgan.
Bloger va sharhlovchi Nurbek Alimovga ko‘ra, Qozog‘istonda hokimiyat jilovi hali-hanuz prezident Qasim-Jomart Toqayev qo‘lida emas.

“Aslida uning qo‘lida ham emas hamma richaglar. U hozircha qabul qilish mumkin bo‘lgan eng to‘g‘ri qarorlarni qabul qildi. Shu bilan bu voqealar asta o‘z inersiyasini yo‘qotsa ajab emas”, – deb yozadi tahlilchi.

Muallif qo‘shni o‘lkadagi g‘alayonlar O‘zbekiston uchun qay jihati bilan muhim ekani masalasiga ham oydinlik kiritgan.
“O‘zbekiston uchun ham yon qo‘shni davlatda bunday g‘alayonlar kuch ishlatilishiga aylanib ketmasligi muhim. Bundan tashqari, xatolar qilib to‘g‘rilagandan ko‘ra, boshqalarning xatolarini to‘g‘ri analiz qilib, ularni takrorlamasligimiz, bizning hukumat uchun ham go‘zal ish bo‘lardi”, – deb xulosa qiladi N.Alimov.

XS
SM
MD
LG